Bibliografik faoliyat — iste’molchilarning bibliografik axborotga bo‘lgan talabini va ehtiyojini qondirish bo‘yicha faoliyat sohasi bo‘lib, uning mazmuni bibliografik axborotni tayyorlash va uni iste’molchiga talabi va qiziqishiga ko‘ra yetkazib berish jarayonidan iborat. Bibliografik axborotni tayyorlash bibliografik aniqlash, bibliografik qidirish, bibliografik qayta ishlov berish, bibliografik tanlash, bibliografik guruhlashtirish jarayonlaridan iborat bo‘lib, bibliografiyalash deb ataladi. Bibliografik axborotni iste’molchiga ma’lum bir vositalar va usullar yordamida yetkazib berish jarayoni bibliografik xizmat deyiladi. Bunda ma’lumotbibliografiya apparatini tashkil etish, ma’lumot-bibliografiya xizmati ko‘rsatish, bibliografik axborotlashtirish va axborot ta’limi nazarda tutiladi.
Bibliografik faoliyatning hamma jarayonlari o‘zaro bog‘liq va bir-birini to‘ldiradi. Hozirgi davrda ularning hammasi axborotga birlamchi ishlov berish, olingan natijalardan samarali va ko‘p marta va ko‘p maqsadli foydalanish, avtomatlashgan texnologiyani qo‘llashda muhim ahamiyatga ega. Bibliografiyalashning obyekti bo‘lib hujjat yoki uning qismi xizmat qiladi. Bibliografik axborotni ishlab chiqish jarayoni bir qancha o‘ziga xos xususiyatga va o‘ziga mos vositalar, usullar, yakuniy xulosalarga ega jarayonlar yig‘indisi bo‘lib, u analitik-sintetik ishlovga asoslangan yagona texnologik va ijodiy jarayondir. Bir vaqtning o‘zida bu jarayonda zarur axborot to‘planadi va unga baho beriladi, olingan ma’lumotlar umumlashtiriladi, tegishli maqsadga qaratilgan yo‘nalishda va shaklda axborot uzatiladi.
Dostları ilə paylaş: |