O'zbekistonda investitsion loyihalarini moliyalashtirishda risklar tahlili
Shuni alohida ta'kidlash kerakki, investitsion faoliyatni rivojlantirish, eng avvalo, mamlakatimizning bank-moliya tizimi faoliyatiga bog'liq bo'ladi. Shu bois jahon iqtisodiy inqirozi kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda bank-moliya tizimi faoliyatini mustahkamlash va sifat jihatidan yaxshilash alohida muhim ahamiyat kasb etadi. Bu yo'lda o'tgan yillarning o'zida "O'zsanoatqurilishbank", "Asakabank", kabi yetakchi banklarning kapitallashuv darajasini oshirish bo'yicha muhim qarorlar qabul qilindi. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni moliyalashning asosiy kredit markazlaridan biri bo'lgan "Mikrokreditbank"ning nizom jamg'armasini ko'paytirishga oid farmoni qabul qilindi. Natijada mamlakatimiz banklarining jami kapitali, qo'shimcha resurslarni jalb etish hisobidan 40 foizga ko'paydi. Bu ko'rsatkich 2010 yilgacha bo'lgan davrda ikki barobar oshdi.
Bugungi kunda respublika banklarining umumiy aktivlari hajmi aholi va yuridik shaxslarning hisob raqamlaridagi mablag'lardan ikki barobardan ham ko'p, bu esa ushbu mablag'larni ishonchli himoya qilish hamda ularga o'z vaqtida va to'la hajmda xizmat ko'rsatishni kafolatlaydi.
Biroq, moliyaviy-itqisodiy inqirozi investitsiya loyihalarida risk omillarining ko'payishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun bunday sharoitda risklarni aniqlash, tahlil etish va baholash bank-moliya xodimlarining diqqat markazida bo'ladi. Risklarni aniqlash va baholashning deyarli barcha usullaridan samarali foydalanish talab etiladi va inqiroz sharoitida loiyha risklarini pasaytirish yoki uning oldini olishning eng optimal usuli uni samarali boshqarishdir.
Loyiha risklarini boshqarishning u yoki bu turdagi vositalarining, mexanizmlarining qo'llanilishi amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari risklarining aniq turlari va ularni keltirib chiqaruvchi omillar ko'lamiga, shuningdek, ularning loyihani amalga oshirish natijalariga ta'siriga bog'liqdir. Risklar barcha loyihalar uchun umumiy bo'lgani kabi har bir investitsiya loyihasining o'ziga xos xususiyatlariga, muayyan tasniflariga qarab maxsus risklar ham bo'lishi mumkin. Bunday sharoitlarda risklarni tahlil etish, ularni boshqarish vositalarini ishlab chiqishda kuchli va tajribali mutaxassisning malakali bilimiga tayaniladi. Bunda loyiha risklarini boshqarish bir martalik yoki bitta jarayondan iborat bo'lmasdan, balki u bir qancha bosqichlarni o'z ichiga qamrab oladi. Bu jarayonlar investitsiya loyihasini amalga oshirishdagi risklarni pasaytirish yoki bartaraf etishnigina emas, shuningdek loyihaning ijobiy natijalarini ta'minlash yoki oshirishga ham bo'ysundirilgan bo'ladi.
Quyida investitsiya loyihalarini ishlab chiqishda aniqlanuvchi, hisobga olinuvchi risklarni tahlil qilish va ularni loyihani ishlab chiqish va amalga oshirish jarayonlaridagi boshqarish tizimining bosqichlari keltirilgan.
Risklarni boshqarishni rejalashtirish.
Risklarni tasniflash.
Risklarni sifatli baholash.
Risklarni miqdoriy baholash.
Risklarni rejalashtirish (aniqlash) va ularni hal etish uslublarini tanlash.
Risklarning monitoringini olib borish.
Loyiha risklarini boshqarishning yuqoridagi barcha bosqichlari bir-biri bilan o'zaro bog'liqlikka ega. Har bir bosqich har bir loyihada bir marta bajariladi.
Risklarni boshqarishni rejalashtirish.
Risklarni boshqarishni rejalashtirish deganda aniq loyiha bo'yicha boshqarishni rejalashtirish va qabul qilish yuzasidan qarorlarni qabul qilish jarayoni tushuniladi. Shuningdek mazkur jarayon o'z ichiga loyiha risklarini boshqarish jarayonini kadrlar bilan ta'minlashni tashkil etishni ham qamrob olishi lozim..
Risklarni tasniflash.
