O`quv ishlari bo`yicha prorektor A. Soleyev “ ” 2021-yil


Mustahkamlash uchun savollar



Yüklə 1,41 Mb.
səhifə3/108
tarix30.09.2023
ölçüsü1,41 Mb.
#150984
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   108
Mustahkamlash uchun savollar:
1.Adabiy tanqidning lug‘aviy ma’nosi
2.Adabiy tanqidning shakllanish omillari
3.Badiiy asar kim tomonidan baholanadi?
4. Sube’ktiv yondashish deganda nimani tushunasiz ?
5. Badiiy asarni obrazlarga bo‘lib tahlil qilish mumkinmi?


ADABIY TANQID FANI TAMOYILLARI
(Boynazar Yoʻldoshev maqolasi)
Prezidentimiz Islom Karimov muttasil ravishda jamiyatning, davlatning kuch-qudrati boʻlgan maʼnaviyatni yuksaltirish va fuqarolarning huquqiy bilimini oshirish ijtimoiy va iqtisodiy oʻzgarishlarning asosiy omili ekanligini uqtirib kelmoqdalar.
Haqiqiy oʻtmishimizni chuqur bilish, milliy iftixor tuygʻularini oʻstirish asosida, oʻzligimizni yanada teran anglash uchun adabiy tanqidchilik haqida bahs yuritish muhim ahamiyatga ega. Zero, adabiy tanqid jamiyat va adabiyot hodisalarini haqqoniy baholash orqali xalqning maʼnaviy saviyasini yuksaltirish, estetik didini tarbiyalab, komil insonni shakllantirishdek ezgu ishga katta yordam beradi.
Milliy istiqlol mafkurasi va hozirgi kunda kechayotgan shiddatli hayotiy oʻzgarishlar jarayoni ham oʻzbek adabiy tanqidchiligi bosib oʻtgan tarixiy yoʻlga ilmiy jihatdan haqqoniy baho berish va teran yoritishni taqozo etadi. Yangilanayotgan davr muammolari adabiy tanqid oldiga muhim vazifalar, qator maʼnaviy talablarni qoʻymokda. Shuning uchun ham milliy iftixor tuygʻularini oʻstirish, mustaqillik ruhini chuqur anglash uchun jamiyat taraqqiyoti va adabiy jarayon haqida ilmiy bahs yurituvchi adabiy tanqid xususida soʻzlash, uning bosib oʻtgan yoʻli, shoʻro davrida duch kelgan muammo, tazyiqlarni tahlil etish va ulardan zarur saboqlar chiqarish muhim ahamiyat kasb etadi.
Maʼlumki, adabiy tanqidning paydo boʻlishi va rivojlanishida, avvalo, kitobxonning ijtimoiy estetik ehtiyojlari yetakchi ahamiyatga ega boʻlgan. Chunki biror-bir badiiy asarni oʻqib chiqqan savodxon oʻquvchida oʻz fikr-mulohazalarini bayon etish, qolaversa, muallif bilan fikrlashish istagi paydo boʻladi. Ana shu maʼnaviy ehtiyoj davrlar oʻtishi bilan adabiy tanqidchilikning yuzaga kelishiga, maxsus fan sifatida shakllanishiga sharoit tugʻdirgan. Adabiy-tanqidiy asarlarda badiiy asarning yutuq va kamchiliklari, ijodkorning badiiy mahorati haqida ilmiy mulohaza yuritilibgina qolmasdan, muayyan bir jamiyatning ijtimoiy manfaatlari ham aks etgan boʻladi va, umuman, bu soha qadimdan falsafa, estetika, etika fanlari bilan uzviy aloqadorlikda rivojlanib kelgan. Shuning uchun ham Epikur va Aristotel zamonidan boshlab, adabiy tanqidchiga faylasuf, tarixchi – siyosatshunos, huquqshunos, ruhshunos sifatida ham qarab kelingan. Xullas, tarixiy-adabiy manbalar “adabiyotshunoslik”, “adabiy tanqid”, “tanqidchi” atamalari, jahon adabiyoti va ilmiy tafakkuri taraqqiyotida koʻp yillik tarixga ega.
