Mustaqillik yillarida ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyot
Jamiyat ma’naviyati mamlakat barqarorligi va taraqqiyotinig muhim sharti va kafolatidir. Biron-bir mamlakat o’z ma’naviy imkoniyatlarini, odamlar ongida ma’naviy va axloqiy qadriyatlarni rivojlantirmay, xalqning milliy ruhini uyg’otmay va mustahkamlamay turib yuksak taraqqiyot darajasiga ko’tarila olmaydi. Shuning uchun ham jamiyat ma’naviyatini yuksaltirish O’zbekiston taraqqiyotining ustivor yo’nalishi deb belgilandi. Tarixdan ma’lumki, mamlakatimiz bir necha bor ajnabiy bosqinchilar hujumiga duchor bo’lgan, qaramlik va zulm ostida qolgan. Buning oqibatida xalqimizning boy ma’naviy merosi, urf-odatlari qadrsizlanishga mahkum bo’lgan. Ayniqsa, chor mustamlakachiligi va sovetlar tuzumi davrida milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz oyoq osti qilindi. Ona tilimiz, boy ma’naviy merosimiz qadrsizlantirildi, ko’plab masjidu-madrasalar, milliy maktablar, tarixiy yodgorliklar buzildi, qarovsiz qoldi. O’zbekiston davlat mustaqilligini qo’lga kiritgan kundan boshlaboq mamlakatimizda boy ma’naviy merosimizni tiklash va rivojlantirish, jamiyat ma’naviyatini yuksaltirish davlat siyosati darajasiga ko’tarildi. Jamiyat ma’naviyatini tiklash va yuksaltirishni ta’minlovchi ma’naviy-ma’rifiy islohotlarning yo’nalishlari belgilab olindi. «Moddiy islohotlar, iqtisodiy islohotlar o’z yo’liga. Ularni hal qilish mumkin. Xalqning ta’minotini ham amallab turish mumkin. Ammo, ma’naviy islohotlar – qullik va mutelik iskanjasidan ozod bo’lish, qadni baland tutish, ota-bobalarimizning udumlarini tiklab, ularga munosib voris bo’lish - bundan og’irroq va bundan sharafliroq vazifa yo’q bu dunyoda». Karimov I.A. O’zbekiston: milliy istiqlol, iqtisod, siyosat, mafkura. T. 1, 202-bet. Mustaqillik yillarida boy ma’naviy merosimizni tiklash tadbirlari amalgam oshirildi. Milliy madaniyatimizga, jahon tsivilizatsiyasi taraqqiyotiga buyuk hissa qo’shgan bobolarimiz-Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband, Xo’ja Ahmad Yassaviy, Al-Xorazmiy, Al-Farg’oniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug’bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur va boshqa ko’plab ajdodlarimizning milliy va ma’naviy merosi xalqimizga qaytarildi, tavallud topgan kunlari butun mamlakat bo’yicha nishonlandi, ruhlari shod etildi, asarlari nashr etildi. Ularning ma’naviy merosi bugungi kunda xalqimizga yangi jamiyat qurishda ma’naviy kuch-qudrat bag’ishlamoqda, jamiyatimizni ma’naviy yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Jamiyat ma’naviyatini yuksaltirishda tarixiy xotira, ajdodlar tarixini bilish, milliy axloqiy qadriyat hamda an’analar va muqaddas dinimizning o’rni va ahamiyati katta. Biron-bir xalq o’z tarixini bilmay, asrlar osha yaratilgan ma’naviy merosga tayanmay va uni yanada rivojlantirmay turib o’z kelajagini tasavvur eta olmaydi. Shu bois mustabid tuzum davrida soxtalashtirilgan xalqimiz tarixini xolisona, haqqoniy yoritish, barcha o’quv maskanlarida Vatan tarixini o’qitish borasida muhim tadbirlar amalga oshirildi. O’zbek xalqi va o’zbek davlatchiligi tarixini, tariximizning boshqa sahifalarini xolisona ilmiy asosda yoritish vazifalari Prezident I.A.Karimovning bir guruh tarixchilar bilan 1998 yil iyun oyida bo’lgan suhbatida, Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 27 iyulda qabul qilingan «O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tarix instituti faoliyatini takomillashtirish to’g’risida»gi qarorida belgilab berildi. Mustaqillik yillarida Vatanimiz tarixini yoritish va o’rganish masalalari partiyaviylik, sinfiylik yondashuvlardan, hukmron kommunistik mafkura ta’siridan xalos etildi. Necha 10 yillar davomida buzib ko’rsatilgan yoki so’z yuritilmay kelgan tarixiy voqealarni xolislik, tarixiylik, haqqoniylik tamoyillari asosida yoritilgan qator ilmiy asarlar, darsliklar va o’quv adabiyotlari yaratildi. Prezident Farmoni bilan 1996 yil Amir Temur yili deb e’lon qilindi. Amir Temur tavalludining 660 yilligini nishonlashga bag’ishlangan tadbirlar O’zbekistonda, dunyoning 50 dan ortiq mamlakatlarida o’tkazildi. YuNESKO qarori bilan Sohibqiron yubileyi jahon miqyosida nishonlandi. Parijda Amir Temurga bag’ishlangan madaniyat haftaligi, «Temuriylar davrida fan, madani yat va maorifning gullab yashnashi» mavzuida xalqaro konferentsiya va ko’rgazmalar bo’lib o’tdi. Toshkent shahrida Amir Temurga haykal qo’yildi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi tashkil etildi, uning nomi bilan bog’liq tarixiy yodgorliklar ta’mirlandi. 1999 yil vatanparvar siymo, xalq qahramoni Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligi, xalq dahosi yaratgan Alpomish dostonining 1000 yilligining nishonlanishi, Urganch va Termizda ular xotirasiga barpo etilgan yodgorlik majmuasi jamiyat ma’naviyatini yuksaltirishga, milliy ong va milliy g’ururni ko’tarishga xizmat qilmoqda.
