4-savol bayoni.
Bugungi kunda o‘qituvchi-olimlar (L.I.Nikova va boshqalar) bolalar jamoasining rivojlanish jarayonining mohiyatini tahlil qilar ekanlar, uni qo‘yidagi uch bosqichga bo‘ladilar:
a) jamoani dastlabki jipslashtirish;
b) jamoani shakllantirish asosida uning har bir a’zosini individual rivojlantirish;
v) jamoaning umumiy faoliyatini yo‘lga qo‘yish.
Jamoa hayotida muhim o‘rin tutuvchi har bir bosqichni ajratib ko‘rsatish yuqorida bayon etilgan fikrlarga zid emas, balki shaxsning rivojlanishida jamoaning yetakchi ahamiyatini ta’kidlaydi.
A.S.Makarenko jamoa a’zolari o‘rtasida yuzaga keluvchi munosabatlarining ichki xususiyatlariga katta ahamiyat bergan edi. Pedagog jamoada shakllangan eng muhim quyidagi belgilarni ajratib ko‘rsatgan edi:
1) major - doimiy tetiklik, o‘quvchilarning faoliyat (harakat)ga tayyorliklari;
2) o‘z jamoasining qadriyatlari mohiyatini tushunish, uning uchun g‘ururlanish asosida o‘z qadr-qimmatini anglash;
3) jamoa a’zolari o‘rtasidagi do‘stona birlik;
4) jamoaning har bir a’zosida qaror topgan do‘stona birlik;
5) tarbiyali, ishchan harakatga yo‘llovchi faollik;
6) hissiyotni boshqara olish hamda muloqot odobiga amal qilish ko‘nikmasi.
Jamoani shakllantirishda jamoa a’zolari va ularning faoliyatlariga qo‘yiladigan yagona talablar muhim ahamiyat kasb etadi.
Yagona talab o‘quvchilarning dars jarayonidagi, tanaffus, sinfdan tashqari ishlar vaqtidagi, shuningdek, jamoat joylari hamda oiladagi xulq-atvor qoidalarni o‘z ichiga oladi.
Puxta o‘ylab qo‘yilgan talablar tizimining muntazam amalga oshirilishi maktabda muayyan tartibning o‘rnatilishini ta’minlaydi.
O‘qituvchilar tomonidan qo‘yilgan talablar quyidagi sharoitlarda ijobiy natija beradi:
1. Qo‘yilayotgan talablar o‘quvchi shaxsini hurmat qilish tuyg‘usi bilan uyg‘unlashgan bo‘lishi kerak.
2. Talablar muayyan maktab yoki sinfdagi mavjud sharoitni hisobga olgan holda qo‘yilishi lozim.
3. Jamoaga nisbatan qo‘yilayotgan talablar aniq bo‘lishi lozim.
4. O‘quvchilarning tashqi qiyofasi, kiyinishi, yurish-turishi hamda muomalasiga nisbatan qo‘yilayotgan talablar, ularda ma’naviy madaniyatni shakllantirishga xizmat qilishi shart.
O‘quvchi qo‘yilayotgan talablar hajmi va tizimini bilibgina qolmasdan, talab qo‘yish metodikasini ham o‘zlashtira olgan bo‘lishi kerak.
O‘quvchilar jamoasiga nisbatan talablarni qo‘yish metodikasi bolalarni talablar mazmuni bilan tanishtirish, talablarning ahamiyatini tushuntirish, tajriba orttirish hamda o‘quvchilar faoliyat, shuningdek, qo‘yilayotgan talablarning bajarilish holatini muntazam suratda nazorat qilib turishdan iborat.
O‘quvchilarni talablar bilan tanishtirish ko‘pincha umumiy majlislarda amalga oshiriladi, bunda ta’lim muassasasining direktori yoki o‘quv ishlari bo‘yicha direktr o‘rinbosari istiqbol rejalari va ularni amalga oshirish jarayonidagi talablar mazmuni bilan o‘quvchilarni tanishtiradi. Batafsil tanishtirish ayrim hollarda amalda ko‘rsatish, keyinroq sinflar bo‘yicha sinf majlislari yoki maxsus suhbatlarni uyushtirish asosida amalga oshiriladi.
Xulq-atvorni tarkib toptirishga yo‘naltirilgan talablar bilan tanishtirish mazkur talablar ustida mashq qildirish bilan qo‘shib olib borilishi kerak. Xulq-atvorni tarbiyalash ongni tarbiyalashga qaraganda ancha murakkab ish. O‘quvchilar talablar mohiyatini yaxshi anglashlari mumkin, biroq aksariyat hollarda ularga rioya qilmaydilar. Shu bois muntazam ravishda mashq qildirish madaniy xulq-atvorni odatga aylantiradi.