Agar oʻzbek adabiyoti tarixiga nazar tashlasak, yigirmanchi asrgacha boʻlgan davrlarda adabiyotshunoslik va adabiy-tanqidiy qarashlar zamonaviy tanqidchilikdan farqli tarzda mavjud boʻlganini kuzatish mumkin. Oʻtmishda adabiyotshunoslik va adabiy tanqid fan sifatida mustaqil bir yoʻnalishda boʻlmagan. Shunday esa-da, bu soha qadim-qadimdan boshlab sheʼriy shaklda tazkiralardan, adabiyotshunoslikka oid baʼzi bir risolalardan, tarixiy-badiiy yodnomalardan oʻrin olib, rivojlanib kelgan. Ayniqsa, sheʼr va sheʼriyat ilmiga oid risolalar hamda tazkiralardagi adabiy-tanqidiy tafakkurga oid turli xil fikr va qarashlar mumtoz adabiyot taraqqiyotida muhim oʻrin tutgan.
Taʼkidlash joizki, Sharqda Navoiygacha va undan keyin ham adabiyotshunoslik bobida koʻp xayrli ishlar qilinib, bir talay asarlar yozilgan. Sheʼriyat nazariyasi va tanqidchiligiga oid fikr-mulohazalar oʻtmishda nafaqat tazkiralarda, balki Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Bobur kabi maʼnaviyatimizning ulugʻ namoyandalari asarlarida ham keng ifoda etilganki, bu jihatdan ularning sheʼr va shoirlik masʼuliyati haqidagi qarashlari adabiyotshunoslik, adabiy tanqid ilmining rivojiga sezilarli taʼsir etgan. Masalan, Forobiy sheʼr sanʼati va uning vazifasini shunday belgilaydi: “Bu sanʼat – biror maqsadni amalga oshirayotgan paytda, yoʻldan chiqib ketmaslikka yordam beruvchi va inson xayolini qogʻozda namoyon etuvchi sanʼatdir. Sheʼrning olti xili bor. Shundan uchtasi yaxshi va uchtasi yomondir. Yaxshilardan biri shuki, uning yordamida inson aqliy quvvatini mukammallashtiradi, saodatga olib boruvchi fikri oydinlashadi, yaxshi ishlarga, fazilatli boʻlishga ilhomlanadi, xasislik, yomon va qabih ishlardan saqlanadi. Ikkinchi yaxshi xili kishining ruhiy sezgilarini yuksaltiradi, haddan tashqari ehtiyotkorlikdan xoli qiladi, izzat-nafsni saqlaydi, gʻazablanishdan, yomon ishlardan ehtiyot qilishga yordam beradi. Uchinchisi kishini zaiflikdan saqlaydi, uning nafsini, hirsini tiyadi, gʻamdan xalos qiladi, yomonlik oldida ana shu yuqorida qayd qilingan ijobiy xislatlarni namoyon etishga yordam beradi”.
Oʻzbekistonda adabiy-tanqidiy qarashlar va adabiyotshunoslik ilmining rivoji XIX asrning ikkinchi yarmidan yangicha tamoyillar kasb eta boshladi. Taniqli adabiyotshunos olim Baxtiyor Nazarovning taʼkidlashicha, XIX asrning ikkinchi yarmidagi oʻzbek matbuotiga, xususan, “Turkiston viloyatining gazeti”ga nazar tashlansa, bugungi tushunchamizga oʻxshash xususiyatlarga ega boʻlgan adabiy-tanqidiy maqolalarga duch kelish mumkin va, aynan, oʻsha davrdan boshlab tom maʼnodagi malakali tanqidchilikka asos solindi.
XX asr shoʻro tanqidchiligi esa adabiy jarayon va yozuvchi erkiga zoʻrakilik bilan taʼsir oʻtkazishga moslashgan edi. Bu hol xatolarni keltirib chiqardi. Lekin kommunistik mafkuraviylik va davr siyosatidan qatʼi nazar, adabiy tanqidning bosib oʻtgan ogʻir yoʻlida maʼlum ijodiy samaralar, jumladan, badiiy mahorat, ijodiy oʻziga xoslikning xususiyatlarini ochib bergan tadqiqotlar yuzaga keldiki, ularni bugungi kunda har tomonlama oʻrganish muhim ahamiyatga ega.
Masalan oltmishinchi yillardan boshlab, adabiy tanqidchilikda yozuvchining hayotiy voqealarning falsafiy mohiyatini chuqur tushunishiga va istiqbolni koʻrishiga yordam beradigan dolzarb maqolalar yuzaga keldi. Tanqidchilikdagi bir qolipli qarashlar va sunʼiylikdan bar qadar voz kechildi. Badiiy asarni sanʼat hodisasi tarzida tahlil qilishga, yaʼni, koʻproq badiiy-estetik masalalarga eʼtibor berildi.
Izzat Sulton, Homil Yoqubov, Vohid Zohidov, Gʻulom Karimov, Matyoqub Qoʻshjonov, Aziz Qayumov, Ozod Sharafiddinov, Laziz Qayumov, Salohiddin Mamajonov, Umarali Normatov, Ibrohim Gʻafurov, Nuriddin Shukurov, Sobir Mirvaliyev, Baxtiyor Nazarov, Norboy Xudoyberganov singari tanqidchilar adabiy jarayonda yuz berayotgan hodisa va oʻzgarishlarni oʻzlarining maqolalari hamda ilmiy ishlarida umumlashtirdilar. Ularning adabiyotimizning tarixi, oʻsha davrdagi adabiy jarayon haqidagi mulohazalari natajasida oltmishinchi-yetmishinchi yillar oʻzbek adabiy tanqidchiligida uslubiy rang-baranglik, risolalar yaratish tanqidchining tarixiy-biografik yondashuvi borasida maʼlum muvaffaqiyatlarga erishildi.
Maʼlumki, oʻzbek adabiy tanqidchiligining yaxlit tarixi XX asrning saksoninchi yillarigacha ham yaratilmagan edi. 1987 yilda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi qoshidagi Til va adabiyot institutining adabiyot nazariyasi va adabiy tanqid boʻlimi ilmiy xodimlari oʻzbek adabiy tanqidi tarixini yozib, chop ettirdi. Oʻzbek adabiy tanqidining tugʻilishi va rivojlanish bosqichlari tahlil etilgan mazkur ikki tomlik milliy adabiy tanqidchilik haqida toʻliq tasavvur bera oladi. Lekin, unda adabiy tanqidning juda koʻp muhim masalalari xususida umumiy tarzda fikr yuritilgan. Masalan, oltmishinchi-yetmishinchi yillar adabiy tanqidchiligidagi mahorat va uslub rang-barangliklari hamda oʻzaro taʼsir masalalari, tarixiy-biografik yondashuv tarzidagi risolalar talqini, yozuvchi-tanqidchi faoliyatining oʻziga xos jihatlari haqida umumiy fikrlar bilan chegaralanib qolgan. Shuning uchun ham mazkur masalalar atroflicha tahlil etilib, ularga doir maxsus tadqiqotlar yaratish zarurligi oʻz-oʻzidan ravshandir.
XX asr tanqidchiligida oʻzbek romani, qissachiligi, dramaturgiya, poema va hikoyachiligi kabi adabiy tur va janrlarning tarkib topishi hamda taraqqiyot bosqichlarini ham keng tahlil kiluvchi tanqidiy biografik tadqiqotlar amalga oshirilishi va ularning dunyoga kelishida jahon adabiy tanqidchiligining bu sohada qoʻlga kiritgan yutuqlarining taʼsiri sezilarli boʻldi.