Risklarni tasniflash jarayonida doirasida loyihaga haqiqatan ham ta'sir ko'rsatishi mumkin bo'lgan risklar aniqlanaddi va bu risklarning tasnifi keltiriladi.
Shuni ta'kidlash lozimki, investitsiya loyihalarini amalga oshirishda risklarni tasnflash ularni boshqarishning eng muhim jarayonlaridan hisoblanadi.
Risklarni sifat jihatdan baholash.
Risklarni sifatli baholash - loyihada tasniflangan risklarning sifatli tahlilini amalga oshirish va ulardan eng xatarlilarini ajratib olishdir.
Risklarni sifatli baholash risklarning paydo bo'lish shart-sharoitlarini baholashni va ularning standart yoki nostandart usullar va vositalar bilan loyihaga ta'siri aniqlanadi. Bizning fikrimizcha, aksariyat hollarda tahlilning universal usullarini qo'llash olinadigan natijalarning ko'zlangan darajadagi ishonchligini ta'minlashga imkon bermaydi.
Risklarni miqdoriy baholash.
Adabiyotlarda risklarni miqdoriy baholash sifatida risklarning paydo bo'lish ehtimolligini aniqlash va ularning loyihaga ta'siri tushuniladi.
Bizning fikriizcha, miqdoriy tahlil, aksariyat hollarda, risklarni boshqarishning mustaqil bosqichi hisoblansada, u risklarni sifatli baholash bosqichi bilan uzviy bog'liqlikda qo'llanilishi lozim.
Risklarni rejalashtirish (aniqlash) va ularni hal etish uslublarini tanlash.
Adabiyotlarda risklarni rejalashtirish (aniqlash) va ularni hal etish uslublarini tanlash sifatida loyihaga salbiy ta'sir ko'rsatuvchi risklarni pasaytirish uslublari va texnologiyalarini ishlab chiqish tushuniladi.
Risklarning monitoringini olib borish.
Risklarning monitoringini olib borish bosqichi doirasida aniqlangan risklar va ular tarkibining stabilligi, bartaraf etilmagan risklar va risklardan himoyalansh rejasining bajarilishi ta'minlanganligi aniqlanadi hamda uni ng samaradorligini baholash ishlari olib boriladi.
Shuni e'tiborga olish lozimki, investitsiya loyihalari risklarini boshqarishda ularning tahlil qilinish natijalariga asoslanib, boshqarish usullari tanlanadi. Bunda risklar tahlilini:
Ehtimollik usullari.
Kritik (zararsizlik) nuqtalarni aniqlash usuli.
Loyihaning sezgirlik tahlili usuli orqali amalga oshirish ham maqsadli hisoblanadi.
Mazkur usullar ichida sezgirlik tahlili loyihaning turli ta'sirlar va omillarga sezgirligini aniqlashga yordam beradi. Biroq kritik (zararsizlik) nuqtalari tahlili usuli esa esa muhim ahamiyatga ega bo'lib, uning yordamida investitsiya loyihaning daromadlilik darajasi va cho'qqisini aniqlash mumkin bo'ladi.
Riskni boshqarish turli faoliyat doiralarida riskni kamaytirish bo'yicha texnologiyalarni va bilimni talab kiladi. Hozirgi vaqtda riskni boshqarish faoliyatini quyidagi asosiy bosqichlarga bo'lish mumqin:
Risklarni aniqlash.
Risklarni baholash.
Risklarni boshqarish choralari va usullarini tanlash.
Risklarning oldini olish va nazorat qilish.
Risklarni moliyalashtirish (zaxira fondini tashkil etish).
Natijalarni baholash.
Riskni aniqlash va uni baholash bosqichlari risklar tahlili deb ataladi. Bunda riskni aniqlash - sifat tahliliga; riskni baholash - miqdor tahliliga kiradi.
Risk tahlilining miqdor usullari orasida riskni boshqarish nazariyasida eng mashhurlari quyidagilar:
-statistik usul, statistik tajribalar usuli;
-maqsadga muvofiq keladigan xarajatlar tahlili;
-ekspert baholari usuli; analitik usullar va boshqalar.
Riskni boshqarish choralari va usullarini tanlash juda muhim bosqich hisoblanadi. Aniq tanlangan usul doirasida aniq chora-tadbirlarni qo'llash mumkin. Bu bosqich loyihani amalga oshirishni boshlash haqidagi qarorni qabul qilishdan avval o'tkazilishi talab etiladi. Tanlashda kechikish investitsiya loyihasi ishtirokchisi uchun jiddiy salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi yoki ishtirokchilar o'rtasida jidtsiy kelishmovchiliklar kelib chikishiga sabab bo'lishi mumkin. Riskni boshqarishda chora va usullarning optimal variantlarini tanlash barcha loyiha ishtirokchilari o'rtasida jiddiy muzokaralar o'tkazilishini talab qiladi.
