Pedagogika fanida turli olimlar tomonidan tarbiya prinsiplari xar hil izohlanib kelingan. Hozirgi paytda tarbiyaning quyidagi prinsiplariga amal qilish tavsiya etiladi:
tarbiyaning ma’lum maqsadga qaratilganligi;
tarbiyada insonparvarlik va demokratik prinsip;
tarbiyaning hayot, amaliyot bilan bog‘liqligi prinsipi;
tarbiyada milliy va umuminsoniy qadriyatlarning ustuvorligi;
tarbiyada o‘quvchilarning yosh va shaxsiy xususiyatlarini hisobga olish;
izchillik, tizimlilik, tarbiyaviy ta’sirlarning birligi va uzluksizligi;
bola shaxsini tarbiyalashda hurmat va talab birligi prinsipi;
mustaqillik, xavaskorlik va tashabbuskorlikni o‘stirish prinsipi.
Tarbiyaning maqsadga qaratilganligi prinsipi: tarbiyaning ma’lum maqsadga qaratilgandigi prinsipi bolalar jamoasining rivojlanish istiqbollarini ko‘ra bilishga yordam beradi.
Tarbiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad ma’naviy etuk, aqliy va axloqiy barkamol shaxsni, komil insonni shakllantirishdan iboratdir. shunga ko‘ra tarbiya mazmuni, shakli, usullari shu maqsadga qaratilgandir. Har bir tarbiyaviy tadbir oldindan puxta o‘ylangan, muayyan maqsadni amalga oshirishga mo‘ljallanadi, g‘oyaviy-siyosiy darajasini ko‘taradi, tanlangan usul va vositalar maqsadga muvofiq keladi.
Tarbiyada insonparvarlik va demokratik prinsipi: tarbiyaviy faoliyatni demokratlashtirish va insonparvarlashtirish o‘z mohiyati va mazmuniga ko‘ra uni qayta tafakkur etishni ko‘zda tutadi, shaxsning rivojlanish va o‘zligini anglash huquqini ta’minlaydi.
Tarbiyada inson shaxsini oliy ijtimoiy qadriyat deb tan olish, har bir bolaning o‘ziga xosligini hurmat qilish, uning ijtimoiy huquqi va erkinligini hisobga olish lozim. Tarbiyani demokratlashtirish esa uni ma’muriy ehtiyoj va qiziqishlardan yuqori qo‘yish, tarbiyachi va tarbiyalanuvchi o‘rtasidagi o‘zaro ishonch, hamkorlik asosida pedagogik munosabatlar mohiyatini o‘zgartirish demakdir.
Tarbiyada milliy va umuminsoniy qadriyatlarning ustunligi prinsipi: ma’naviy qadriyatlar va g‘oyalar har xil millatga mansub o‘quvchilarni birlashtiradi, o‘quv va mehnat faoliyatlarini uyushtirishga yordam beradi. O‘zbek halqining madaniy merosini o‘rganishda va rivojlantirishda milliy o‘ziga xosligi, ma’naviy xususiyatlari hisobga olinib, xalq pedagogikasi an’analariga suyangan holda ish ko‘riladi