O’simliklar fiziologiyasi fani



Yüklə 14,88 Kb.
tarix07.01.2024
ölçüsü14,88 Kb.
#204261

O’simliklar fiziologiyasi fani

Reja:


  1. O’simliklar fiziologiyasi fanining vazifalari.

  2. O’simliklar fiziologiyasining boshqa fanlar bilan aloqasi.

  3. O’simliklar fiziologiyasi fanining asosiy usullari.

  4. O’simliklar fiziologiyasi fanining rivojlanish tarixi.

  5. O’zbekiston fitofiziologlari oldida turgan asosiy vazifalar.

O’simliklar fiziologiyasi o’simliklar tanasida sodir bo’ladigan hayotiy jarayonlar, murakkab qonuniyatlar va hodisalar zanjirini o’rganuvchi fandir. Fotosintez, nafas olish, suv rejimi va tiriklik asosini tashkil etuvchi boshqa hayotiy kechinmalarni o’rganish, tahlil qilish va ularni odam uchun foydali tomonga o’zgartirish, ya’ni yuqori va sifatli hosil olishga qaratish mazkur fanning asosiy vazifasi hisoblanadi. Shu ma’noda o’simliklar fiziologiyasi agronomiya fanlarining nazariy asosini tashkil etadi. Chunki fiziologiya sohasida erishilgan har bir yutuq, o’simlikshunoslikda ham yangi muvaffaqiyatlarga sabab bo’ladi. Ayniqsa, keyingi yillarda bu sohada erishilgan ijobiy natijalar: tabiiy suvlardan tejamkorlik bilan foydalanish maqsadida sug’orish ishlarini tartibli yo’lga qoyish, mineral va organik o’g’itlardan samarali foydalanish, o’sish va rivojlanishni boshqarish, tashqi sharoitning noqulay omillariga o’simliklar chidamliligini oshirish kabi ishlarning hammasi o’simliklar fiziologiyasining yutuqlariga asoslangandir.
O’simliklar fiziologiyasi botanika fanlari qatoriga kirishi bilan bir qatorda hayvonlar fiziologiyasi, biokimyo, biofizika, molekulyar biologiya, mikrobiologiya, kimyo, fizika kabi fanlar bilan ham chambarchas bog’liqdir, ularning yutuqlaridan foydalanadi, o’z navbatida ularga ta’sir etadi. Keyingi yillarda kimyo va fizika fanlarining zamonaviy usullari: xromotografiya, nishonlangan atomlar, elektron mikroskopiya, elektroforez, differensial sentrifugalash, spektrofotometriya, rentgenostruktura analizi va boshqalardan foydalanish natijasida fiziologiya fanida juda katta yutuqlarga erishildi. Bu usullarni qo’llash tufayli o’simlik hujayrasining murakkab tuzilishi, hujayra organoidlarining strukturasi va fiziologik funksiyalari, hujayraning moddalarni o’zlashtirish va ajratib chiqarish jarayonida membranalarning ahamiyati va boshqalar bir- muncha puxta o’rganildi. Ayniqsa o’simliklar tanasida energiyani to’plash va sarflash mexanizmi haqidagi tushunchalar kengaydi. Chunki yorug’likning elektromagnit energiyasini organik moddalar tarkibidagi erkin kimyoviy energiyaga aylantirish va to’plash yashil o’simliklarning eng muhim spesifik xususiyatidir. Bu xususiyati bilan yashil o’simliklar tabiatdagi barcha boshqa tirik organizmlardan farq qiladi va yer yuzida hayotning barqarorligini ta’minlaydi. S.P.Kostichev (1872- 1931) «Agar yashil barg bir necha yilga ishlashni to’xtatsa, yer yuzidagi barcha jonzot, jumladan insoniyat ham nobud bo’ladi» degan edi.
Ingliz olimi D.Pristli (1771), gollandiyalik olim Y.Ingenxauz (1779), shvetsariyalik olimlar J.Senebe (1782) va T.Sossyur (1804) bir-birlarining ishlarini to’ldirish natijasida, o’simliklarda fotosintez jarayonining mavjudligini ochdilar. Ya’ni, yorug’likda yashil o’simliklar karbonat angidridni o’zlashtirib uglerodli birikmalarni to’plash xususiyatiga ega ekanligi aniqlandi.
O’simliklar fiziologiyasi tarixida 1800 yil burilish yili hisoblanadi. Chunki, shu yili J.Senebening 5 tomlik «O’simliklar fiziologiyasi» kitobi chop etildi va u o’simliklar fiziologiyasining mustaqil fan sifatida tugilishi va kelajakdagi rivojlanishiga asos soldi. J.Senebe «O’simliklar fiziologiyasi» terminini taklif etish bilan chegaralanib qolmasdan, bu fanning asosiy vazifalarini, predmeti va usullarini aniqlab berdi.