Vatanimiz ozodligi yo’lida shahid k tgan Abdulla Qodiriy, Cho’lpon, Fitrat, Usmon Nosir va boshqa xalq jigarbandlarining nomi, izzat-ikromi, hurmati o’z joyiga qo’yildi, asarlari chop etildi. Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan Toshkentda mustamlakichilik davri qurbonlari xotirasini abadiylashtirish maqsadida «Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmui, «Qatag’on qurbonlari xotirasi» muzeyi, fashizmga qarshi janglarda jon fido etgan xalqimizning farzandlari xotirasini abadiylashtirish maqsadida «Xotira maydoni» majmuasi barpo etildi. Bu tadbirlar xalqimizda milliy ongni yuksaltirishga, tarixiy xotirani tiklanishiga, yoshlarni milliy istiqlol g’oyalari ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda. Mustaqillik sharofati bilan diniy qadriyatlar, diniy e’tiqod qayta tiklandi. Ramozon hayiti, Qurbon hayiti, qadimiy xalq bayrami Navro’z qayta tiklandi, bu kunlar Prezident Farmoni bilan dam olish, bayram kuni bo’lib qoldi. Musulmonlar O’zbekiston xalqi tarixida birinchi marta bevosita hukumat (Diniy va milliy qadriyatlarning tiklanishi)homiyligida har yili Haj va Umra amallarini ado etish imkoniyatlariga ega bo’ldilar. Prezident Farmoni bilan tuzilgan «Ma’naviyat va ma’rifat» jamoatchilik markazi, «Oltin meros» xalqaro xayriya jamg’armasi jamiyatning ma’naviy- ma’rifiy ravnaqi yo’lida xizmat qilmoqda. Respublikada 17 diniy konfessiya ro’yxatga olingan va rasman faoliyat ko’rstamoqda. 170 dan ortiq diniy tashkilotlar ishlab turibdi va ularda O’zbekistonda yashovchi 130 millat va elat vakillari o’zlarining diniy ehtiyojlarini qondirmoqdalar. 1,7 mingdan ortiq masjidlar, xristian ibodatxonalari, sinagoglar va boshqa diniy markazlar ta’mirlandi va yangidan qurildi. 10 ta diniy ta’lim muassasasi faoliyat ko’rsatmoqda. 1999 yilda Toshkentda Islom Universiteti ochildi. O’zbekiston hududida xalqning ulug’vor va shonli tarixiga oid 2000 dan ortiq yodgorliklar ta’mirlandi. O’zbek xalqining ming yillar davomida shakllangan, mustamlakachilik davrida oyoq-osti qilingan, insonparvar urf-odatlari va an’analari, madaniy qadriyatlari ehtiyotlab tiklandi va yangi ma’no-mazmun bilan boyitildi. Maqomchilar, to’y-marosim qo’shiqlari, shoir-baxshilar va folklor-etnografik dastalarning o’nlab ko’rik-tanlovlari o’tkazildi. Pianinochi va skripkachilarning simfonik va kamer musiqalari, zamonaviy estrada guruhlarining festival va tanlovlari bo’lib o’tmoqda. Mamlakatimizda o’zbek tilining xalq va davlat turmushidagi o’rni va ahamiyati qayta tiklandi. Davlat tili haqidagi qonunda o’zbek tili o’zbek xalqining ma’naviy mulki ekanligi, uning ravnaqi, qo’llanilishi va muhofazasi davlat tomonidan ta’minlanishi belgilab qo’yildi. Oliy davlat hokimiyati, mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlarida, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda ish yuritish asosan o’zbek tilida olib borilmoqda. Respublikamizning ma’muriy-hududiy birliklari, ko’chalari, geografik o’rinlarning nomlariga yagona milliy shakl berildi va o’zbek tilida yozib qo’yildi. Natijada o’zbek xalqining milliy qadr-qimmati qayta tiklandi va mustahkamlandi. Shuningdek, O’zbekistonda istiqomat qilayotgan barcha millat a elatlarning tillari, qadr-qimmati ham o’z o’rniga qo’yilgan.