Birinchisi ichki manba, ikkinchisi tashqi manba deyiladi: 1. O`zbek tili lug`at tarkibining birinchi yo`l bilan boyib borish imkoniyati juda keng. Masalan: a) ilgari qo`llanib, keyin iste’moldan chiqib ketgan so`zdan yangi tushunchani ifodalash uchun foydalanish: vazir, hokim, viloyat, shirkat, noib, tuman kabi; b) yasovchi qo`shimcha yordamida yangi so`z yasash: uyali (telefon), omonatchi, pudratchi, bojxona, auditchi (auditor), dizaynchi (dizayner) va boshqa; d) shevaga xos so`zni faollashtirish: mengzamoq (Xorazm) «o`xshatmoq», «tenglashtirmoq», «qiyoslamoq» ma’nosida. 2. O`zbek tili lug`at tarkibi tashqi manba asosida ham boyib bormoqda. Dunyoda ichki imkoniyati asosidagina rivojlanadigan til yo`q. Faqat ma’lum zarurat tufayli yangi tushunchani tilimizning ichki imkoniyati asosida ifodalab bo`lmagandagina tashqi manbaga murojaat qilish foydali. Mahmud Koshg`ariy, Alisher Navoiy ham shunga da’vat qilgan. Keyingi davrda tilimizga Yevropa tillaridan bir qancha so`z yangi tushuncha bilan birgalikda kirib keldi. Masalan: monitoring, diler, skaner kabi. Buning hammasi o`zbek tili leksik imkoniyatini kengaytirib, boyitmoqda.