Risklarning oldini olish va nazorat qilish bosqichi ma'lum reja va dasturlar asosida aniq tashkiliy-texnik tadbirlarni ko'rib chiqadi. Bu bosqichda quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:
-risklar monitoringi;
-riskni istiqbolini belgilash;
-taxdid soluvchi xatarlar haqida rahbarlarga ma'lumot berish va bu bilan bog'liq ko'rsatmalarni ishlab chiqish;
- risklarning oldini olish va nazorat qilish dasturi doirasida maxsus tashkiliy- texnik tadbirlarni qabul qilish.
Odatda, aksariyat risklarning oldini olish va nazoratini olib borish mumkin.
Lekin shunday risklar mavjudki, ularning oldini olish yoki kamaytirish mumkin emas, ya'ni ular investitsiya loyihasi ishtirokchilari ta'siridan tashqarida bo'ladi. Shunday risklar ko'p xarajat talab qilganligi sababli ularni, ya'ni risklarni moliyalashtirish usuli qo'llaniladi. Bunda loyiha ishtirokchilarining o'z-o'zini sug'urtalash, tajribali sug'urtachilar yordamida sug'urtalanishga mablag' ajratishi tushuniladi. Sug'urta shartnomalarida riskning ko'pgina turlari bo'yicha sug'urta kompaniyasining zaruriy chora-tadbirlarni amalga oshirishi ko'rib o'tilgan moddalar mavjud bo'ladi. Risklarni aniqlash va hisoblashda loyiha ishtirokchilaridan tashqari, sug'urta tashkilotlari ham bevosita ishtirok etadi. Ular riskni baholashda o'z usullari va yo'llarini tanlaydilar va amalga oshiradilar, bu esa amalga oshirish reja - dasturlarini nazorat qilib borishga imkon beradi.
Natijalarni baholash - bu ma'lum bir loyiha doirasidagi risk-menejmenti bo'yicha faoliyatlarining yig'indisi. U keng ma'lumotlar to'plami asosida o'tkaziladi va risk tahliliga tuzatishlar kiritish, risk-menejmentining alohida choralarini qo'llash samaradorligini baholash, riskni boshqarishda barcha qilingan xarajatlarni baholash maqsadida o'tkaziladi. Natijalarni baholash orqali olingan ko'rsatma va xulosalar keyingi loyihalarni amalga oshirishda qo'llaniladi.
Yuqorida ko'rib o'tilgan risklarni aniqlash va boshqarish bosqichlari va risklarni baholash usullari yordamida risk sababli bo'ladigan yo'qotishlarni pasaytirish, ular bilan bog'liq ko'ngilsiz oqibatlarni kamaytirish usullarini taklif qilish mumkin.
Risklarni boshqarishdagi asosiy vazifa - amaldagi bozor kon'yunkturasiga mos darajada risklarni minimallashtirish, kreditlash xizmatlari bozorida bank pozitsiyasini minimum saqlab qolishdir. Riskni boshqarishdagi asosiy yo'llar quyidagilar: risklarni ajratish; risklarni loyiha ishtirokchilari o'rtasida taqsimlash; moddiy ta'minotni olish (garov); moliyaviy ta'minotni olish (kafolat yoki kafillik); risklarni kredit bo'yicha yuqori foiz stavkasiga ko'chirish; risklarni venchur kreditlashga qabul qilish; qarzlar bo'yicha yo'qotishlarni qoplash uchun fondlarni shakllantirish.
Bular riskni boshqarish bo'yicha quyidagi ish yo'nalishlarini talab qiladi:
-har bir mijoz bo'yicha doimiy monitoringni olib borish;
-ma'lum bir mijozning asosiy xo'jalik faoliyatiga aloqador tarmoq holatining doimiy monitoringini yuritish;
-kafolatni jalb qilish va tahlil etish; risk uchun kompensatsiya olish (garov, kafolat va boshqalarni amalga oshirish).
Investitsiya loyihalarini amalga oshirishdagi risklarga qarab ularni boshqarish uslublari tanlanadi. Bunda biz loyiha risklarini korxonalar nuqtai nazaridan quyidagicha tavsifladik.
Dostları ilə paylaş: |