1.14.00.00.00 Sog‘liqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.01.00.00 Sog‘liqni saqlash / 14.01.03.00 Aholiga davolash-profilaktika yordami ko‘rsatish / 14.01.03.07 Davolash-profilaktika yordamining boshqa turlari]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Sog‘liqni saqlash. Sanitariyaga oid qonun hujjatlari]
Tibbiyot muassasalarida koxlear implantatsiya operatsiyalarini o‘tkazish uchun bemorlarni tanlab olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 8-yanvarda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2648]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 19-fevraldagi PQ-2133-son qarori bilan tasdiqlangan “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida, Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 14-yanvardagi 18-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq buyuraman:
1. Tibbiyot muassasalarida koxlear implantatsiya operatsiyalarini o‘tkazish uchun bemorlarni tanlab olish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Vazir A. ALIMOV
Toshkent sh.,
2014-yil 9-dekabr,
20-son
O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining 2014-yil 9-dekabrdagi 20-son buyrug‘iga
ILOVA
Tibbiyot muassasalarida koxlear implantatsiya operatsiyalarini o‘tkazish uchun bemorlarni tanlab olish tartibi to‘g‘risidagi
NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 19-fevraldagi PQ-2133-son qarori bilan tasdiqlangan “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi hamda Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 14-yanvardagi 18-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq koxlear implantatsiya operatsiyalarini o‘tkazish uchun bemorlarni tanlab olish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom talablari davlat sog‘liqni saqlash tizimiga kirmaydigan, tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan tashkilotlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Koxlear implantatsiya operatsiyalari ikki tomonlama sensonevral eshitish pastligining III-IV darajalari qayd etilgan yoki kar bo‘lgan shaxslarning (bundan buyon matnda bemorlar deb yuritiladi) eshitish qobiliyatini ko‘p kanalli elektrod yordamida ichki quloqqa stimul berish orqali tiklash maqsadida o‘tkaziladi.
3. Koxlear implantatsiya operatsiyalari Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida (bundan buyon matnda Markaz deb yuritiladi) o‘tkaziladi.
4. Bemor bolalar uchun koxlear implantatsiya operatsiyasini o‘tkazish va koxlear implantatsiya operatsiyasidan keyingi reabilitatsiya tadbirlari bepul amalga oshiriladi.
Koxlear implantatsiya operatsiyasi bemor bola 5 yoshga to‘lganga qadar o‘tkazilganda ijobiy natija berishini hisobga olib, budjet mablag‘lari hisobiga xarid qilingan implantatlardan samarali foydalanish uchun ular 5 yoshga to‘lmagan bolalarga bepul taqdim etiladi.
5 yoshga to‘lmagan bemor bolalarning ota-onalari, ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar yoki homiylari budjet mablag‘lari hisobiga xarid qilingan implantat hisobiga amalga oshiriladigan koxlear implantatsiya operatsiyasini o‘tkazish bo‘yicha navbatni kutishni istamagan taqdirda, implantatni o‘zlari sotib olishlari mumkin.
5 yoshga to‘lgan va undan oshgan bemor bolalarda koxlear implantatsiya operatsiyasi ota-onalar, ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar yoki homiylarning istagiga ko‘ra va ular tomonidan implantant sotib olingan taqdirda o‘tkaziladi.
Yoshidan qat’i nazar, meningit kasalligi natijasida eshitish qobiliyatini yo‘qotgan bemor bolalarda olti oy ichida koxlear implantatsiya operatsiyasi o‘tkaziladi va ularga implantat bepul asosda taqdim etiladi. Bemor bola meningit kasalligi natijasida eshitish qobiliyatini yo‘qotgan vaqt uning kasallik tarixidan ko‘chirmaga asosan aniqlanadi.
5. Implantat faqat bitta quloq uchun bepul taqdim etiladi.
Oilada ikki yoki undan ortiq 5 yoshga to‘lmagan bemor bola bo‘lganda, koxlear implantatsiya operatsiyasidan keyingi reabilitatsiya tadbirlari samaradorligini ta’minlash maqsadida, implantat bir kalendar yilda ulardan faqat bittasiga bepul taqdim etiladi.
6. Mazkur Nizomning 4-bandida nazarda tutilmagan fuqarolar, shuningdek Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 21-maydagi 145-son qarori bilan tasdiqlangan Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi to‘g‘risidagi nizomning 9-bandiga muvofiq, xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarda koxlear implantatsiya operatsiyasi va undan keyingi reabilitatsiya tadbirlari Markaz tomonidan pulli asosda o‘tkaziladi.
