Adabiy portretnavis maxorati. O‘zbek tanqidchiligida Izzat Sulton, O.Sharafiddinov, S.Mamajonov, N.Karimov, U.Normatov, A.Rasulov singari munaqqidpar adabiy portret ustalari sifatida mashhurdirlar. M.Qo‘shjonov ular safidagi peshqadamlardan biri sifatida adabiy portretlarida badiiy mahorat masalasini tadqiq markaziga qo‘yishi bilan ajralib turadi. U muayyan asardagi badiiy mahoratni tekshirish orkali ayrim muhim nazariy xulosalar chiqaradi. Munaqqid ijodida adabiy portret janri yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi.U har bir asar tahlilida yozuvchidan teran hayotiylik, yuksak badiiylikni talab qiladi. Adabiy portretda ham asosiy masalaga shu nuqtai nazardan yondoshadi. Shu jihatdan M.Qo‘shjonovning I.Sulton, Q.Hikmat, O.Yoqubov, P.Qodirov, Sh.Xolmirzayevga bag‘ishlangan kichik-kichik adabiy portretlari, A.Oripovning “Armon” to‘plamiga yozgan so‘zboshisi hamda S.Meliyev bilan hamkorlikda yozgan “Abdulla Oripov” nomli kitobi xarakterlidir.
Sho‘ro yillarida yaratilgan adabiy portretlarda yozuvchining faqat ijodi markazda tutilib, uning insoniy fazilatlari, hayotidagi dramatizm, oila, muhit kabi masalalarga kam e’tibor berildi. Holbuki, adolat, xolislik, haqqoniylik va ilmiylik jihatidan, hamda Sent-Byov alohida ta’kidlaganidek, yozuvchi ijodi va siymosi yagona ekan, uning kundalik hayoti va odatlariga ham ahamiyat berish lozim: ”Meni hamisha maktublar, suhbatlar, fikrlar, xarakterlarning turli holatlari, ruhiyati, bir so‘z bilan aytganda, mashhur yozuvchilar tarjimai holini o‘rganish rom etib keldi”, deb yozgan edi.
Abdulla Qahhor, Abdulla Qodiriy, Oybek ijodiga oid portretlarni ko‘zdan kechirar ekanmiz, tanqidchining boshqa janrdagi tadqiqotlarida yetakchi bo‘lgan-obrazlarni adabiyotshunoslik yo‘li bilan qaytadan yaratish usuliga duch kelamiz.
“Nafosat shaydosi” portreti Oybek qiyofasini yaratish yo‘lidagi izlanishlardan biridir. Oybek hayoti va ijodiga bag‘ishlab monografiya, ilmiy-biografik ocherk, portret kabi janrlarda ko‘plab tadqiqotlar yaratildi. M.Qo‘shjonov asarining ulardan farqli jihati shundaki, u Oybek ijodi haqida umumlashtiruvchi xarakterdagi adabiy portretni yaratdi. Unda ham yozuvchining ijodiy qiyofasi namoyon bo‘ladi, ham asarlaridagi qahramonlarning oddiy kitobxon sezmagan, payqamagan fazilatlari bilan butun to‘liqlikda gavdalanadi.
