Nazariy aql – borliqdagi umumiy narsalarni idrok etishdir.
Amaliy aql – buyumlarni tanlashda turtki sifatida ko‘rinadigan qobiliyatlardan.
O‘z davrining yirik ma'rifatchilaridan hisoblangan Abdulla Avloniy ham yoshlarni ilmli bo‘lishga chakiradi. U aql va ilmni ulug‘laydi hamda «Aql insonning piri komili, murshidi yagonasidir. Ruh ishlovchi, aql boshlovchidir» deb yozadi.
Muallif o‘z fikrini aniqrok va ravshanroq anglashi uchun shunday deb aytadi. «Hayvonlar o‘zlariga bo‘laklar tarafidan qiladurg‘on zulm va jabrlarni shox, tish, tirnoqlari ila qaytarurlar. Lekin inson aql idroki soyasida o‘ziga keladurg‘on zarar va zulmlardan saqlanur. yer yuzidagi hayvonlarni asir kilib, bo‘ynidan bog‘lab iplari uchini qo‘llariga bergan insonlarning aqlidir».
Maktabgacha tarbiya yoshdagi bolalarga ta'lim berish g‘oyasi birinchi bo‘lib chet el pedagogikasida chex pedagogi Yan Amos Komenskiy (1592-1670) tomonidan yaratilgan. U ona rahbarligida 6 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ta'lim-tarbiya berish mumkinligini ko‘rsatib berdi. Shu davrda bolani yoshini e'tiborga olgan holda kishi o‘rganishi lozim bulgan hamma narsaga o‘rganish lozim deydi. Demak, maktabgacha yoshdagi bolalarga ya'ni biz ta'lim-tarbiya beradigan bolalarga har tomonlama bilim, ko‘nikma va malakalarni singdirishimiz mumkin. U 19 bo‘limdan iborat maktabgacha ta'lim dasturini tuzdi. Ya.A.Komenskiy «Onalar maktabi» kitobida kichik bolalarni ta'lim-tarbiyasiga, o‘qish metodikasiga katta e'tibor bergan.
Maktabgacha yoshdagi bolalarni aqliy tarbiyalash bolani faol fikrlash faoliyatini rivojlantirishga kattalarning ma'lum maqsad bilan ta'sir etishidir. U bolalarga tevarak-atrofdagi olam haqida bilimlar berishni, ularni sistemalashtirishni, bolalarda bilishga qiziqish uyg‘otishni, aqliy malaka ko‘nikmalarini tarkib toptirishni, bilish qobiliyatlarini rivojlantirishni o‘z ichiga oladi.
Bolalarni 6-7 yoshdan boshlab maktabda o‘qishga o‘tishi munosabati bilan ularni, maktab ta'limiga tayyorlash uchun aqliy rivojlanish yetarli darajada bo‘lishini ta'minlash tarbiyachilarning javobgarligini yanada oshiradi.
Aqliy kamolot – bu yoshning o‘sib tajribaning boyib borishi munosabati bilan tarbiyaviy ishlar ta'sirida bolaning aqliy faoliyatida ro‘y beradigan miqdor va sifat o‘zgarishlarining majmuasidir. Maktabgacha yoshdagi bolalarda bilim tez sur'atlar bilan boyib boradi, nutq shakllanadi, bilish jarayonlari takomillashadi. Xullas, bola eng oddiy aqliy faoliyat usullarini egallab boradi. Maktabgacha yoshdagi bolalarning aqliy rivojlanishini ta'minlash ularni kelajakdagi butun faoliyati uchun katta ahamiyatga ega. Bola ijtimoiy muhit ta'sirida aqliy tomondan rivojlanib boradi. Atrofdagi kishilar bilan muomala kilish jarayonida u tilni va u bilan tarkib topgan tushunchalar sistemasini o‘zlashtiradi. Natijada maktabgacha ta'lim yoshdagi bola tilini shunchalik egallab oladiki, unda muomala vositasi sifatida erkin foydalanadigan bo‘lib qoladi.
Aqliy rivojlanish fikrning tengligida vokealarni har xil bog‘lanishlarida, munosabatlarda ko‘ra bilish, umumiylashtirish qobiliyatida namoyon bo‘ladi.