Adabiy tanqid rivojiga jurnallar va gazetalar sahifalarida badiiy adabiyot va adabiy tanqidchilikning muhim masalalariga bagʻishlangan yozuvchi va tanqidchi bahs-munozaralari ham salmoqli taʼsir oʻtkazdi. Bunday tadbirlar adabiy tanqidchilik yutuq va kamchiliklarini oʻz vaqtida aniqlashda muhim ahamiyat kasb eta bordi. Ayni paytda, tanqid nazariyasiga oid ilmiy-nazariy fikrlar ham rivojlandi. Oʻzbek mumtoz va XX asr boshidagi jadid adabiyotining atoqli namoyandalari ijodi yangicha talqinlarini yaratish borasida bir qator ilmiy-tadqiqot ishlari amalga oshirildi, qolaversa, jadidlar hayoti va ijodini oʻrganish bobida dastlabki qadamlar tashlandi. Bugungi kunda XX asr adabiy tanqidchiligi qoʻlga kiritgan yutuq va kamchiliklar haqida bahs ochish, ularni ilmiy tadqiq etish hozirgi davr oʻzbek adabiyoti va tanqidchiligining tayanch nuqtalarini yanada kengroq idrok qilish, mustaqillik sharofati asosida oʻzligimizni anglashdagi vazifalarimizni yanada chuqurroq tushunishimizga yordam beradi.
Ayni paytda, oʻzbek adabiy tanqidchiligida yutuqlar bilan birga, Gʻarb tanqidchiligidagi shablon va sxemalar toʻgʻridan-toʻgʻri olib kirilganligi, uning oʻziga xos milliylik qiyofasiga maʼlum darajada putur yetishiga sababchi boʻlgan. Bu holatlarning tub mohiyatini, endilikda, jiddiy oʻrganish zaruriyati va imkoniyati yetilganligi ham sezilmoqda. Qolaversa, adabiy tanqidchilik bosib oʻtgan yoʻlni bugungi istiqlol va mustaqillik tafakkuri va mafkurasi nuqtai nazaridan turib tadqiq qilish adabiy tanqid tarixi haqidagi yangicha tafakkur yoʻlini kengaytiradi.
Adabiy tanqid birinchi navbatda, badiiy asarning yutuq va kamchiliklari, mahorat sirlari, hayot bilan adabiyotning chambarchas aloqasi haqida fikr yuritadi. Demak, u, ayni zamonda, maʼlum ijtimoiy tuzum, maʼlum muhitda faoliyat koʻrsatgan ilgʻor ziyolilarning falsafiy, huquqiy, axloqiy qarashlarini ham oʻzida mujassam etadi. Adabiy tanqidda sanʼat turlari va estetikaning uygʻunligini tabiiy hol deb qaramoq lozim. Bu uygʻunlik adabiyot va sanʼatning obrazlilik asosidagi fikrlash doirasini yanada kengaytirishga xizmat qiladi va adabiy tanqidning baʼzida sanʼat darajasiga koʻtarilishiga ham olib keladi.
Yuqorida taʼkidlaganimizdek, tanqidchi faylasuf, huquqshunos, siyosatshunos sifatida faoliyat koʻrsatgan boʻlsa, sanʼatkor, yozuvchi yoki huquqshunosdan koʻp hollarda adabiy tanqidchi erishgan fazilatlarga ega boʻlish ham talab etilgan. Fransuz maʼrifatparvarlarining faoliyatida bunday uygʻunlik, mushtaraklik, ayniqsa, yaqqol koʻrinadi. Shuningdek, adabiy tanqidchi yoki huquqshunosning yozuvchilik faoliyati bilan shugʻullanishi koʻp hollarda amaliy muvaffaqqiyatlarga sabab boʻlishi azaldan maʼlum. Shu bois, shaxsning oʻz haq-huquqlari uchun kurash, sinfiy, siyosiy, iqtisodiy tengsizliklarning barcha koʻrinishlariga barham berish gʻoyalari ifodalangan badiiy detektiv asarlar va filmlarning mualliflari koʻproq huquqshunos-yozuvchilar ekanligi ham tabiiy holdir.