7. Bemor bolalarning yoshi ular mazkur Nizomning 14-bandiga muvofiq ko‘rikdan o‘tkazilgan sana bo‘yicha belgilanadi.
2-bob. Koxlear implantatsiya operatsiyalarini o‘tkazish uchun bemorlarni qabul qilish va tekshiruvdan o‘tkazish
8. Mazkur Nizomning 4-bandida nazarda tutilgan bemor bolalarni koxlear implantatsiya operatsiyalarini o‘tkazish uchun Markazga qabul qilish Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 8-iyundagi 264-son qarori bilan tasdiqlangan Imtiyozli toifaga kiruvchi bemorlarga order berish, ularni shifoxonaga joylashtirish va davlat budjeti mablag‘lari hisobiga davolash qiymatini to‘lash tartibiga muvofiq amalga oshiriladi.
9. Mazkur Nizomning 6-bandida nazarda tutilgan bemorlarni koxlear implantatsiya operatsiyalarini o‘tkazish uchun Markazga qabul qilish Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 8-iyundagi 264-son qarori bilan tasdiqlangan Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari tomonidan tashxis qo‘yish va davolash sifati standartlariga rioya qilgan holda aholiga pulli asosda yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
10. Koxlear implantatsiya operatsiyalarini o‘tkazish uchun Markazga qabul qilingan barcha bemorlar Markazda audiologik, nur diagnostikasi, surdopedogogik, logopedik, psixonevrologik, umumiy va maxsus klinik tekshiruvlardan o‘tkaziladi.
3-bob. Koxlear implantatsiya operatsiyasini o‘tkazishga ko‘rsatmalar va qarshi ko‘rsatmalar
11. Quyidagi holatlar koxlear implantatsiya operatsiyasini o‘tkazishga ko‘rsatmalar hisoblanadi:
bola ilk yoshidan eshitish apparatidan doimiy ravishda foydalangan va samarasi past bo‘lganligiga qaramasdan og‘zaki ko‘nikmalar shakllanganligi;
eshitish apparati qo‘llanilganda ko‘p bo‘g‘inli so‘zlarni 40 foizdan, bir bo‘g‘inli so‘zlarni 20 foizdan kam bo‘lmagan darajada anglash;
faqat past, o‘rta chastotali tovushlarni, 1-2 metr masofadan shartli reflektor reaksiyalari yordamida yuqori chastotali tovushlarni qabul qila olish;
past, o‘rta va yuqori chastotali nonutqiy tovushlarga 3 metrdan kam bo‘lmagan masofadan beixtiyor va ixtiyoriy reaksiyalar mavjudligi;
baland tovush va ovozlarni eshitish reaksiyalarining rivojlanishida ijobiy o‘zgarishlar mavjudligi;
imo-ishoradan foydalanmagan holda so‘zlovchining yuzidan uning so‘zlayotganligini tushunish;
ovoz faolligining oshishi, undosh harflarga artikulatsiya tovushlarining mavjudligi;
eshitish apparatidan uch oy mobaynida muntazam foydalanish ijobiy natija bermagan va nutqli audiometriya ma’lumotlariga ko‘ra, ochiq tanlangan ko‘p bo‘g‘inli so‘zlarni anglash darajasi 30 foizdan kam bo‘lgan holda faqat so‘zsiz tovushlarga reaksiyaning ijobiy tomonga rivojlanganligi;
akustik refleksometriyada akustik reflekslarning qayd etilmaganligi;
ushlanilgan chaqiriluvchi otoakustik emissiyasida eshitish potensiallarining qayd etilmaganligi;
eshitishning chaqiriluvchi qisqa chastotali potensiallari tekshiruvida V darajali cho‘qqi 30 — 80 detsibelda eshitish potensiallari yo‘qligining qayd etganligi;
modullangan ohangda statsionar chaqiriluvchi eshitish potensiallari qayd etilganligi;
promontorial test ma’lumotlariga ko‘ra, berilgan elektr ta’siri natijasida eshitish hissiyotining paydo bo‘lganligi;
erkin tovushlar maydonida tovush qabul qilish darajasi 2000 va 4000 Gts chastotalarda 55 detsibeldan yuqoriligi;
nur diagnostikasi ma’lumotlariga ko‘ra, koxleovestibulyar patologiyasi, chig‘anoq ichki yuzasining sezilarli obliteratsiyasi hamda retrokoxlear patologiyalarning yo‘qligi.
