4-savol bayoni. 9-modda. Ta’lim tizimi
O‘zbekiston Respublikasining ta’lim tizimi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
davlat standartlariga muvofiq ta’lim dasturlarini amalga oshiruvchi davlat va nodavlat ta’lim muassasalari;
ta’lim tizimining faoliyat ko‘rsatishi va rivojlanishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan tadqiqot ishlarini bajaruvchi ilmiy-pedagogik muassasalar;
ta’lim sohasidagi davlat boshqaruv organlari, shuningdek ularga qarashli korxonalar, muassasalar va tashkilotlar.
O‘zbekiston Respublikasining ta’lim tizimi yagona va uzluksizdir.
10-modda. Ta’lim turlari
O‘zbekiston Respublikasida ta’lim quyidagi turlarda amalga oshiriladi:
maktabgacha ta’lim;
umumiy o‘rta ta’lim;
o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi;
oliy ta’lim;
oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim;
kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash;
maktabdan tashqari ta’lim.
11-modda. Maktabgacha ta’lim
Maktabgacha ta’lim bola shaxsini sog‘lom va yetuk, maktabda o‘qishga tayyorlangan tarzda shakllantirish maqsadini ko‘zlaydi. Bu ta’lim olti-yetti yoshgacha oilada, bolalar bog‘chasida va mulk shaklidan qat’i nazar, boshqa ta’lim muassasalarida olib boriladi.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 25 oktabrdagi 225-sonli «Maktabgacha ta’lim sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori.
12-modda. Umumiy o‘rta ta’lim
Umumiy o‘rta ta’lim bosqichlari quyidagicha:
boshlang‘ich ta’lim (1-4 sinflar);
umumiy o‘rta ta’lim (1-9sinflar).
Boshlang‘ich ta’lim umumiy o‘rta ta’lim olish uchun zarur bo‘lgan savodxonlik, bilim va ko‘nikma asoslarini shakllantirishga qaratilgandir. Maktabning birinchi sinfiga bolalar olti-yetti yoshidan qabul qilinadi.
Umumiy o‘rta ta’lim bilimlarning zarur hajmini beradi, mustaqil fikrlash, tashkilotchilik qobiliyati va amaliy tajriba ko‘nikmalarini rivojlantiradi, dastlabki tarzda kasbga yo‘naltirishga va ta’limning navbatdagi bosqichini tanlashga yordam beradi.
Bolalarning qobiliyati, iste’dodini rivojlantirish uchun ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilishi mumkin.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 7 avgustdagi 173-sonli «Ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori.
13-modda. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim olish maqsadida har kim umumiy o‘rta ta’lim asosida akademik litseyda yoki kasb-hunar kollejida o‘qishning yo‘nalishini ixtiyoriy ravishda tanlash huquqiga ega.
Akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari egallangan kasb-hunar bo‘yicha ishlash huquqini beradigan hamda bunday ish yoki ta’limni navbatdagi bosqichda davom ettirish uchun asos bo‘ladigan o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi beradi.
Akademik litsey o‘quvchilarning intellektual qobiliyatlarini jadal o‘stirishni, ularning chuqur, tabaqalashtirilgan va kasb-hunarga yo‘naltirilgan bilim olishlarini ta’minlaydigan uch yillik o‘rta maxsus o‘quv yurtidir.
Kasb-hunar kolleji o‘quvchilarning kasb-hunarga moyilligi, mahorat va malakasini chuqur rivojlantirishni, tanlangan kasblar bo‘yicha bir yoki bir necha ixtisos olishni ta’minlaydigan uch yillik o‘rta kasb-hunar o‘quv yurtidir.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 6 iyuldagi 200-son qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasida o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi to‘g‘risida»gi nizom.
14-modda. Oliy ta’lim
Oliy ta’lim yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni ta’minlaydi.
Oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash oliy o‘quv yurtlarida (universitetlar, akademiyalar, institutlar va oliy maktabning boshqa ta’lim muassasalarida) o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi asosida amalga oshiriladi.
