MUSTABID SOVET HOKIMIYATI DAVRI X BOB. TURKISTONDA MUSTABID SOVET HOKIMIYATINING O’RNATILISHI VA UNGA QARSHI QUROLLI HARAKAT
Tayanch so’z va iboralar: 1917 yil fevral inqilobi. Ikki hokimiyatchilik. Jadidlarning faollashuvi. «Sho’roi Islomiya». «Sho’roi ulamo». Turkiston o’lka musulmonlari Sho’rosi. Oktyabr davlat to’ntarilishi. Turkiston Xalq Komissarlari Soveti. Shovinistik siyosat. Turkiston Muxtoriyati. TASSR. Qurolli harakat. Qo’rboshi. Yosh xivaliklar. Xiva xonligining ag’darilishi, XXSR. XSSR. Yosh buxoroliklar. Buxoro amirligining ag’darilishi. BXSR. BSSR.
1. 1917 yil fevral inqilobining Turkiston ijtimoiy-siyosiy hayotiga ta’siri. «Sho’roi Islomiya», «Sho’roi Ulamo» 1917 yilgi fevral inqilobi va Turkiston Rossiyada 1917 yil fevralida burjua -demokratik inqilobi sodir bo’ldi, ko’p asrlik Romanovlar sulolasi hukmronligi ag’darildi. Chorizm siyosiy tuzumining barham topishi Rossiya imperiyasi va uning turli hududlarida ham ijtimoiy-siyosiy vaziyatning keskin o’zgarishiga olib keldi. Buning natijasida Rossiyada tarixda kamdan-kam uchraydigan hodisa - ikki hokimiyatchilik vujudga keldi.
burjuaziya vakillaridan iborat Muvaqqat hukumat
Ishchi, askar, dehqon deputlari sovetlari
Agar burjuaziya Muvaqqat hukumati mamlakatni yuqoridan turib boshqaradigan organ sifatida faoliyat yuritib, asta - sekinlik bilan hokimiyat muruvvatlarini o’z qo’liga olib borgan bo’lsa, ishchi, askar, dehqon deputatlari sovetlari esa hokimiyatni quyidan boshqarishda qatnashib bordilar. Ularning hokimiyat organi -
Petrograd Soveti huddi shu yo’nalishda faoliyat yuritdi. Chor Rossiyasining mustamlakachilik asorati ta’sirida bo’lib kelgan Turkiston o’lkasi hayotida ham bu davrga kelib sezilarli tarixiy voqealar sodir bo’ldi. Chor mustamlakachilik boshqaruv organi – Turkiston General-gubernatorligi tugatildi. Uning o’rniga Muvaqqat hukumatning 1917 yil 7 apreldagi qaroriga binoan kadet N.N.Shchepkin raisligida 9 kishidan 4 nafari tub erli aholi iborat Rossiya Muvaqqat hukumatining Turkiston Qo’mitasitashkil etildi. Viloyatlarda harbiy gubernatorlik tizimi barham toptirilib, viloyat komissarlari instituti vujudga keltirildi. Shuningdek, Rossiyada faoliyat yuritayotgan bolsheviklar, mensheviklar va eserlar partiyalarining Turkistondagi mahalliy tashkilotlari etakchiligida o’lkaning bir qator yirik shaharlarida ishchi, askar deputlari sovetlari tashkil topdi. Tez orada mahalliy aholi vakillaridan iborat musulmon ishchi va askar deputlari sovetlari ham tuzila boshlandi. Muvaqqat hukumatning 1917 yil may oyi boshlarida chiqargan farmoniga binoan Turkistondan jalb qilingan mardikorlar o’z ona yurtlariga qaytib kela boshladi. Yurt istiqboli va istiqloli uchun qayg’uruvchi vatanparvar, hurriyatparvar kuchlar harakat qila boshladi va tashkiliy jihatdan uyusha bordi. Bu jarayonda ozod va mustaqil Turkiston uchun ko’p yillar fidoyilik bilan kurashib kelgan jadidlar harakatining rahnamolari alohida o’rin tutdi. Ular mahalliy aholining siyosiy ongini o’stirish, hal qiluvchi kurashlarga etaklab borish maqsadida o’lkaning ko’plab shaharlarida vaqtli matbuot nashrlari - gazeta va jurnallar chiqara boshladilar. Masalan, Toshkentda “Xurshid”, “Sadoi Turkiston”, “Turk eli”, “Najot”, “Kengash”, “Sho’roi islom”, Samarqandda “Oyna”, “Hurriyat”, Buxoroda “Turon”, “Buxoroi sharif”, Qo’qonda “Sadoi Farg’ona”, “Tirik so’z” nomli matbuot nashrlari o’z sahifalarida markazdagi siyosiy vaziyatni, joylardagi ahvolni, o’tkir ijtimoiy-siyosiy masalalarni yoritishda, mahalliy aholi ommasini siyosiy - g’oyaviy jihatdan tayyorlab borishda muhim rol o’ynadi. Abdulla Avloniy tomonidan Toshkentda 1917 yil aprelidan chiqarila boshlagan “Turon” gazetasining