Texnik talablarga zamonaviy universal shaxsiy kompyuterlar, tashqi qurilmalari, test o‘tkaziladigan manbalar kiradi.
Tarmoq talablariga «mijoz-server» arxitekturasi, Internet-navigatorlar, tarmoq operatsion tizimlari, telekommunikatsiya, boshqaruv vositalari (o‘qitish jarayonini individual va jamoaviy ishlari, tashqi qayta aloqa) kiradi.
Estetik talablarga quyidagilar kiradi: tartiblilik va ifodalilik (elementlari, joylashishi, o‘lchami, rangi), bezashning funksional vazifasi va ergonomik talablarga mosligi.
Maxsus talablarga quyidagilar kiradi: interfaollik, maqsadga yo‘nalganlik, mustaqillik va moslashuvchanlik, audiolashtirish, ko‘rgazmalilik, kirish nazorati, intellektual rivojlanish, differensiatsiyalash(tabaqalashtirish), kreativlik, ochiqlik, qayta aloqa, funksionalilik, ishonchlilik.
Ergonomik talablarga quyidagilar kiradi: do‘stonalik, foydalanuvchiga moslashish, ekran shakllarini tashkil etish.
Metodik talablar pedagogik dasturiy vositalar asosida o‘qitishga mo‘ljallangan o‘quv fanining o‘ziga xos xususiyatlarini, uning qonuniyatlarini, izlanish metodlari, axborotga ishlov berishning zamonaviy usullarini joriy qilish imkoniyatlarini hisobga olishni ko‘zda tutadi.
Fanlardan yaratiladigan pedagogik dasturiy vositalar quyidagi metodik talablarga javob berishi kerak:
Pedagogik dasturiy vositalar – o‘quv materialini taqdim etishning tushunchali, obrazli va harakatli komponentlarining o‘zaro bog‘liqligiga tayangan holda qurilishi.
Pedagogik dasturiy vositalar o‘quv materialini yuqori tartibli tuzilma ko‘rinishida ta’minlashi. Fanlararo mantiqiy o‘zaro bog‘liqlikning hisobga olinishi.
Pedagogik dasturiy vositalarda ta’lim oluvchiga o‘quv materialini bosqichma-bosqich o‘zlashtirganligini turli xildagi nazoratlarni amalga oshirish asosida aniqlash imkoniyatlarining yaratilishi.
Elektron ta’lim muhitida laboratoriya ishlarini tashkillashtirishning o‘ziga xos muammolari mavjud
Aynan bu muammoni virtual laboratoriya ishlaridan foydalangan holda tashkillashtirish mumkin. Bu o‘quv modulimizda aynan yuqorida keltirilgan muammoni hal qilishga harakat qilamiz.
Bu modulda keltirilgan pedagogik dasturiy vositalar Toshkent axborot texnologiyalari universitetining fizika kafedrasida 2005 yildan buyon keng qo‘llanilib kelinmoqda va o‘quv jarayonida talabalarning fanni o‘zlashtirishini ijobiy natijalarga olib keldi.
O‘quv jarayonida modellardan foydalanish yangi usul emas. Qadim-qadimdan o‘quv-o‘rganish mobaynida modellardan foydalanib kelingan. Simulyatorlar o‘quv jarayoning qariyb barcha jabhalarida: boshlang‘ich ta’limdan boshlab oliy o‘quv yurtlarigacha, oddiy til o‘rganishdan to mexanika sohalarigacha qo‘llanilishi mumkin. Keyingi vaqtlarda hattoki meditsina sohasida ham simulyatorlardan foydalanilmoqda. Ammo biz ushbu ma’ruzada asosiy e’tiborni kompyuter simulyatorlariga qaratamiz.
Simulyatorlardan foydalanishning asosiy sabablaridan biri ularning real obyektlarga nisbatan juda ham arzon alternativ ekanligidadir. Hammaga ma’lumki, axborot texnologiyalar va kompyuter sohasini o‘qitishda asosan leksiyalardan foydalaniladi, nari borsa programmalash tillarini o‘qitishda ma’lum bir dasturlar tuzish bo‘yicha mashg‘ulotlar olib boriladi. Ammo kompyuter jixozlarini yasash, operatsiyon va tarmoq tizimlarini o‘rnatish hamda sinovdan o‘tkazish qimmatbaho uskunalarga extiyoj tug‘diradi. Simulyatorlar esa shunday haqiqiy asbob-uskuna va jihozlarsiz virtual holatda kompyuter hamda tarmoq qurilmalarini yasash va sinovdan o‘tkazishga imkoniyat yaratadi. Bu o‘z-o‘zidan nafaqat katta miqdorda mablag‘lar tejalishiga, balki ularga umuman ehtiyoj ham tug‘dirmaydi. Simulyatorlarning qariyb hech qanday moliyaviy mablag‘lar talab etmasligi ma’lum tadqiqotlarni talabalar tomonidan yuzlab, kerak bo‘lsa minglab marotaba qayta-qayta amalga oshirishga imkoniyat yaratadi.
Simulyatorlardan foydalanish jarayonida talabalar ma’ruza vaqtida o‘rgangan nazariyaiybilimlarini virtual bo‘lsada hayotga tadbiq qiladilar. Ushbu tadqiqotlar jarayonida bilimlarini yanada mustahkamlash bilan bir qatorda nazariya hamda hayotiy tadqiqotlarning rivojlanishiga bevosita xissa qo‘shadilar. Bundan tashqari o‘sha simulyatorlarning ham yanada rivojlanishiga, yanada haqiqiy hayotiy tadqiqotlarga yaqin natijalar beradigan darajaga chiqarishda o‘z xissalarini qo‘shishlari mumkin. Bu o‘z o‘rnida talabalarni faqatgina “tinglovchi” vazifasida qolmasdan, bevosita ilmiy-tadqiqot ishlarida qatnashuvchilarga aylantiradi va talabalarda tadqiqotlarga bo‘lgan qiziqishlarini yanada ortishiga olib keladi.
Hozirgi kunda fan-texnikaning katta sur’atlarda rivojlanishi real-hayotiy tadqiqot uskunalarini ushbu rivojlanish bilan bir qatorda ketishida qiyinchilik tug‘diradi. Simulyatorlarda esa bunday to‘siqlar mavjud emas va xatto ushbu “virtual tadqiqotxonalar” fan-texnika rivojlanish tezligiga qo‘shimcha tezlik qo‘shadi.
Albatta har sohada bo‘lgani kabi simulyatorlardan foydalanishga nisbatan ham qarshi fikrlar mavjud. Ulardan eng birinchisi simulyatorlarning haqiqiy obyekt va jarayonlarni to‘la-to‘kis ifoda eta olmasliklaridir. Bu simulyatorlar yordamida olingan natijalar bilan hayotiy tajribalardan hosil bo‘lgan natijalar o‘rtasida tafovutlar paydo bo‘lishiga olib keladi. Ba’zi simulyatorlar esa o‘yin shaklida yasalgan, masalan, uchuvchilik simulyatorlari. Ular foydalanuvchilarda doimiy ishqibozlik kelib chiqishiga olib keladi va natijada tadqiqotdan ko‘ra ko‘proq o‘yin tarafi ustun keladi.
Shunga qaramasdan simulyatorlardan foydalanishning salbiy tomonlari ijobiy tomonlariga nisbatan ancha kuchsiz hamda ularni bartaraf etish imkoniyatlari mavjud. Shuning uchun ular simulyatorlardan foydalanishning qandaydir ma’noda cheklanishiga asosiy sabab bo‘la olmaydi.