Oliy ta’lim ikki bosqichga: davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatlar bilan dalillanuvchi bakalavriat va magistraturaga ega.
Bakalavriat oliy ta’lim yo‘nalishlaridan biri bo‘yicha puxta bilim beradigan, o‘qish muddati kamida to‘rt yil bo‘lgan tayanch oliy ta’limdir.
Magistratura aniq mutaxassislik bo‘yicha bakalavriat negizida kamida ikki yil davom etadian oliy ta’limdir.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 2 martdagi 36-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Magistratura to‘g‘risida»gi nizom.
Fuqarolar ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumotni shartnoma asosida olishga haqlidirlar.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: «O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida ikkinchi va undan keyingi ta’limni olish tartibi to‘g‘risida»gi nizom (ro‘yxat raqami 1844, 21.08.2008 y.).
15-modda. Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim
Oldingi tahrirga qarang.
Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim jamiyatning ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarini ta’minlashga qaratilgandir. Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot muassasalarida (katta ilmiy xodim-izlanuvchilar instituti, mustaqil izlanuvchilik) olinishi mumkin.
(15-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2013 yil 7 oktabrdagi O‘RQ-355-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2013 y., 41-son, 543-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, ilmiy daraja va ilmiy unvonlar berish tartibi qonun hujjatlarida belgilanadi.
(15-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2013 yil 7 oktabrdagi O‘RQ-355-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2013 y., 41-son, 543-modda)
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qaralsin: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 24 iyuldagi PF–4456-sonli «Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 28 dekabrdagi 365-sonli «Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim hamda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori, «Fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash to‘g‘risida»gi nizom (ro‘yxat raqami 2440, 25.03.2013 y.), «Fan doktori ilmiy darajasini berish tartibi to‘g‘risida»gi nizom (ro‘yxat raqami 2441, 25.03.2013 y.), «Malakaviy imtihonlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi nizom (ro‘yxat raqami 2442, 25.03.2013 y.), «Ekspert kengashi to‘g‘risida»gi nizom (ro‘yxat raqami 2443, 25.03.2013 y.), «Ilmiy unvonlar berish tartibi to‘g‘risida»gi nizom (ro‘yxat raqami 2444, 25.03.2013 y.).
16-modda. Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash
Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash kasb bilimlari va ko‘nikmalarini chuqurlashtirish hamda yangilashni ta’minlaydi.
Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 16 fevraldagi 25-sonli «Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qaralsin: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 4 oktabrdagi 400-sonli «O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari uchun pedagog kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori. Ushbu qaror bilan o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimi pedagog va muhandis-pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim muassasalarining ro‘yxati tasdiqlangan.
17-modda. Maktabdan tashqari ta’lim
Bolalar va o‘smirlarning yakka tartibdagi ehtiyojlarini qondirish, ularning bo‘sh vaqti va dam olishini tashkil etish uchun davlat organlari, jamoat birlashmalari, shuningdek boshqa yuridik va jismoniy shaxslar madaniy-estetik, ilmiy, texnikaviy, sport va boshqa yo‘nalishlarda maktabdan tashqari ta’lim muassasalarini tashkil etishlari mumkin.
Maktabdan tashqari ta’lim muassasalariga bolalar, o‘smirlar ijodiyoti saroylari, uylari, klublari va markazlari, bolalar-o‘smirlar sport maktablari, san’at maktablari, musiqa maktablari, studiyalar, kutubxonalar, sog‘lomlashtirish muassasalari va boshqa muassasalar kiradi.Maktabdan tashqari ta’lim muassasalarini tashkil etish va ularning faoliyat ko‘rsatish tartibi qonun hujjatlarida belgilab qo‘yiladi.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qaralsin: Vazirlar Mahkamasining 1995 yil 18 fevraldagi 59-son qarori bilan tasdiqlangan «Maktabdan tashqari ta’lim muassasasi to‘g‘risida»gi nizom.