ilk sonida “Yashasin xalq jumhuriyati” shiori birinchi bor yangragan edi. Unda aniq maqsad -maslak: “Musulmonlar orasida ko’p yillardan buyon davom etgan umumga zo’rlik, bid’at odatlarni bitirmak, kelajakda bo’ladigan jumhuriy idoraga xalqni tayyorlamoq” g’oyasi ilgari surilgan edi. Xuddi shuningdek, Munavvar Qorining o’sha yili “Najot” gazetasining 26 mart sonida bosilgan «Xurriyat berilmas, olinur”, degan xitob ham jadidlarning xalq ozodligi va istiqloli yo’lida jiddiy kurashga bel bog’laganliklaridan dalolat berardi. Sho’roi IslomiyaTurkiston jadidlari faqat targ’ibot-tashviqotchilik ishlari bilangina cheklanib qolmasdan, shu bilan birgalikda siyosiy tashkilotlar, partiyalar tuzish, ularning faoliyatini islohotchilik maqsadlari sari yo’naltirish bilan ham jiddiy shug’ullanib bordilar. Chunonchi, 1917 yil 14 martda Toshkentda “Sho’roi Islomiya”tashkiloti tuzildi. Hur va demokratik Turkiston uchun kurash uning asosiy g’oyasi va bosh maqsadi edi. 15 kishidan iborat rayosat tarkibidan Munavvar qori Abdurashidxonov (etakchi), Abduvohid qori, Mirkomilboy Mo’minboev, Ubaydullaxo’ja Asadullaxo’jaev, Salimxon Tillaxonov singari yurt rahnamolari o’rin olgan edilar. O’lkaning turli joylarida “Sho’roi Islomiya”ning quyi shu’balari tuzilib, ular aholi orasida qizg’in faoliyat yuritdilar. Shuningdek, “Sho’roi Islomiya” ta’sirida joylarda turli nomlarda tashkilotlar tuzildi. Toshkentda “Turon”, “Ittihodi taraqqiy”, Andijonda “Ozod xalq”, “Hurriyat”, “Ma’rifat”, Samarqandda “Mirvaj-ul Islom”, “Klub Islomiya”, Kattaqo’rg’onda “Ravnaqul Islom”, “Guliston” va boshqalar shular jumlasidandir. M. Behbudiyning “Xaq olinur, berilmas”, Munavvar Qorining “Hurriyat berilmas, olinur” shiorlari ularning chinakam kurash bayrog’iga aylangan edi.. Turkiston istiqloli uchun kurashga bel bog’lagan va “Sho’roi Islomiya” ta’sirida faoliyat yuritgan jadidlarning bir qismi “Qadimchilar” nomi bilan atalardi. 1917 yil iyuniga kelib “Qadimchilar” “Sho’roi Islomiya” tarafdorlari bilan uzil – kesil aloqani uzib, “Sho’roi Ulamo” tashkilotini tuzdilar (uning rahbarlari: Sherali Lapin, Abdumalik Hoji Nabiev va boshqalar). Bo’linishning asosiy sabablari Turkistonning milliy muustaqilligiga erishish yo’lidagi ikki xil qarama-qarshi taktik kurash masalasi edi.
Konservativ, mutaassiblik qarashlar nuqtai nazaridan yondashgan “Qadimchilar” o’lka mustaqilligini hukmron mustamlakachilarga qarshi faqat g’azovot, ya’ni qurolli kurash yo’li bilan qo’lga kiritishni yoqlardilar. Jadidlarning ilg’or namoyandalari esa Rossiyada yuzaga kelgan qulay inqilobiy shart-sharoitlardan foydalanib, yurt mustaqillgini siyosiy vositalar orqali, behuda qon to’kmasdan, bosqichma–bosqich qo’lga kiritishni istardilar. Ularning demokratik Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi Turkiston muxtoriyatitalabi ham shu maqsadni ko’zda tutardi. O’lkaning milliy kuchlari o’rtasida yuz bergan bu ajralish va g’oyaviy ixtiloflar, shubhasiz, ularning harakat birligiga jiddiy putur etkazardi. Ayniqsa “Sho’roi Ulamo”chilarning nashri - “Al-Izoh” jurnali sahifalarida millatning ilg’or kuchlariga, vatanparvar milliy ziyolilarga nisbatan adovat urug’ini yoyishga alohida urg’u berildi. Bu esa aslida shovinistik kuchlar tegirmoniga suv quyish edi. Negaki bundan o’lkada faoliyat yuritayotgan yot begona siyosiy kuchlar o’z maqsadlari yo’lida foydalandilar. Turkistonda demokratik harakatlarning o’sib borishida, turli ijtimoiy qatlamlar va tabaqalarni istiqlol uchun kurash bayrog’i ostida birlashtirishda 1917 yilda bo’lib o’tgan Umumturkiston musulmonlari qurultoylari va ular ishlab chiqqan dasturiy hujjatlar, tashkiliy tadbirlarning roli katta bo’ldi.