Talablarning qo‘yilishi jarayonida ularga o‘quvchilarning amal qilishi ustidan nazorat o‘rnatish lozim. Nazorat qilib borish turli shakllar yordamida amalga oshiriladi, chunonchi, xulq-atvor jurnalini yuritish, sinfdagi navbatchilik uchun stendda baholarni qayd etib borish va boshqalar. Qo‘yilayotgan talablarning bajarilishi yuzasidan olib borilayotgan nazorat muntazam ravishda, izchil olib borilishi va haqqoniy bo‘lishi zarur. Olib borilgan nazorat natijalaridan o‘quvchilarni ogoh etib borish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Jamoani uyushtirish va jipslashtirish unda faol (aktiv)ni tarbiyalash bilan chambarchas bog‘liq. Har bir o‘qituvchining jamoani shakllantirish borasidagi harakti jamoaning tayanch yadrosini tanlashdan boshlanadi.
Jamoa faolini shakllantirish jamoaning u yoki bu faoliyatiga nisbatan ehtiyoji mazmunidan kelib chiqadi.
Ishonchli, ishchan jamoa faolini yaratish uchun o‘qituvchi o‘quvchilar faoliyatini ularning jamoa ishlaridagi ishtiroki, xulq-atvorini kuzatib borishi har bir o‘quvchining ijtimoiy faoliyatni tashkil etish layoqatini aniqlash zarur.
Jamoa faolini shakllantirishda o‘quvchilarning jamoadagi obro‘sini ham inobatga olish lozim. Jamoa faoli tarkibini bolalarning o‘zlari, albatta, o‘qituvchi ishtirokida va rahbarligida tanlasa maqsadga muvofiq bo‘ladi. O‘qituvchi jamoa faoli bilan maslahatlashish asosida tarbiyaviy faoliyatni tashkil etadi.
Jamoa faolining har bir a’zosi zimmasiga muayyan vazifani yuklash, ularning ma’lum davrda ana shu vazifalar yuzasidan hisobot berib borishlariga erishish maqsadga muvofiq. O‘qituvchi aynan faolga oshirilgan talab qo‘yadi. O‘quvchilar jamoasida faol rahbarligida o‘z-o‘zini boshqarish jamoa a’zolaridan ayrimlarining boshqasi ustidan ustun kelishiga olib kelmasligi kerak.
Shu bois o‘qituvchi faolni maqsadga muvofiq faoliyat yuritishini nazorat qilib borishi lozim.
O‘quvchilarning o‘z-o‘zini boshqarishi bu o‘qituvchilar tomonidan tashkil qilinadigan jamoa ishini uyushtirish va boshqarishda o‘quvchilarning faol ishtirok etishidir. O‘z-o‘zini boshqarishning shakllari orasida jamoa a’zolarining yig‘ilishi, konferensiyasi hamda turli komissiyalar (masalan, o‘quv komissiyasi yoki tozalik komissiyasi) faoliyati muhim o‘rin tutadi.
O‘quvchilar jamoasini shakllantirishda an’analar muhim o‘rin tutadi. Jamoa an’analari jamoa a’zolari tomonidan birdek qo‘llab-quvvatlanuvchi barqarorlashgan odatlar bo‘lib, ularning mazmunida munosabatlar xususiyati hamda jamoaning ijtimoiy fikri yorqin ifodalanadi.
Jamoa an’analari shartli ravishda ikkiga bo‘linadi:
a) kundalik faoliyat an’analari;
b) bayram an’analari.
Kundalik faoliyat an’analari o‘quvchilarning o‘quv faoliyati (o‘zaro yordam turlari), va mehnat faoliyati (ko‘chatlar o‘tkazish, hasharlar uyushtirish va boshqalar)ni o‘z ichiga oladi.
Bayram an’analariga ijtimoiy ahamiyatga ega turli voqea hamda hodisalar bilan bog‘liq sanalar (xususan, «Alifbe bayrami», «Mustaqillik bayrami», «Navro‘z bayrami», «Xotira va qadrlash kuni» va boshqalar)ni nishonlash maqsadida tashkil etilgan faoliyat kiradi.
An’anaviy bayramlar o‘quv muassasalarida turlicha o‘tkaziladi. O‘quvchilar an’analar mohiyatini anglasalar, ularga nisbatan ongli munosabatda bo‘lsalargina uning ta’sir kuchi yuqori bo‘ladi.
