Harakat nomi va infinitiv O‘zbek tilida fe’lning ma’lum bir vazifa uchun xoslangan shakllari mavjud bo‘lib, bular harakat nomi, sifatdosh va ravishdoshlardir. Fe’lga xos xuddi shu shakllar rus tilida ham mavjud, ammo ikki tildagi bunday birliklar ma’nosi va qo‘llanishiga ko‘ra bir-biridan ancha farq qiladi.
Ma’lumki, o‘zbek tilida harakat nomi tub yoki yasama fe’lga –moq; -sh (-ish), -v (-uv) affikslaridan birini qo‘shish bilan yasaladi: yoz + moq=yozmoq, yoz +ish=yozish, yoz+ uv=yozuv va h.k. Fe’lning bu shakli ko‘proq otlik xususiyatiga ega bo‘lib, ish-harakatning bajarilish-bajarilmasligi, harakat-holatning nomi kabi ma’nolarni bildiradi, ya’ni harakat-holatni ataydi. Shuning uchun ham o‘zbek tilida u harakat nomi atamasini olgan.
Rus tilidagi fe‘lning infinitiv formasi -ть, -ти, -чь qo‘shimchalari bilan shakllanadi. Ularning ma’nosi o‘zbek tilida, asosan, -moq affiksi bilan yasalgan fe’l shakli orqali beriladi: мыть – yuvmoq; идти – bormoq; беречь – asramoq kabi.
Har ikkala til lug‘atlarida ham fe’llar ana shu shaklda beriladi. Ammo shuni e’tirof etish lozimki, o‘zbek tilida rus tilidagi infinitivga to‘liq mos keladigan fe‘l shakli yo‘q.
O‘zbek tilida harakat nomi ot o‘rnida qo‘llanib, otning barcha funksiyalarini bajara oladi. U otlashmaydi, balki o‘zi nom (atovchi) bo‘lgani sababli otga o‘xshab kelishiklar bo‘yicha turlanadi, egalik affiksalini oladi. Rus tilidagi infinitiv esa na turlanadi va na tuslanadi. U mutlaqo o‘zgarmas holda bo‘ladi. Shu bois, uni fe’lning noaniq shakli (неопределённая форма глагола) deb atashadi. O‘zbek tilida harakat nomi odatda nom sifatida nima? so‘rog‘iga javob bo‘ladi: Kattalarga gap qaytarish (nima?) mumkin emas. Sening yozuving (nimang?) chiroyli ekan. Rus tilidagi infinitiv esa vid (tur)iga ko‘ra что делать? что сделать? so‘roqlariga javob bo‘ladi, ya’ni unda otlik emas, fe’llik xususiyatlari anglashilib turadi.
Avvalgi bo‘limda aytib o‘tganimizdek, rus tilida fe’llar ikki asos (negiz) dan iborat bo‘ladi: 1) infinitiv negizi; 2) hozirgi yoki sodda kelasi zamon negizi. Infinitivning negizini aniqlash uchun fe’ldan –ть, -ти, -чь suffikslarini ajratish kerak. Masalan, жить so‘zining infinitiv asosi жи-, hozirgi zamon asosi esa жив- bo‘ladi: живу, живёшь, живёт, живём, живёте, живут.
Rus tilida fe‘lning infinitiv shakli quyidagi hollarda ishlatiladi:
1. Tuslangan holatdagi быть yordamchi fe‘li bilan nesovershenniy vid infinitiv shaklidagi yetakchi fe’l birga qo‘llanib, fe‘lning kelasi zamon murakkab shaklini hosil qiladi. Bunday fe’llarning ma’nosi o‘zbek tilida, asosan, fe’lning hozirgi-kelasi zamon shakli bilan beriladi: Я буду защищать Родину — Men Vatanimni himoya qilaman; Я буду изучать творчество Абу Насра Фараби. – Men Abu Nasr Forobiy asarlarini o‘rganaman. 2. Qo’shma fe’llar tarkibida kelib, harakatning boshlanishi, davom etishi yoki tugashini, harakatning bo‘lish-bo‘lmasligi, shuningdek, shaxsning istagini va boshqa tushunchalarni ifodalab keladi. Bularning ma’nosi o‘zbek tilida turli grammatik vositalar orqali beriladi: В нашем городе начали строить новые современные здания. – Shahrimizda yangi zamonaviy binolarni qura boshlashdi; Студенты решили поехать в Шахрисабз. – Talabalar Shahrisabzga borishga qaror qildilar. Я хочу стать преподавателем. – Men o‘qituvchi bo‘lishni xohlayman. 3. Rus tilida fe’lning infinitiv shakli нужен (нужно), должен (должно), необходимо, можно, нельзя kabi so‘zlar bilan birikib, shaxssiz gaplarning kesimi bo‘lib keladi. Bunday gaplar mazmuni o‘zbek tilida asosan ikki bosh bo‘lakli gap orqali beriladi: В транспорте курить нельзя.— Transportda chekish mumkin emas; Ребёнку необходимо спать.— Bola uxlashi lozim; Детям нужно заниматься спортом. – Bolalar sport bilan shug‘ullanishlari zarur; Студенты должны знать историю нашей страны. – Talabalar mamlakatimiz tarixini bilishlari kerak. 4. Rus tilida fe‘lning infinitiv shakli keskin buyruq topshiriq, qat’iy qaror ma’nolarini ham ifodalaydi. O‘zbek tilida bunday ma’nolar buyruq maylidagi fe’lning II shaxs shakli yoki majhul nisbatdagi fe’lning III shaxs shakli bilan ifodalanadi: Не курить! (Chekmang!), Встать! (Turing!), Не разговаривать! (Gaplashilmasin!) kabi. Ba’zan bir gapning o‘zida bunday so‘zlardan bir nechtasi ishlatilishi ham mumkin. Bunda gap tarkibida vergul yoki boshqa tinish belgilari qo‘yiladi va ular juda muhim rol o‘ynaydi. Chunki birgina vergulning joyi o‘zgarishi bilan gapning mazmunu ham o‘zgarib ketadi. Masalan: Казнить, нельзя помиловать! (Qatl etilsin, shafqat qilish mumkin emas!); Казнить нельзя, помиловать! (Qatl etish mumkin emas, muruvvat ko‘rsatilsin!)