O’simliklar fiziologiyasi sohasida Moskva maktabining tashkilotchisi K.A.Timiryazev bo’ldi. U 1870-1892 yillarda Petrov dehqonchilik va o’rmon akademiyasining (hozirgi K.A.Timiryazev nomidagi Moskva qishloq xo’jalik akademiyasi) professori va 1878-1911 yillarda Moskva universiteti professori bo’lib ishladi. U yangi fizik va kimyoviy usullarni qo’llash natijasida fotosintezning muhim qonuniyatlarini aniqlashga muvaffaq bo’ldi, xlorofillning fizikaviy va kimyoviy xossalarini o’rganishga katta hissa qo’shdi. Fotosintez Yorug’lik jadalligiga, spektral tarkibiga va quyosh yorug’ligining energiyasiga bog’liq ekanligini aniq tajribalar orqali isbotladi. K.A.Timiryazevning «O’simliklar hayoti» (1878), «Charlz Darvin va uning ta’limoti» (1883), «O’simliklar fiziologiyasining yuz yillik natijasi» (1901), «O’simliklar fiziologiyasi va dehqonchilik » (1906) va boshqa asarlari o’simliklar fiziologiyasi fanining rivojlanishida alohida ahamiyatga ega.
O’simliklarning ekologik fiziologiyasiga asos solgan olimlardan biri N.A.Maksimovdir (1880-1952). U o’zining shogidlari (I.I.Tumanov, F.D. Skazkin, V.I.Razumov, B.S. Mashkov, L.I.Djaparidze, V.G. Aleksandrov, I.V. Krasovskaya va boshqalar) bilan birgalikda o’simliklarning kishining noqulay omillari ta’siriga sovuqqa, qurg’oqchilikka chidamlilik fiziologiyasi, o’sish va rivojlanish, sun’iy Yorug’likda o’sish kabi jarayonlarning nazariy asoslarini ishlab chiqdi.
O’zbekistonda o’simliklar fiziologiyasi mustaqil fan sifatida 1920 yil O’rta Osiyo Davlat Universitetining tashkil etilishidan keyin (Toshkentda) rivojlana boshladi. Universitetda o’simliklar fiziologiyasi va biokimyosi kafedrasi tashkil etildi.
Keyinchalik Samarqand Davlat Universiteti takshil etilgandan so’ng o’simliklar fiziologiyasi va mikrobiologiya kafedrasi ochildi. Bu kafedralar hozir ham mavjud. Ular o’simliklar fiziologiyasi fanining rivojlanishiga katta hissa qo’shdilar.
O’zbekiston sharoitida fitofiziologlar (A.V.Blagoveshenskiy, N.D. Leonov, V.A. Novikov, V.S.Shardakov, N.A. Todorov, M.X.Ibragimov, N.N. Nazirov, S.S.Abayeva, M.A.Belousov, X.X.Yenileyev va boshqalar) birinchi navbatda g’o’za va boshqa o’simliklarning hayotiy jarayonlarini keng o’rganib, nazariy va amaliy xulosalar qildilar. Hozirgi vaqtda O’zbekiston FA tizimidagi ilmiy- tekshirish institutlari (eksperimental biologiya, botanika), qishloq–xo’jalik Akademiyasi va boshqa ilm dargohlarida akademik, professorlar tinmay izlanish ishlarini olib bormoqdalar. Umuman Respublikamizda o’simliklar fiziologiyasi fani keng ko’lamda rivojlanib bormoqda. O’zbekiston fitofiziologlari birlashmasining ta’sis etilishi (1989 va 1991 yilda Toshkentda) O’zbekiston fiziologlarining birinchi se’zdi o’tkazilishi bunga yaqqol dalil bo’ladi.
O’zbekiston o’simliklar fiziologlari taklifiga asosan sezd muhokama qilgan asosiy hayotiy jarayonlarni (Fotosintez, mineral oziqlanish va hosildorlik, lipidlar, o’simliklar immuniteti, sho’rlikka chidamlilik, rivojlanish jarayonlari va tashqi sharoitning noqulay omillari ta’siriga chidamlilik, reproduktiv a’zolar fiziologiyasi, fiziologik faol moddalar ta’siri va boshqalar) o’rganish, qishloq xo’jalik o’simliklaridan eng yuqori hosil olishning nazariy asoslarini ishlab chiqish o’simliklar fiziologiyasi fani oldida turgan eng dolzarb vazifalardan biridir.
FOYDALANILGAN ASOSIY ADABIYOTLAR.

1. Pleshkov B.P. Bioximiya selskoxozyaystvennx rasteniy. M. “Kolos” 1969 g.


2. Lebedov S.I. Fiziologiya rasteniy. M. 1988 g.
3. Yakushkina N.I. Fiziologiya rasteniy. M. 1980 g.
4.Mustaqimov G.D. O‘simliklar fiziologiyasi va mikrobiologiya asoslari. T.1995 y.
4. Xo’jaev J. X O’simliklar fiziologiyasi Toshkent “Mexnat” 2004
5. Rubin B.A. Kurs fiziologii rasteniy. M. 1976 g.
Yüklə 14,88 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin