Xalq cholg'ulari uchun maxsus yaratilgan teleopera va telebalet haqida Binobarin, 1990-yillar O‘zbekiston kompozitorlik ijodiyotini turli san’at va janrlarning o‘zaro uyg‘unlashuvi ustivor bo‘lgan davr sifatida e’tirof etish mumkin. Bunga M.Bafoevning “Nodira” telebaleti va “Buxoroi-Sharif” teleoperasi hamda Q.Komilovning “Ozod Vatan” oratoriyasi misol bo‘la oladi. Oratoriya janriga murojaat qilish 90-yillarda tabiiy holga aylangan bo‘lsa, telebalet va teleopera janrlarining yuzaga kelishi xalq cholg‘ulari orkestri ijrochiligi tarixida yangilikdir. Teleopera va telebalet orqali orkestr dramatik funksiyalarni bajarishga ham jalb etildi. Shu bilan birga epik shakldagi qahramonlarni ham ta’riflab berdi. Bunday asarlar xalq cholg‘ulari orkestrida azaldan muammo bo‘lib kelgan repertuar masalasini ma’lum darajada hal qilishga, qolaversa, orkestr ijroligini keng ommalashishiga ham ko‘mak berdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. “Nodira” telebaleti, “Buxoroi-Sharif” teleoperasi, “Bir siqim tuproq” poemasi va “Ozod Vatan” oratoriyalari orkestr ijrosiga xos go‘zal an’analarni o‘zida mujassam etgan, milliy ruh bilan yug‘irilgan yoqimli tarannumga ega asarlardir. Buning natijasida orkestr ijrosida bir qancha yangi yo‘nalishlar vujudga keldi. Buni ikki asosiy yo‘nalishga bo‘lishimiz mumkin. Birinchi yo‘nalish Evropa san’atida qaror topgan janr va shakllarning milliy mavzular bilan uyg‘unlashuvida, ikkinchisi esa har xil ijro yo‘lidagi badiiy jamoalarning birgalikdagi ijrosida kuzatiladi. Birinchi yo‘nalishga, masalan, M.Bafoevning “Buxoroi-Sharif” teleoperasi, “Nodira” telebaleti, Q.Komilovning “Ozod Vatan” oratoriyasi kabi asarlarni misol tariqasida keltirish mumkin. Ikkinchi yo‘nalishda, M.Bafoevning Sohibqiron Amir Temur tavalludining 660 yilligiga bag‘ishlangan “Buyuk ipak yo‘li” shou musiqali asarida simfonik orkestr bilan birga chang-qovuz, ud, qonun, nay, nog‘ora, doyra kabi o‘zbek xalq cholg‘ularining ishlatilishini, “Buxoroi-Sharif” teleoperasida esa o‘zbek xalq cholg‘ulari orkestri tarkibiga fortepiano cholg‘usining kiritilishini, K.Komilovning besh qismli “Ozod Vatan” oratoriyasida o‘zbek xalq cholg‘ulari orkestri simfonik orkestrning kamonli cholg‘ular guruhi va xor jamoasi bilan birgalikda ijro etishini ko‘ramiz. Qolaversa, orkestr jamoalari teatrlashtirilgan ommaviy sahnalarda ham ishtirok etmoqdalar. Ana shunday asarlarni yaratayotgan va ularni keng xalq ommasiga etkazib berishda orkestr bilan faol ish olib borayotgan ijodkorlardan biri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, A.Qodiriy nomidagi Davlat mukofotining sovrindori M.Bafoevdir. Musiqa ijodiyotiga xos janrlarning barchasida M.Bafoev qalam tebratgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. U qaysi janrda ijod qilmasin, asarning kattakichikligidan qat’iy nazar, asosiy e’tiborini uning shakliga emas, balki mazmuniga jalb etadi. Shu bois ham uning asarlarini tinglaganda, darhol milliylik ruhi sezilib turadi. M.Bafoev o‘z bastakorlik mahorati bilan evropacha shakllarni Sharqona mazmun bilan uzviy bog‘laydi, ya’ni evropacha madaniyatni Sharq madaniyati bilan chambarchas bog‘lash natijasida ajoyib asarlar yaratilishi mumkinligini o‘z ijodi orqali isbotlaydi. Vatan, tarixiy voqealar, tarixiy qahramonlar, buyuk shaxslar va tarixiy obidalarni madh etuvchi qator asarlarning yaratilishi shular jumlasidandir. Mana shunday asarlardan biri M.Bafoevning bir pardali “Nodira” telebaletidir. Tarixiy shaxslarni madh etuvchi ushbu asar Yulduz Ismatova librettosi asosida 1992-yilda yozilgan. Asar mazmuni quyidagicha: Umarxon saroyida shoira Uvaysiy yashaydi. U saroydagi kanizaklarga, ya’ni qizlarga she’r yozishni, o‘qishni kattalar bilan muomala qilishni o‘rgatadi. Ular ichida Nodira degan qiz shoh Umarxonni sevib qoladi va istirobda yashaydi. U she’rlar yozib shoh huzuriga kiradi. Shoh uni bir, ikki, uch marotaba qaytaradi. Mening she’rlarim unga yoqmas ekan, men shoira bo‘la olmayman deb kuyinadi. Ustozi Uvaysiy unga dalda beradi va o‘z maslahatlari bilan kuch bag‘ishlaydi. Nodira yana ilhomlanib she’r yozadi va nihoyat Umarxonga uning she’rlari yoqib qoladi. U Nodiraga nisbatan muloyim bo‘ladi. Xullas, ular ikkovlari til topishadi va nihoyat ularning to‘ylari bo‘ladi. To‘ydan keyin esa Nodira irodali mardonovor xarakterda bo‘ladi. Shoh esa oldingi shahdidan pasaygan, lekin Nodiraga hurmat ila muomalada bo‘ladi. Nodira birdan oldingi davrini eslaydi va asar boshida yangragan lirik mavzu bilan telebalet yakunlanadi. D.Zokirov orkestri uchun maxsus yaratilgan asarlardan yana biri bu M.Bafoevning Xurshid Davron librettosi asosida ijod etgan “Buxoroi-Sharif” teleoperasidir. Buxoroning 2500 yilligiga bag‘ishlangan mazkur asar ikki doston va yigirma ikki naqshni o‘z ichiga oladi. Teleopera ilk bor 1997-yili Buxoro shahrining yubileyiga bag‘ishlangan konsertda lavhalar tarzida ijro etilgan. O‘zbekiston televideniesining “Yoshlar telekanali” fondida shu asar asosida suratga olingan ikkita videofilm mavjud. Lekin ularga faqat ayrim naqshlargina kiritilgan, xolos. M.Bafoev xalq cholg‘ulari orkestri uchun birinchi bo‘lib teleopera va telebalet yozgan izlanuvchan ijodkordir. Uning doston janriga xos badiiy xususiyatlar bilan ishlangan “Buxoroi-Sharif” teleoperasi asosan konsertlarda va videofilmlarda namoyish etiladi. Teleoperaning bosh qahramoni baxshi bo‘lib, u asarni boshlab beradi hamda birin-ketin kelgan qismlarni bir-biri bilan o‘zaro bog‘lab boruvchi “ko‘prik” vazifasini bajaradi. Birinchi doston Buxoroning tarixi, uning tarixiy obida va yodgorliklariga bag‘ishlangan. Ikkinchisida esa Buxoroda ijod etgan tarixiy shaxslarning yorqin siymolari madh etiladi.