4. Individuallik tushunchasi. Individuallik – «Individ» atamasidan yasalgan bo‘lib, insonning noyob xususiyatlarini ifodalaydigan tushuncha.
Insonni turli darajada: yakka tarzda va tarixiy rivojlanishining aniq-tarixiy o‘ziga xosligini aks ettirishda «individ» tushunchasi bilan bir qatorda «shaxs» tushunchasi ham qo‘llaniladi. «Shaxs» bir qator gumanitar fanlarning falsafa, ruxshunoslik, pedagogika va sotsiologiyani o‘rganish ob’yekti hisoblanadi.
5. «Shaxs» –odamning ijtimoiy xususiyatlarining yaxlit majmui bo‘lib, ijtimoiy taraqqiyot va individning faol xatti-harakati hamda muomalasi vositasida ijtimoiy munosabatlar tizimiga qo‘shilishining mahsuli hisoblanadi.
Falsafa shaxsni faoliyat sub’yekti, ong va ijodiyot sifatida tutgan o‘rni, nuqtai-nazaridan qarab chiqadi. Ruxshunoslik - shaxsni ruxiy jarayonlar, xususiyat, qobiliyat, iroda sifatlari va boshqa jihatlardan barqaror yaxlit holda o‘rganadi.
Sotsiologik yondashuv shaxsning sotsial-tipik jihatini ajratadi. Shaxs sotsiologik nazariyasining asosiy masalasi shaxsning shakllanish jarayoni va uning ehtiyojlarini qondirish, sotsial birlikda rivojlanishi va amal qilishi, jamiyat bilan shaxs aloqalari, shaxs va guruhlar, shaxsning sotsial fe`l-atvorini, tartibga solish qonuniyatlarini o‘rganish bilan chambarchas bog‘langan. Bu yerda, sotsiologiyada shaxsni o‘rganishga ayrim umumiy tamoyilar nuqtai-nazaridan yondashuv ifodalangan.
Sotsiologiya shaxsga oid ko‘pgina nazariyalarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, ular bir-birlaridan qat’iy metodologik ko‘rsatmalar orqali farq qiladilar.Insonning qaysi jihati shaxs tushunchasida nomoyon bo‘ladi?
Insonning ikki xil ehtiyoji mavjud: tabiiy va ijtimoiy. Tabiiy - bu barcha biologik ehtiyojlar. Ijtimoiy - mehnat faoliyati, ijtimoiy faollik, ma’naviyat va boshqalar.Shaxs bu insonning jismoniy tabiati emas, balki uning ijtimoiy sifatidir. Shaxs ehtiyojlari uning manfaatlari orqali nomoyon bo‘ladi. Manfaatlar esa uni maqsadli faoliyatga yo‘llaydi. Kishilarning ijtimoiy munosabatlari ularning xulqlarida, eng avvalo, manfaatlar tarzida nomoyon bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida shaxs faoliyatining maqsadini, mazmunini va mohiyatini ifodalaydi. Manfaatlarning maqsadga aylanishi shaxs faoliyati motivining oliy darajasidir.