12. Quyidagi holatlar koxlear implantatsiya operatsiyasini o‘tkazishga qarshi ko‘rsatmalar hisoblanadi:
kompyuter tomografiyasi va magnit rezonans tomografiyasi natijalariga ko‘ra, chig‘anoqning elektrod zanjirini kiritishga imkon bermaydigan darajada qisman yoki to‘liq ossifikatsiyasi;
rejali jarrohlik muolajalariga mutloq qarshi ko‘rsatma bo‘luvchi somatik kasalliklarning (yurak-qon tomirlari, buyrak va jigarning og‘ir kasalliklari, qon kasalliklari, qandli diabet, sil, zaxm, orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi va boshqalar) mavjudligi;
nutqning imo-ishora va daktil nutq asosida to‘liq shakllanganligi;
bemorlar, bemor bolalarning ular bilan birgalikda yashovchi ota-onalarida koxlear implantatsiya opersiyasidan keyingi reabilitatsiya tadbirlarini o‘tkazish va koxlear implantatdan foydalanishni qiyinlashtiruvchi ruhiy va chuqur nevrologik buzilishlar (autizm, shizofreniya, psixopatiya, autoagressiya, epilepsiya, tutqanoq sindromi, elektroensefalogrammada aniqlangan tutqanoqqa moyillik) mavjudligi;
retrokoxlear kasalliklar mavjudligi, auditor neyropatiyadan (chig‘anoq yoki eshituv nervi yo‘qligi, eshituv tizimining yuqori sathlaridagi shikastlanishlar) tashqari;
bemorlarda, bemor bolalarning ota-onalari, ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar yoki homiylarida, koxlear implantatsiya opersiyasidan keyingi reabilitatsiya tadbirlarini o‘tkazish imkoniyati va istagi yo‘qligi.
13. Mazkur Nizomning 12-bandi ikkinchi — beshinchi xatboshilarida nazarda tutilgan holatlar koxlear implantatsiya operatsiyalarini o‘tkazishga mutloq qarshi ko‘rsatmalar hisoblanadi va ushbu ko‘rsatmalar mavjud bo‘lgan bemorlar qayta tekshiruvdan o‘tkazilmaydi, mazkur bandning ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Elektroensefalogrammada tutqanoqqa moyillik aniqlangan bolalar kamida olti oy davomida o‘z yashash joyida nevropatolog mutaxassisida davolanganidan keyin qayta elektroensefalogramma tekshiruvidan o‘tishlari mumkin.
4-bob. Koxlear implantatsiya operatsiyasini o‘tkazish uchun navbatni shakllantirish
14. Koxlear implantatsiya operatsiyasini o‘tkazish uchun tekshiruvdan o‘tkazilgan bemor bolalar koxlear implantatsiya bo‘yicha komissiya (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi) tomonidan ko‘rikdan o‘tkaziladi.
15. Komissiya rais, rais o‘rinbosari hamda besh nafar a’zodan iborat tarkibda tuziladi. Komissiya tarkibi O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.
16. Komissiya majlisi zaruratga ko‘ra o‘tkaziladi.
17. Bemor bolalar Markazga qabul qilingan sana bo‘yicha, mazkur Nizomning 10-bandida nazarda tutilgan tekshiruvlar xulosalari hamda ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan taqdim etiladigan quyidagi hujjatlar asosida Komissiya tomonidan ko‘rikdan o‘tkaziladi:
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan berilgan bemor bola oilasining mulkiy ahvoli haqida ma’lumotnoma;
bemor bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi va nusxasi;
bemor bolaning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar (pasport) va nusxalari;
bemor bolaning oxirgi bir oy ichida olingan 3x4 sm hajmdagi fotosurati.
18. Meningit kasalligi natijasida eshitish qobiliyatini yo‘qotgan bemor bolalar Komissiya ko‘rigidan o‘tkazish uchun navbatdan tashqari qabul qilinadi.
19. Ko‘rikdan o‘tkazish vaqtida Komissiya tomonidan bemor bolada mavjud bo‘lgan koxlear implantatsiya operatsiyasini o‘tkazishga ko‘rsatmalar va qarshi ko‘rsatmalarning har biri tahlil qilinadi. Ko‘rikdan o‘tkazish natijalariga ko‘ra, Komissiya tomonidan koxlear implantatsiya operatsiyasini o‘tkazish yoki uni o‘tkazishni rad etish haqida asoslantirilgan xulosa qabul qilinadi.
20. Komissiya yig‘ilishiga Komissiya raisi, Komissiya raisi bo‘lmaganda uning o‘rinbosari raislik qiladi. Komissiya xulosasi unda ishtirok etgan komissiya a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lgan taqdirda, raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi bo‘ladi.
21. Koxlear implantatsiya operatsiyasi Komissiyaning koxlear implantatsiya operatsiyasini o‘tkazish haqidagi ijobiy xulosasiga asosan navbatma-navbat o‘tkaziladi. Bunda implantatlar budjet mablag‘lari hisobiga xarid qilingan yoki ota-onalar, ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar va homiylar tomonidan sotib olinganligiga ko‘ra alohida navbat shakllantiriladi.
