Oila haqida tushuncha.Oila – kishilarning nikoh yoki qon-qarindoshlik rishtalari, umumiy turmush tarzi, axloqiy mas’uliyat hamda o‘zaro yordamga asoslanuvchi kichik guruhi. «Jamiyat» va «oila» tushunchalari bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Bu bog‘liqlik jamiyatning oilalarsiz mavjud bo‘lmasligi hamda o‘z navbatida oilaning ma’lum bir jamiyat tarkibida vujudga kelishi va yashovchanligida ko‘rinadi. Oila hamda jamiyat o‘rtasidagi ijtimoiy munosabatlar ikki tomonlama aloqadorlik xususiyatiga ega. Har bir oila umumjamiyat talablari asosida faoliyat yuritadi. Jamiyat taraqqiyotining rivoji esa uning bag‘rida mavjud bo‘lgan oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy qiyofasining shakllanganlik darajasiga bevosita bog‘liqdir. CHunonchi, ijtimoiy borliqning oilalar zimmasiga qo‘yadigan talablari ularning manfaatlariga zid bo‘lmasa, aksincha, oilalar farovonligi, tinchligini ta’minlashga yordam bersa, oilalar tomonidan ijtimoiy talablarning qo‘llab-quvvatlanishi, ularning amaldagi ijrosini ta’minlash ko‘rsatkichi shuncha yuqori bo‘ladi.
Ilmiy-pedagogik, psixologik, fiziologik hamda falsafiy asarlarning tahlili shuni ko‘rsatdiki, oila bola uchun eng asosiy tarbiya muhiti bo‘lib, bu muhitda shaxs kamoloti uchun muhim hisoblangan xulq-atvor, iroda, harakter va dunyoqarash shakllanadi. Bola oila timsolida jamiyatning ijtimoiy-ma’naviy qiyofasini ko‘radi, jamiyat talablari mohiyatini ilk bora shu kichik jamoa orasida, oilaviy munosabatlarni tashkil etish jarayonida anglaydi.
Oilaviy munosabatlar – ota-onalar yoki bolaning kamoloti uchun mas’ul bo‘lgan shaxslar (buva-buvilar) hamda farzandlar o‘rtasida turli yo‘nalishlarda tashkil etiluvchi munosabatlardir.
Oilaviy munosabatlar farzandlarning aqliy, ruhiy kamolotini ta’minlab, ota-onalarda o‘ziga hos faollikni ham yuzaga keltiradi. Xususan, farzandlarning bevosita ta’siri tufayli ularning qiziqish hamda faoliyatlari doirasi kengayadi, o‘zaro aloqalari mazmunan boyib boradi, real hayot mohiyatini chuqurroq anglash, ya’ni, farzandlar kamoloti, kelajagi timsolida o‘z umri davomiyligini kurish holati ro‘y beradi.
Shaxsning ma’naviy sifatlarga ega bo‘lishi, unda ma’naviy bilimlarni egallashga nisbatan ehtiyoj va qiziqishning paydo bo‘lishida oila tarbiyasi asosiy rolni bajaradi. Oilada qaror topgan sog‘lom ma’naviy-ruhiy muhit farzandlarning etuk, barkamol bo‘lib voyaga etishlari uchun beqiyos ahamiyatga egadir.
SHarqda azal-azaldan oila tarbiyasiga yuksak baho berib kelingan. Totalitar tuzum davrida esa oilaning shaxs tarbiyasida tutgan o‘rni inkor etilib, uni ijtimoiy borliq vositasida tarbiyalashga harakat qilindi.
O‘zbekiston Respublikasida mustaqillik yillarida fuqarolarda milliy o‘zlikni anglash tuyg‘usining qaror topganligi, o‘tmish hadriyatlarini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishning ortganligi oilaning shaxs kamolotida tutgan o‘rni va rolini holisona baholash imkonini berdi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov quyidagi fikrlarni bayon etadi: «Oila turmush va vijdon qonunlari asosiga quriladi, o‘zining ko‘p asrlik mustahkam va ma’naviy tayanchlariga ega bo‘ladi. Oilada demokratik negizlarga asos solinadi, odamlarning talab-ehtiyojlari va qadriyatlari shakllanadi. O‘zbekistonning aksariyati o‘zining shaxsiy farovonligi to‘g‘risida emas, balki oilaning, qarindosh-urug‘lari va yaqin odamlarining, qo‘shnilarining omon-esonligi to‘g‘risida g‘amho‘rlik qilishni birinchi o‘ringa qo‘yadi. Bu esa eng oliy darajada ma’naviy qadriyat, inson qalbining gavharidir».
Davlatning oilaga nisbatan g‘amho‘rligi qabul qilinayotgan qonun va qarorlarda o‘z ifodasini topmoqda. Respublikada «Oila» ilmiy-amaliy Markazi tashkil etilganligi buning yorqin dalilidir.