Oltingugurt oqsil moddalar va efir moylari tarkibiga kiradi. Odatda o‘simliklarning oltingugurtga talabi fosforga nisbatan kamroq. Tuproqning yuqori gorizontlarida oltingugurt biologik yo‘l bilan to‘planadi va SO3 miqdori 0,01 dan 2 foiz atrofida o‘zgarib turadi. Tuproqdagi oltingugurt fosfatlar, sulfidlar va organik moddalar tarkibida bo‘ladi. O‘rta Osiyoning sug‘oriladigan bo‘z tuproqlarida uning miqdori ancha kam bo‘lishi kuzatilgan. Shuning uchun g‘o‘zani oltingugurt suspenziyasi bilan oziqlantirish yuqori samara ko‘rsatadi.
Kaliy. Yalpi kaliy miqdori og‘ir mexanik tarkibli tuproqlarda ancha ko‘p bo‘lib, 2-3 foizga etadi. Kaliyning asosiy qismi biotit, muskovit, kaliyli dala shpatlari, gidroslyudalar kabi birlamchi va ikkilamchi minerallarning kristall panjaralarida saqlangan bo‘lib, o‘simliklar o‘zlashtira olmaydigan shakldadir. Kaliy tuproqda singdirilgan (almashinuvchi va almashinmaydigan) holatda va oddiy tuzlar shaklida saqlangan bo‘ladi. Almashinuvchi kaliy o‘simliklarning oziqlanishi uchun asosiy manba hisoblanadi. Tuproqlar almashinuvchi kaliy bilan qanchalik ko‘p to‘yingan bo‘lsa, uning o‘simliklarga o‘zlashtirilishi ham shunchalik yaxshi va oson bo‘ladi.
O‘rta Osiyoning sug‘oriladigan tuproqlaridagi kaliy asosan o‘simliklar o‘zlashtiradigan, ya’ni suvda eriydigan va almashinadigan holatda bo‘ladi.
Ayniqsa kartoshka, ildizmevalilar, turli o‘tlar, tamaki kaliyni ko‘p talab etadi. Kaliy etishmaganda o‘simlik turli kasallik va hasharotlarning ta’siriga chidamsiz bo‘ladi. G‘o‘zaga kaliy etishmaganda kasallanadi, chigitning unib chiqishi qiyinlashadi, hosil kamayadi va tolasining sifati pasayadi. Tuproqning kaliy bilan boyitishda o‘g‘itlardan to‘g‘ri foydalanish ekinlardan yuqori hosil olishni ta’minlaydi.
Mikroelementlar jumlasiga bor (V), marganets (Mn), molibden (Mo), mis (Cu), rux (Zn), kobalt (Co), yod (J), ftor (F) singarilar kiradi. Bulardan ayrimlarinigina biologik roli yaxshi o‘rganilgan.
Mikroelementlar o‘simliklar va hayvonlar hayotida muhim fiziologik hamda biokimyoviy ahamiyatga ega. Ular bir qator fermentlar, gormonlar va vitaminlar tarkibiga kiradi. Mikroelementlarning tuproqda yetarli bo‘lmasligi yoki miqdorining oshib ketishi organizmlarda kechadigan biologik jarayonlarga salbiy ta’sir etadi va turli kasalliklarga sabab bo‘ladi. O‘simliklar hosili kamayib, mahsulotlar sifati pasayadi.