2.7. Tog‘ oldi cho‘l-dasht mintaqasining tuproqlari Tog‘ oldi cho‘l-dashtlari yoki yarim cho‘llar hududini geobotaniklar efemerli-dashtlar mintaqasi deb ataydilar. Bu erlar tog‘ zonasi tuproqlarining birinchi pog‘onasi hisoblanib, bunga cho‘l mintaqasining tevarak-atrofini turli kenglikda o‘rab olgan tog‘ oldi va tog‘ osti baland tekisliklari kiradi.
Chang fraksiyasining ko‘pligi, karbonatlik, mikrostrukturalik va bir xil joylanishga egalik bu hududlarda ko‘p tarqalgan asosiy tuproq paydo qiluvchi ona jins-lyoss va soz yotqiziqlarning asosiy belgisidir. Lyoss yotqiziqlarining qalinligi bu hududda 10-40 metr va undan ham ziyodroqdir.
Cho‘l-dasht mintaqasining tog‘ oldi balandliklari qalinligi 100 metr va undan ham ziyodroq chag‘irtoshli prolyuvial yotqiziqlari bilan qoplangan bo‘lib, bular ham katta-katta maydonlarni ishg‘ol qilgan.
Cho‘l-dashtlari dengiz sathidan 150-(200-900)-1000-1200 metrgacha balandliklarda joylashgan bo‘lib, bu erlarning tuproqlarida tog‘ mintaqalariga xos bo‘lgan o‘zgarishlarni ko‘ramiz.
Bo‘z tuproqlar cho‘l mintaqasiga tutashgan dengiz sathidan 150-200 metrdan boshlab, tog‘ qismi 900-1000 metr balandlikkacha bo‘lgan erlarda tarqalgan ekan, demak, bu yo‘laklar ichidagi bo‘z tuproqlarni asosan uch tipchaga (O‘zbekiston uchun) bo‘lamiz. Bularga och tusli, oddiy (tipik) va to‘q tusli bo‘z tuproqlari kiradi.
Cho‘l-dasht mintaqasining ichida zonal bo‘z tuproqlardan tashqari mintaqalararo (introzonal) tuproqlar ham paydo bo‘ladi. Bularga daryo vohalarida paydo bo‘luvchi o‘tloqi, allyuvial-o‘tloqi, botqoq-o‘tloqi, gilli botqoq-o‘tloqi, torfli botqoq-o‘tloqi va hattoki maxsus sharoitlarda paydo bo‘ladigan sho‘rxok tuproqlar kiradi.
Och tusli bo‘z tuproqlar. Bu tuproqlar cho‘l-dasht mintaqasining eng quruq va issiq qismida paydo bo‘lib, ular qadimgi allyuvial tekisliklar (Mirzacho‘l dashti ham), tog‘ osti tekisliklarining janubiy tog‘ qoyalari bo‘ylab past tog‘ oldi qiyaliklariga qadar ko‘tarilib boradi. Och tusli bo‘z tuproqlar dengiz sathidan 150 metr balandlikdan boshlanib, to 300-500 metr balandlikka qadar erlarda paydo bo‘lib, cho‘l mintaqasidan tog‘lik hududga o‘tishdagi birinchi pog‘ona hisoblanadi. Bu tuproqlarda chim hosil qiluvchi efemer va efermeriod o‘tlari (rang, qo‘ng‘irbosh, boychechak, chuchmoma, lolaqizg‘aldoq, bug‘doyiq), qisman shuvoq va quruq sho‘ralar o‘sadi.
Och tusli bo‘z tuproqlarning oddiy va to‘q tusli bo‘z tuproqlardan asosiy farqi ham shundaki, bu tipcha mintaqasida yog‘in miqdori oz (170-180mm) bo‘lgan uchun tuproqlari yaxshi yuvilmagan va ularning 1-1,5 metr, ba’zilarida esa hattoki 20-30 sm chuqurlikdan boshlab 05-0,6% atrofida suvda eruvchi zararli tuzlar uchraydi. Shuning uchun ham bu tuproqlarda efemer o‘simliklar bilan bir qatorda shuvoq va sho‘ralar ham o‘sadi.
Och tusli bo‘z tuproqlarning chirindisi oz. Uning miqdori qo‘riq erlarning chirindi qatlamida 1-1,5% bo‘lsa, sug‘oriladigan tuproqlarning haydalma qatlamida 1% atrofidadir.
Tuproqdagi umumiy azot 0,06-0,1%, fosfor-0,10-0,15%. Chirindi qatlamining (A+V) qalinligi 40-70sm, karbonatlarning miqdori A qatlamda 4-8% bo‘lsa, V qatlamda 8-9% va undan ham ziyoddir.