M.Qo‘shjonov yozuvchi ijodining o‘ziga xosliklari, asarlarining badiiyati orqali ochiluvchi muxtasar ijodiy portretlar yaratdi. Jumladan, u I.Sulton, K.Yashin, Sh.Rashidov, Qudrat Hikmat, O.Yoqubov, P.Qodirov, A.Oripov, Sh.Xolmirzayev, O.Muxtorov portretini yaratar ekan, har bir ijodkorning ko‘pchilikka noma’lum mahorat sirlarini kashf etdi. Tanqidchi portretlari ko‘pincha, o‘quvchi diqqatini tezda o‘ziga jalb etaydigan kiziqarli usulda boshlanadi. Ba’zan adabiy portretning birinchi jumlasidanoq o‘quvchi e’tiborini sirli tugunga havola etadi. Natijada, kitobxon birinchi jumladagi sirli tezis (kod)ga ergashib, adabiy portretni o‘qib qo‘yganini sezmay qoladi. Masalan, H. Olimjon haqidagi portretda shoirning o‘z so‘zlari sarlavhaga olib chiqilgan: «Men o‘zbek xalqi nomidan so‘zlayman!», Qudrat Hikmat haqidagi adabiy portret ham «Eshiting, she’r o‘qiyman» degan shoirning o‘z iborasi bilan boshlanadi. Ya’ni sarlavhadanoq tanqidchi fikr yuritayotgan ijodkor asarlarining bosh konsepsiyasi yarq etib ko‘zga tashlanadi. Munaqqid har bir adabiy portreti muqaddimasida biror chiroyli tafsilot, hayotiy voqea yoki ibratli lavha keltiradi. Ular shunchaki o‘kuvchi diqqatini jalb etish uchun keltirilmay, ko‘p o‘rinlarda adabiy portret uchun “uq ildiz, maqsadni birlashtiruvchi, ichdan umumlashtirib”, ruhan yorituvchi nurli tomir” (B.Nazarov) xizmatini bajaradi. Adabiy portretni o‘qib chiqqandagina, tanqidchi bu lirik chekinishni bekorga, shunchaki jimjimadorlik uchun keltirmaganligiga ishonch hosil qilamiz.
Sh.Xolmirzayev, O.Muxtorov ijodiga oid portretlar ham jonli xotiralar asosida yozilgani bilan e’tiborga loyiq.
M.Qo‘shjonov bolalar adabiyotini o‘rganishga ham munosib hissa qo‘shdi. Q.Muhammadiy, Q.Hikmat, H.Po‘lat ijodiga bag‘ishlangan adabiy portretlarda bolalar adabiyoti muammolarini o‘rgandi.
M. Qo‘shjonovning portretnavis sifatidagi uslubini quyidagicha belgilash mumkin: 1) adabiy portretda ijodkor qiyofasi, tabiati, faoliyatini yaqqol gavdalantirish. Bu tipga Oybek, A.Qahhor, A.Oripov haqidagi adabiy portretlari kiradi; 2) portretni shu ijodkorning o‘zi haqidagi fikrlari bilan to‘yintirish va adibning ijodiy qiyofasini yaratishda ulardan unumli foydalanish, o‘zining mulohazalari bilan omuxtalashtirib, asar yaratish. A.Qodiriy va S.Ayniy haqidagi asarlar shu tipga mansub; 3) yozuvchi yoxud shoirning butun ijodi haqida fikr yuritmay, adabiy portretga chizgilar bilan kifoyalanish. M.Sholoxov, Hamza, Asqad Muxtor va boshqalar haqidagi asarlar.
M.Qo‘shjonov Sayyorning “Hulkar” romaniga yozilgan “Xayol boshqa, boshqa” taqrizi hamda undagi ayovsiz tanqidiy fikrlari bilan o‘zbek tanqidchiligidagi talabchanlik va prinsipiallikning ajoyib namunasini ko‘rsatdi. Ibrohim Rahimning Generap Rahimov”, Yusuf Shomansurning “Qora marvarid” romanlariga yozilgan taqrizlar ham shunday xarakterga ega. Keyingi asar jiddiy qayta ishlanishii munosabati bilan tanqidchi u haqda qator ijobiy fikrlar ham aytdi.
Aytilganlar asosida shunday xulosaga kelish mumkin. Birinchidan, keyingi 60 yillik o‘zbek adabiy tanqidchiligini M.Qo‘shjonov ijodisiz to‘la tasavvur etish mumkin emas. Uning xizmatlari, avvalambor, ulkan san’atkorlar mahoratini teran tahlil qilishda namoyon bo‘ladi.
