38
O’yinning o’rganilishi va o’yin paytida bolalarning o’zlarini qanday tutishlari ko’p
jihatdan rahbarga bog’liq bo’ladi. O’yin shartli signal (komanda berish, hushtak chalish, qarsak
chalish, qo’l yoki bayroqchani silkitish) bilan boshlanadi. O’qituvchi barcha o’yinchilarning o’yin
mazmunini tushunib olganliklariga va qulayroq yerga joylashganliklariga qanoat hosil qilgandan
keyin signal beradi. Shartli chegaralar oldindan belgilab qo’yilgan bo’lishi, o’yin uchun zaruriy
qo’llanmalar esa o’yin qoidalariga muvofiq ravishda oldindan bo’lib berilgan va joy-joyiga
qo’yilgan bo’lishi lozim. Rahbar o’yin boshlanishi bilanoq, o’yinning borishi va ayrim
o’ynovchilarning hatti-harakatini diqqat bilan kuzatadi hamda o’yinning to’g’ri borishi uchun
o’ynovchilarning harakatlarini boshqarib boradi. Bundan tashqari, o’yin davomida ayrim qoida va
usullarni qo’shimcha ravishda tushuntiradi. Yuzatish va mulohazalarni shunday aytish kerakki, ular
o’yinning borishiga xalaqit bermasin, ya’ni uni to’xtatib qo’ymasin. Agar o’ynovchilarning
ko’pchiligi bir xil xatoga yo’l qoyayotgan bo’lsa, tegishli tuzatish kiritish yoki qoidalarning qanday
bajarilishini ko’rsatib berish maqsadida o’yinni to’xtatish mumkin. O’yinni baqirish yoki keskin
komanda berish yo’li bilan to’xtatish yaramaydi. Bolalarni (katta yoshdagi bolalarni) “Diqqat!”
degan shartli signal berish yoki hushtak chalish bilan to’xtashga o’rgatish lozim.
O’qituvchi bolalarda o’yin qoidalarini ongli ravishda va aniq bajarish odatini tarbiyalashi
kerak. Bunday odat bolalarni intizomli qilishda katta ahamiyatga ega bo’lib, u kishida o’z burchini
sezish va o’z hatti-harakati uchun javobgarlik hissini tarbiyalash hamda o’zini tuta bilish va
matonatlilikni o’stirishga yordam beradi.
O’qituvchining vazifasi – o’ynovchilardan o’yin qoidalarining aniq bajarilishini talab
qilishdir. Ammo u bolalar o’yinni yomon o’zlashtirayotgan paytlarida ortiqcha bachkanalik
qilmasligi kerak.
O’ynovchilar tomonidan qilinadigan qo’polliklarning oldini olishga alohida e’tibor berish
lozim. Qo’pollik qilgan o’yinchini albatta jazolash kerak. Bunday hollarda ba’zi bir ta’sir etish
choralarini – vaqtincha o’yindan chiqarib yuborish, jarima ochkolar berish va shu singari choralarni
qo’llashga yo’l qo’yiladi. O’yinga shunday rahbarlik qilish kerakki, o’yinchilar faqat o’yin
natijalarigagina qiziqmasinlar, o’yin jarayonining o’zidan ular rohatlansinlar.
Ayniqsa uncha aktiv bo’lmagan o’yinchilarning tashabbusini qo’llab-quvvatlash, ularni
rag’batlantirish va bu bilan ularda o’z kuchlariga ishonch orttirish tavsiya etiladi.
O’ynovchilar o’rtasida o’zaro o’rtoqlarcha to’g’ri munosabat o’rnatishga harakat qilish,
g’oilblarning kekkayib ketishlari va o’tqazganlarning o’yinga bo’lgan qiziqishlarining susayishiga
yo’l qo’ymaslik lozim.
O’ynovchilar o’yinni yaxshilab o’zlashtirib olishlari uchun uni bir necha marta qaytarish
lozim. Shuni unutmaslik kerakki, o’yinchilar o’yindan qanchalik ko’proq mamnun bo’lsalar, uni
shunchalik yaxshiroq esda saqlab qoladilar.