18-modda. Oiladagi ta’lim va mustaqil ravishda ta’lim olish
Davlat oilada ta’lim olishga va mustaqil ravishda ta’lim olishga ko‘maklashadi. Bolalarni oilada o‘qitish va mustaqil ravishda ta’lim olish tegishli ta’lim muassasalarining dasturlari bo‘yicha amalga oshiriladi. Ta’lim oluvchilarga vakolatli davlat muassasalari tomonidan uslubiy, maslahat va boshqa yo‘sinda yordam ko‘rsatiladi.
Qarang: «Jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan hamda uzoq vaqt davolanishga muhtoj bolalarning uyda yakka tartibda ta’lim olishlarini tashkil etish tartibi to‘g‘risida»gi nizom (ro‘yxat raqami 2691, 30.06.2015 y.).
19-modda. Ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar
Akkreditatsiya qilingan ta’lim muassasalarining bitiruvchilariga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat (shahodatnoma, diplom, sertifikat, guvohnoma) beriladi. Davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat oilada ta’lim olgan yoki mustaqil ravishda bilim olgan va akkreditatsiya qilingan ta’lim muassasalarining tegishli ta’lim dasturlari bo‘yicha ekstern tartibida imtihonlar topshirgan shaxslarga ham beriladi, davlat ta’lim muassasalarida o‘qitilishi shart bo‘lgan va ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilab qo‘yiladigan mutaxassisliklar bundan mustasno.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 29 yanvardagi 16-sonli «Davlat oliy ta’lim muassasalarida eksternat asosida o‘qish amalga oshirilmaydigan bakalavriat ta’limi yo‘nalishlari ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori.
Oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomga o‘zlashtirilgan fanlar ro‘yxati, ularning hajmlari va fanlarga qo‘yilgan baholar yozilgan varaqa ilova qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Dissertatsiya himoya qilgan shaxslarga belgilangan tartibda fan doktori ilmiy darajasi beriladi va davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi diplom topshiriladi.
(19-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2013 yil 7 oktabrdagi O‘RQ-355-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2013 y., 41-son, 543-modda)
Davlat ta’lim standartlariga mos kelgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi bilan xorijiy davlatlarning hukumatlari o‘rtasidagi ikki tomonlama bitimlar asosida har ikki tomonning ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatlari belgilangan tartibda o‘zaro tan olinishi mumkin.
Tegishli bosqichdagi ta’limni tugallamagan shaxslarga belgilangan namunadagi ma’lumotnoma beriladi.
Davlat tasdiqlagan namunadagi ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat navbatdagi bosqich ta’lim muassasalarida ta’lim olishni davom ettirish yoki tegishli ixtisoslik bo‘yicha ishlash huquqini beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 25 iyuldagi 283-son qarori bilan tasdiqlangan «Rasmiy davlat hujjatlarini tayyorlashga buyurtma berish, ularni tayyorlash, hisobga olish, saqlash va topshirish tartibi to‘g‘risida»gi Nizom ilovasining («Rasmiy davlat hujjatlari») IV-bo‘limiga muvofiq, 1) to‘liqsiz o‘rta ma’lumot to‘g‘risida shahodatnoma; 2) o‘rta ma’lumot to‘g‘risida attestat; 3) o‘rta maxsus va kasb-hunar ma’lumoti to‘g‘risida diplom; 4) oliy ma’lumot to‘g‘risida diplom; 5) fan nomzodi yoki doktori diplomi ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatlar hisoblanadi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 2 iyundagi 235-sonli «Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnomaning davlat namunasini tasdiqlash haqida»gi qarori.
Nazorat savollar: O‘rta maxsus, kasb hunar ta’limining bosqichlari haqida tushuncha bering.
Ta’limning qaysi turlari majburiy hisoblanadi?
Ta’limning qaysi turlari majburiy emas?
Mutaxassisliklar yo‘nalishi bo‘yicha fundamental va amaliy bilim beradigan ta’lim muddati kamida to‘rt yil davom etadian tayanch oliy ta’lim bu qanday ta’lim hisoblanadi? Uning mohiyatini tushuntiring.