B.Sarimsoqov Zabardast olim, filologiya fanlari doktori Bahodir Sarimsoqov nisbatan qisqa umri davomida oʻziga xos ilmiy dunyoqarash, oʻziga xos izlanish, hattoki, oʻziga xos akademizmga ega boʻlgan faoliyat bilan shugʻullandi. Uning ilmiy izlanishlari nafaqat oʻzimizda, balki Turkiya, Germaniya kabi bir qator chet mamlakatlarda ham tan olingan hamda oʻz izidan koʻplab ilm toliblarini yetaklagan. Bunday izlanishlar sirasiga “Oʻzbek adabiyotida sajʼ” (1978), “Adabiyotshunoslik terminlarining ruscha-oʻzbekcha izohli lugʻati” (1979), “Oʻzbek marosim folklori” (1986), “Adabiyot nazariyasi” (2000), “Badiiylik asoslari va mezonlari” (2004) kabi va yana bir qator kashfiyot darajasidagiasarlarini kiritishimiz mumkin.
ALISHЕR NAVOIY POETIK
SINTAKSISIDAGI BIR USUL XUSUSIDA
Bahodir Sarimsoqov
Fil. fanlari doktori, professor
Poetik sintaksis masalalari o‘zbek adabiyotshunosligida juda zaif o‘rganilgan ilmiy sohadir. Holbuki, poetik nutq va uning shakllari, badiiy kechinmaning ifodalanishida ijodkorning mahorati nazariy poetikaning dolzarb muammolarini tashkil etadi. Chunki badiiy so‘z san’tida favqulodda poetik fikr kashfiyoti qanchalar muhim bo‘lsa, ana shu fikrni o‘ziga xos tarzda ifodalash ham shunchalar ahamiyatli. Mana shu ikki jihatning, boshqacha aytganda, shakl va mazmunning uyg‘unligi azal-azaldan adabiyot nazariyasida yetakchi mavzu sanalib keladi.
Gap Alisher Navoiydek daho san’atkorning poetic sintaksisi haqida ketar ekan, ushbu masalaning qamrovi, tahrirga tortiladigan sathlarni oldindan belgilab olish lozim. Shu bois ushbu maqolamizda biz Navoiy she’riyatidagi poetik sintaksisning ikki sathi mavjudligini va bu sathlarning poetik janrlar spetsifikasi bilan aloqadorlikda hal etilishini alohida ta’kidlab o‘tishni lozim topamiz.
Birinchi sath – masnaviy, murabba’, ruboiy, tuyuq, muxammas, musaddas, musamman kabi she’riy janrlarda poetik fikrning ifodalanishiga asos bo‘lgan apperseptiv o‘choqlarni belgilab olish. Mana shu jihatdan qaraganda, masnaviy, g‘azal, qit’a, ruboiy, tuyuq, murabba’, fard kabi janrlarda apperseptiv o‘choqlar vazifasini bayt birligi ado etadi. Chunki ushbu janrlarda poetik fikr qamrovi va uning ifodalanishini bevosita baytlar tahlili orqali hal qilish mumkin.
Ikkinchi sath – muxammas, musaddas, musamman kabi janrlarda esa apperseptiv o‘choqlar vazifasini misra va she’riy band doirasida belgilash ma’qul. Chunki ularda fikriy ifoda bevosita mustaqil sintaktik qurilishga ega misralar orqali amalga oshadi va yakuniy poetik xulosa band orqali ifodalanadi. Musammat she’riy shakllar poetik sintaksisi alohida kuzatishlarni talab etadi. Shu bois biz asosan Alisher Navoiy g‘azallaridagi poetik sintaksis masalalari haqida to‘xtalamiz.
Ma’lumki, g‘azal – besh baytdan ortiq nisbiy fikriy va sintaktik mustaqillikka ega bo‘lgan baytlardan tashkil topuvchi va albatta yagona poetik xulosa bilan yakunlanuvchi janr. Shu bois g‘azal janriga xos poetik sintaksisning ham ikki aspektdagi tadqiqot yo‘nalishi mavjud. Birinchisi –g‘azal matlasidan boshlab maqtasigacha bo‘lgan baytlarning sintaktik shakllari, ular o‘rtasidagi mazmuniy hamda mantiqiy aloqadorlikni ochish. Bunday aspekt ham maxsus tadqiqot talab etuvchi soha hisoblanadi. Ikkinchisi – g‘azal tarkibidagi har bir baytning sintaktikasi va uning ikki misrada ifodalanishidan iborat. Bizning mulohazamiz bevosita mana shu aspect doirasida ketadi.
Alisher Navoiy g‘azallarida apperseptiv o‘choq hisoblanmish baytda so‘z qo‘llash, poetik jumla tuzish, har bir poetik jumlaning bayt doirasidagi shakli va lirik kechinmani ifodalashdagi shoirning mahoratini kuzatish o‘ziga xos qiziqarli muammo. Chunki poetik sintaksis, ayniqsa, uning bayt doirasidagi inkishofi shoirning fikriy qamrovi va uni ifodalashdagi evfonik, ritmik va hissiy uyg‘unlik bevosita mahorat masalalari bilan aloqadordir. Demak, g‘azaldagi eng kichik apperseptiv o‘choq hisoblanmish baytning ham poetik sintaktik tabiatida juda ko‘plab usullar, poetik figuralar mavjud. Biz ulardan biri – baytning birinchi misrasidagi fikrning ikkinchi misraga ko‘chishi, ya’ni anjambeman – fikriy ko‘chuv hodisasi haqida to‘xtalamiz.
Odatda, she’rda misralar mazmunan va shaklan tugal bo‘lishlari talab etiladi. Biroq shoir aytmoqchi bo‘lgan poetik fikr, u ifodalamoqchi bo‘lgan lirik kechinma murakkabligi tufayli baytdagi she’riy misralar mustaqilligi buziladi; birinchi misrada boshlangan poetik fikr ikkinchi misrada yakunlanadi. Tabiiyki, she’riy jumlaning birinchi misradan ikkinchi misraga ko‘chishi va bayt mazmuni, vazni va ohangini buzmagan holda davom etishi ijodkorning san’atkorligini belgilaydi. Alisher Navoiy g‘azallari poetik ko‘chuv uchun benihoya ko‘p material beradi. Chunki, XY asr, hattoki, undan keyingi davrlar o‘zbek g‘azalchiligida hech bir shoir Navoiychalik poetik ko‘chuv hodisasini ko‘p va xo‘b qo‘llamagan. Aytish mumkinki, sintaktik ko‘chuv hodisasi shoir g‘azaliyotida maxsus poetik ifoda usuli darjasiga ko‘tarilgan.
Alisher Navoiy g‘azallarida bayt tarkibidagi sintaktik ko‘chuvning quyidagi ko‘rinishlari mavjud.
1. Sintaktik ko‘chuv birinchi misradagi ikinchi hashvdan keyin, ya’ni aruz ruknidan boshlanadi. Bu ko‘chuv turi shoir g‘azaliyotida yetakchi ifoda usuli hisoblanadi. Misollar: