O‘ZBEKISTON IQTISODIYOTINING RAQAMLI TRANSFORMASIYASI.
U kelajak, demak Shubhasiz, raqamli iqtisodiyot — kelajak. Milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligi ko‘p jihatdan raqamli iqtisodiyotning muhim tarkibiy qismi hisoblangan Sanoat 4.0 inqilobiga moslashish, raqamli texnologiyalarni iqtisodiyotning barcha sohalariga joriy etishni qanchalik qisqa fursatda hal etishimizga chambarchas bog‘liq. Mazkur yo‘nalishda ishlarni samarali tashkil etish raqamli texnologiyalar sohasida yetarli kompetensiyalarga ega bo‘lgan yetuk kadrlarga borib taqaladi. Bu borada ham tizimli tadbirlar yo‘lga qo‘yilganligini ta’kidlash zarur.
Xususan, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga barcha hududlarda raqamli texnologiyalar bo‘yicha kamida 100 ta o‘quv markazi ochish vazifasi qo‘yilgan. Bu dargohlarda dasturlash asoslari, elektron savdo va grafikli dizayn kabi yo‘nalishlar bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, respublikaning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida blokcheyn texnologiyalari bo‘yicha maxsus kafedralar ochish ko‘zda tutilgan.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yilning 17 fevraldagi “Sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinishi mamlakatimizda sun’iy intellekt texnologiyalarini iqtisodiyot tarmoqlari va sohalariga joriy etish uchun zarur shart-sharoitlarni shakllantirish uchun muhim qadam bo‘ldi.
Mazkur qarorga muvofiq, sun’iy intellektni joriy qilishning muhim jihatlari — huquqiy rejim, institutsion asoslar, kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish, xalqaro hamda milliy standartlar, sun’iy intellekt joriy qilinadigan ustuvor soha va tarmoqlar, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari qamrab olingan.
Ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha ustuvor tarmoqlar va sohalar sifatida qishloq xo‘jaligi, bank, moliya va soliq sohalari, transport, energetika, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, elektron hukumat sohalari belgilab olindi.
Shuningdek, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti va Sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma alyans respublikamizda sun’iy intellektni rivojlantirishning institutsional asoslarini tashkil etadi. Bundan tashqari, sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma alyans tarkibiga kiruvchi tashkilotlarda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish bilan bog‘liq faoliyatni moliyalashtirish uchun jami 200 milliard so‘m ajratish ko‘zda tutilgan.
E’tiborli jihati shundaki, hozirgi kunda sun’iy intellektni rivojlantirish va bu sohaga investitsiya kiritish bo‘yicha global darajada keskin raqobat avj olmoqda. Sun’iy intellekt sohasidagi tadqiqotlarda Xitoy Xalq Respublikasi yaqqol yetakchi hisoblanadi. 2030 yilga kelib, sun’iy intellekt yaratadigan qiymatni 150 milliard AQSh dollariga yetkazish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, sun’iy intellektga investitsiya kiritgan davlatlar o‘ntaligidan AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada, Rossiya, Germaniya, Norvegiya, Shvetsiya, Fransiya, Hindiston davlatlari o‘rin olgan.
Fikrimizcha, sun’iy intellekt sohasidagi startap loyihalarni qo‘shma moliyalashtirish (kraudfanding) mexanizmlarini joriy etish mazkur sohani moliyalashtirish imkoniyatlarini sezilarli darajada oshirishga xizmat qiladi.
Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish orqali xalqimiz farovonligini ta’minlaydigan yorqin kelajakni ko‘zlar ekanmiz, sun’iy intellektni joriy qilish uchun zaruriy shart-sharoitlarni yaratish shubhasiz, bugungi kunning dolzarb va ustuvor vazifasi sifatida qaralishi zarur. Agar raqamli iqtisodiyot borasida mo‘ljallangan vazifalar amalga oshirilsa, barcha sohalarda ulkan amaliy natijalar yaqqol ko‘rinadi va aholi farovonligi sezilarli darajada ortadi.