«Turey-turey» qo’shiqlari. Bu qo’shiqlar qo’ylarni sog’ish va qo’zilarni emizishda aytiladi. SHuning uchun ham «Turey-turey» qo’shiqlarida ham ona sovliqni madh etish, uni iydirish uchun aytiladigan erkalash ohanglari yetakchilik qiladi.
Esli molim-oqilim, turey-turey,
Elkamdagi kokilim, turey-turey.
SHuncha molning ichida, turey-turey,
Bog’da ochilgan gulim, turey-turey.
Qo’ylarning hid sezuvchi organlari taraqqiy etgan bo’lib, yangi tug’ilgan qo’zilarga boshqa hayvonning hidi urib qolsa, ona qo’y o’z bolasini emizmay qo’yadi. SHunda sog’uvchi «agar bolangni olmasang, seni bozorga chikarib sotaman», deb sovliqqa do’q-po’pisa qiladi:
Qo’y ichida qorasan, turey-turey,
Aqllisan—donasan, turey-turey.
Agar bolang olmasang, turey-turey,
Bozorlarga borasan, turey-turey.
Dostları ilə paylaş: |