M.Qo‘shjonov haqidagi maqolalardan biriga "Mahoratshunos olim" sarlavhasi qo‘yilgan. U o‘zbek munaqqidlari orasida birinchilardan bo‘lib, shunday nom oldi. Chindan-da, tanqidchi ilmiy ishlari zamirida mahorat masalasi birinchi o‘rinda turadi. U adabiyot nazariyasi bilan shug‘ullansa ham, tanqidchilikka oid ishga ko‘l ursa ham, xalq, jamiyat manfaatini nazarda tutadi. Uning barcha ishlarida san’atkor va zamon masalasi markaziy o‘rinda turadi.
Adabiy tanqid zamonaviy adabiy jarayonni atroflicha teran va chuqur tahlil etishi, uning ichki rivojlanish qonuniyatlarini istiqbol nuri bilan ko‘rsatishi, ayni vaqtda, har bir ijodkor o‘z imkoniyatlarini to‘la darajada adabiy hodisalarga "ko‘chirish"ga ko‘maklashishi, iste’dodlarning to‘g‘ri yo‘ldan borishini ta’minlashda hamroh va yelkadosh bo‘lishi lozim. M.Qo‘shjonovning munaqqid sifatidagi xizmatlari ana shu xususiyatlarda namoyon bo‘ladi. Ayniqsa, uning keyingi yillardagi o‘zbek she’riyati, nasri xususida bildirgan fikr-mulohazalari, umumlashtiruvchi maqolalari jamoatchilik e’tiborini jalb etib kelyapti. Masalan, uning "Ijod saboqlari" kitobida adabiyotshunoslikning qator dolzarb masalalari - ijodkor mas’uliyati, zamonaviylik va mahorat, shaxsiyat va ijod, san’atkorning ma’naviy dunyosi kabi qator jiddiy muammolar yuzasidan muhim fikr-muloxazalar bildirilgan bo‘lsa, “Diydornoma” kitobida o‘nlab adib, olim va davlat arboblarining yorkin va o‘chmas qiyofalari gavdalantirildi.
"Ijod saboqlari" - yoshlarga o‘rnak bo‘larli fazilatlarga boy asar. Shulardan biri, shubhasiz,tanqidchi samimiyatidir.
M.Qo‘shjonovning doimo diqqat markazida bo‘lib kelgan muammolardan yana biri adabiyot nazariyasi masalalaridir. Uning syujet, kompozitsiya, obraz, xarakter, g‘oya kabi nazariy muammolarga bag‘ishlangan maqola va tadqiqotlari o‘zbek adabiyotshunosligining nazariy asoslarini mustaxkamlashda muhim o‘rin tutadi. U ikki jildlik "Adabiyot nazariyasi"ning mualliflaridan biridir.
"Adabiy tanqid ham ixtiro qiladi, ixtiro qilingan talantlarni ardoqlaydi", M.Qo‘shjonovning shiorlaridan biri mana shu fikrda.
mujassam. Jonkuyar tanqidchi o‘zining bu tamoyiliga butun umr sodiq yashadi. Moskvada chop etilgan “Shedrost talanta” kitobi o‘zbek tankidchiligini O‘zbekistondan yiroq-yiroqlarga tanitdi.
Mustaqillik yillarida olim shu davrgacha yaratilgan ayrim asarlarini istiklol mafkurasi asosida qaytadan ko‘rib chiqdi. Hujjatli, avtobiografik asosdagi janrlarda o‘z kuchini sinab, yangi-yangi asarlar yaratdi “Ko‘ngilda qolib ketgan gaplar” (2006), hatto o‘zining urush yillaridagi xotiralari asosida badiiy asar ham yaratdi. “Dagish”, “Alam” singari asarlar bunga misol. Jonli xotiralar, iqrorlar asosidagi badiiy publitsistik ruhdagi bunday asarlar yoshlar dunyoqarashini shakllantirishda ahamiyatga egadir.