22. Bemor bolalar Komissiya ko‘rigidan o‘tkazilgan sana bo‘yicha, Komissiyaning bir majlisi davomida ko‘rikdan o‘tkazilgan bemor bolalar Markazga qabul qilingan sana bo‘yicha navbatga qo‘yiladi.
23. Ushbu bob talablari mazkur Nizomning 6-bandida nazarda tutilgan bemorlarga nisbatan tatbiq etilmaydi. Ushbu bemorlarda koxlear implantatsiya operatsiyasi ular Markazga murojaat qilgan sana bo‘yicha navbatma-navbat amalga oshiriladi.
5-bob. Koxlear implantatsiya operatsiyasidan keyingi reabilitatsiya tadbirlari
24. Koxlear implantatsiya operatsiyasi o‘tkazilgan uch yoshgacha bemor bolalarda uch yil, uch va undan katta yoshdagi bemorlarda kamida besh yil davomida Markaz tomonidan koxlear implantatsiya operatsiyasidan keyingi reabilitatsiya tadbirlari o‘tkazilishi zarur.
25. Bemor, bemor bolalarning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar koxlear implantatsiya operatsiyasidan keyingi reabilitatsiya tadbirlari haqida Komissiya ko‘rigidan o‘tish vaqtida xabardor qilinishlari lozim.
26. Bemorlarning koxlear implantatsiya operatsiyasidan keyingi reabilitatsiya tadbirlarida ishtirok etishlarini monitoring qilish maqsadida bemorda koxlear implantatsiya operatsiyasi o‘tkazilganligi haqida ikki hafta ichida Markaz tomonidan bemorning doimiy yashash joyidagi tuman (shahar) tibbiyot birlashmasiga xabar beriladi.
27. Bemorlar koxlear implantatsiya operatsiyasi o‘tkazilgan kundan boshlab to‘rt hafta ichida nutq protsessorini ishga tushirish uchun Markazga kelishlari lozim.
28. Nutq protsessori Markazning audiolog mutaxassislari tomonidan ishga tushiriladi. Nutq protsessorining kafolati va ehtiyot qismlari bemor, bemor bolaning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga yozma ravishda topshiriladi hamda ularga nutq protsessoridan foydalanish shartlari tushuntiriladi.
29. Nutq protsessori Markazning audiolog mutaxassislari tomonidan quyidagi muddatlarda sozlab turiladi:
birinchi sozlash — nutq protsessori ishga tushirilgan paytda, ya’ni koxlear implantatsiya operatsiyasi o‘tkazilgan kundan boshlab to‘rt haftadan keyin;
ikkinchi sozlash — birinchi sozlash o‘tkazilgan kundan o‘n sakkiz — yigirma kundan keyin;
uchinchi sozlash — ikkinchi sozlash o‘tkazilgan kundan to‘rt haftadan keyin;
uchinchi sozlashdan keyingi sozlashlar — koxlear implantatsiya operatsiyasi o‘tkazilgan kundan bir yil davomida har oyda, ikkinchi yil davomida har chorakda, uchinchi yil davomida har olti oyda.
30. Koxlear implantatsiya operatsiyasi o‘tkazilgan kundan uch yil o‘tgach, nutq protsessori Markazning audiolog mutaxassislari tomonidan har yili bir marta profilaktik ko‘rikdan o‘tkaziladi.
6-bob. Yakuniy qoidalar
31. Koxlear implantatsiya operatsiyasi o‘tkazilishiga muhtoj bo‘lgan bemorlarni aniqlash, ularni Markazga yuborilishini ta’minlash hamda bemorlarning koxlear implantatsiya operatsiyasidan keyingi reabilitatsiya tadbirlarida ishtirok etishini monitoring qilish bo‘yicha mas’uliyat tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari rahbarlari zimmasiga yuklatiladi.
32. Bemor bolalarni Markazga qabul qilish uchun Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 8-iyundagi 264-son qarori bilan tasdiqlangan Imtiyozli toifaga kiruvchi bemorlarga order berish, ularni shifoxonaga joylashtirish va davlat budjeti mablag‘lari hisobiga davolash qiymatini to‘lash tartibiga muvofiq yuborilishini ta’minlash bo‘yicha mas’uliyat Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi rahbarlari zimmasiga yuklatiladi.
33. Bemorlar, bemor bolalarning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar nutq protsessori va uning ehtiyot qismlaridan ehtiyotkorona foydalanilishi uchun mas’uldirlar.
34. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi. (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2015-y., 1-son, 12-modda)