5.Semestr 3 Mavzu :Katta ijtimoiy guruhlar psixologiyasi
Har bir shaxs o`z faoliyatini turli guruhlar sharoitida yoki turli guruhlar ta’sirida
amalga oshiradi. Chunki jamiyatdan chetda qolgan yoki insonlar guruhiga umuman
qo`shilmaydigan individning o`zi yo`q. Kishi jamiyatda yashar ekan, u doimo turli
insonlar bilan
muloqotda, o`zaro ta’sirda bo`ladi, bu muloqot jarayonlari esa doimo
kishilar guruhida ro`y beradi. Shuning uchun ham guruhlar
muammosi, uni o`rganish
va guruhlarning shakllanishiga oid ilmiy xulosalar chiqarish ijtimoiy psixologiyaning
asosiy mavzularidan va muammolaridan biridir.
Psixologik ma’noda
guruh — bu umumiy belgilar umumiy faoliyat, muloqot hamda
umumiy maqsad asosida birlashgan kishilar uyushmasidir. Umuman
odamlar guruhi
tashkil topishi uchun albatta, qandaydir umumiy maqsad yoki tilaklar,
umumiy
belgilar bo`lishi shart. Masalan, talabalar guruhi uchun umumiy narsalar ko`p (o`quv
faoliyati, bilim olish, yoshlarga xos birliklar (o`spirin, yoshlar, ma’lum o`quv yurtida
ta’lim olish istagi va hokazo). Ko`chada biror tasodif ro`y berganligi uchun
to`plangan kishilar uchun ham umumiy bo`lgan narsa bor — bu qiziquvchanlik bo`lib
o`tgan hodisaga guvohlik, unga umumiy munosabatdir.
Guruhni alohida shaxslar
tashkil etadi, lekin har bir guruh psixologiyasi uni tashkil
etuvchi alohida shaxslar psixologiyasidan farq qiladi va o`ziga xos qonuniyatlarga
bo`ysunadi. Ayni shu qonuniyatlarni bilish esa turli tipli guruhlarni boshqarish va ana
shu guruhlarni tashkil etuvchilarni tarbiyalashning asosiy mezonidir.
Guruhlarning turlari ko`p, shuning uchun ham ularni turli olimlar
turlicha
klassifikatsiya qiladilar. V.M.Karimovaning ''Ijtimoiy psixologiya asoslari" o`quv
qo`llanmasida guruhlarning asosiy turlari keltirilgan. Guruhlar avvalo
shartli va
real guruhlarga bo`linadi.
Real guruhlar aniq tadqiqot maqsadlarda to`plangan laboratoriya tipidagi hamda tabiiy
guruhlarga bo`linadi. Konkret faoliyat va odamlarning tabiiy ehtiyojlari asosida
tashkil bo`ladigan bunday tabiiy guruhlarning o`zi kishilarning soniga qarab katta,
kichik guruhlarga bo`linadi. Katta guruhlar uni tashkil etuvchilarning maqsadlari,
fazoviy joylashishlari, psixologik xususiyatlarnga qarab uyushgan va uyushmagan
turlarga, kichiklari esa o`z navbatida, endi shakllanayotgan -
diffuz hamda
taraqqiyotning yuksak pog`onasiga ko`tarila olgan jamoa turlariga bo`linadi.
Guruhlarning ijtimoiy psixologiya uchun ayniqsa, muhim hisoblangan turlariga ta’rif
berish va ularning psixologik qonuniyatlarini o`rganishni maqsad qilib qo`ygan holda,
bevosita katta guruhlarning ijtimoiy-psixologik qonuniyatlarini o`rganishga o`tamiz.