An’analarning yuzaga kelishida o‘quvchilarning unga nisbatan munosabati katta ahamiyatga ega. Maktab rahbariyati va o‘qituvchilar o‘quvchilar jamoasiga muayyan sanalarga bag‘ishlab haddan ziyod ortiqcha tadbirni uyushtirish talabini qo‘ymasligi zarur.
Tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazishda o‘qituvchilar jamoasi yoki o‘qituvchi tomonidan ushbu jarayonda o‘quvchilar jamoasi bilan birgalikda ish olib borish, ularni an’analarni davom ettirishga o‘rgatish masalasiga alohida e’tibor qaratishlari pedagogik jihatdan ijobiy natijalarni beradi.
Jamoa va uning shaxsni shakllanishidagi o‘rni va roli muammosi yuzasidan olib borilgan ilmiy tadqiqotlar shaxs va jamoa o‘rtasidagi munosabatlarning rivojlanishi borasida quyidagi andozaning yaratilishini ta’minlaydi:
O‘quvchilar jamoasi ijtimoiy-foydali ahamiyat kasb etuvchi umumiy maqsad va birgalikdagi faoliyatga asosan jipslashgan o‘quvchilar birlashmasi, guruhidir. O‘quvchilar jamoasi (shuningdek, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari jamoasi)ga rasmiy saylangan (tayinlangan) o‘quvchi hamda o‘qituvchilar yo‘lboshchilik qiladi. Ular sirasiga guruh rahbari, guruh faollari (xususan, guruh yetakchisi (starosta), «Kamolot» tashkilotining guruh bo‘limi raisi, tozalik komissiyasi raisi, devoriy gazeta muharriri va boshqalar).
Bolalar jamoalarida rasmiy yetakchilar bilan birga norasmiy yo‘lboshchilarning mavjudligi ko‘zga tashlanadi. Odatda rasmiy yo‘lboshchilar tarkibini a’lo baholarga o‘qiydigan, jamoa ishlarida faol ishtirok etuvchi o‘quvchilar tashkil etsa, norasmiy liderlar garchi bu kabi sifatlarni namoyon etmasalarda, ayrim sifatlariga ko‘ra tengdoshlarini o‘z ortlaridan ergashtira oladilar. Bunday o‘quvchilar boshqalardan jismonan kuchliligi, qat’iyatliligi, hech narsadan cho‘chimasligi, o‘ziga bo‘lgan ishonchi bilan ajralib turadilar. Norasmiy liderlarning ma’naviy-axloqiy qiyofasi boshqa o‘quvchilarga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois sinf rahbari hamda maktab pedagogik jamoasi bunday liderlarning faoliyatini bevosita va bilvosita nazorat qilib borishlari zarur.
O‘quvchilar uyushmasiga pedagogik rahbarlik, yuqorida qayd etilganidek, aksariyat holatlarda sinf rahbari tomonidan amalga oshiriladi. Shu sababli sinf rahbari guruhning umumiy hamda har bir a’zosining individual xususiyatlarini bilishi, ularni inobatga olgan holda jamoaga yondashishi zarur. Sinf rahbarining norasmiy liderlar va ularning shaxsi haqida to‘laqonli ma’lumotlarga ega bo‘lishi pedagogik faoliyatni samarali tashkil etishga yordam beradi.
Yuqorida bildirilgan fikrlardan quyidagi xulosalarga kelish mumkin.
1. Jamoa bir necha a’zo (kishi)lardan tashkil topgan muayyan guruh bo‘lib, u ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan umumiy maqsad asosida birlashadi hamda mazkur maqsadni amalga oshirish uchun yo‘naltirilgan faoliyatni tashkil etadi.
2. Jamoa o‘zida bir necha xususiyat (belgi)larni namoyon etadi.
3. Jamoani shakllantirish muayyan qonuniyatlarga bo‘ysunadigan uzoq muddatli, murakkab jarayon bo‘lib, u ko‘pchilik tadqiqotchilarning e’tirof etishlariga ko‘ra to‘rt bosqichdan iborat bo‘ladi.
4. Jamoani shakllantirish o‘ziga xos metodika asosida amalga oshriladi. Ushbu metodika doirasida jamoaga nisbatan talablarning qo‘yilishi, jamoa faoli (aktivi)ni tarbiyalash masalasi alohida ahamiyatga egadir.
5. Jamoaning mustahkam bo‘lishi, uning a’zolari o‘rtasida o‘zaro yordam hamda hamkorlikning qaror topishida jamoa an’analari muhim ahamiyat kasb etadi.