Shu narsani alohida qayd etish kerakki, Qodiriy, Oybek, Ayniy, Choʻlpon, Fitrat kabi mashhur yozuvchilarimiz ham badiiy asar yozishga kirishishdan oldin, eng avvalo, mavzu taqozosiga koʻra, qalamga olinayotgan maʼlum tarixiy davrni chuqur ilmiy va huquqiy asoslarida oʻrganib chiqqanlar. Masalan, Choʻlpon oʻzining “Kecha va kunduz” romanini yozishdan oldin chor Rossiyasi mustamlakasi boʻlgan tuzumdagi oddiy mehnatkashlarning ogʻir ahvoli va ularning huquqiy jihatdan nihoyatda himoyasiz ekanligini chuqur his etgan va tahlil qilgan. Yozuvchi asarida chor Rossiya idora usuli va davlat boshqaruvidagi maʼmuriy tartib-qoidalar faqat hukmron doira uchun xizmat qilib, mahalliy xalqni qullik kishanida ushlab turishga qaratilganligini sanʼatkorona aks ettirolgan. Romanda Akbarali mingboshining zaharlab oʻldirilishi bilan bogʻliq sahna vositasida uning kichik xotini Zebining mazkur jinoyatda ayblanishi va sud qilinishi jarayoni tasviri bu borada ahamiyatlidir. Sud hayʼati begunohligi shundoqqina koʻrinib turgan, aybsiz aybdor Zebi ustidan nohaq hukm chiqaradi. Hakamlar sud hukmi bilan begunoh bir ayolning hayotiga zomin boʻlayotganliklarini ich-ichidan tan oladilar hamda yerli xalqning qanchalar himoyasiz va huquqsiz ekanligidan rohatlanib, kinoyali kulib qoʻyadilar. Koʻramizki, Choʻlpon ijodkor sifatida mazkur parchaga chuqur hayotiy mazmun bagʻishlagan, uni oʻsha tuzumni fosh etuvchi qurolga aylantira olgan.
Umuman, oʻzbek yozuvchilari ijtimoiy-huquqiy mavzularda muntazam qalam tebratib, jamiyatdagi adolatsizliklarni fosh etganligi haqida yana koʻplab misollar keltirish mumkin. Oybek, Abdulla Qahhor, Said Ahmad, Mirmuhsin, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Shukur Xolmirzayev asarlarini tahlil qilar ekanmiz, ularni hayot muammolaridan, xususan, dolzarb ijtimoiy-huquqiy masalalardan xoli holda oʻrganib boʻlmaydi. Ularning ijodida zamondoshlarimiz hayotining turli qatlamlari jiddiy toʻqnashuvlar, keskin ziddiyatlar, qarama-qarshi kuchlar kurashi vositasida yorqin obrazlarda jonlantirildi. Adolat, haqiqat uchun faol kurashuvchi qahramonlar taqdiri koʻplab kishilarga maʼnaviy saboq berdi, dunyoqarash, huquqiy madaniyatni yuksaltirishda muhim omil boʻldi. Xullas, adabiy tanqid atrofidagi munozaralar, ilmiy bahslar, bir-birini tasdiqlovchi yoki inkor etuvchi turli xil qarashlarning yuz berishi tabiiy hol boʻlib, ular sogʻlom adabiy muhit shakllanishida asosiy tamoyil sifatida xizmat qiladi.

Yüklə 1,41 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   108




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin