Dinning tuzilishi va funksiyalari
Din – o‘ta murakkab ijtimoiy hodisa. U o‘ziga xos tarkibga ega bo‘lib,
kishilik jamiyatining uzoq davom etgan ijtimoiy-tarixiy taraqqiyoti
hosilasidir. Din kishilarning g‘ayritabiiy kuchlarning mavjudligiga
ishonishdan yuzaga kelgan. Zero, «din» so‘zi arab tilidan olingan bo‘lib,
o‘zbek tilida «ishonch», «ishonmoq» degan ma’nolarni anglatadi.
Hozirgi zamon dinlari murakkab tarkibiy qismga ega. Uning tarkibiy
qismiga diniy ong, marosim va tashkilotlar kiradi.
Diniy ong diniy dunyoqarash tarkibida muhim o‘rin tutadi. Diniy ong
diniy tasavvurlar, g‘oyalar, his-tuyg‘u va kayfiyatlarni ifodalaydigan
qarashlar tizimidir. Dinni tarkibiy qisimlari qatorida diniy ong ustuvor
ahamiyatga ega, chunki diniy marosim va diniy tashkilot kishilar ongida
va jamiyatda diniy tasavvurlarni mustahkamlaydi va saqlanib qolishiga
ko‘maklashadi.
Diniy ongning o‘zaro bog‘liq va nisbatan mustaqil bo‘lgan ikki
darajasi yoki bosqichi mavjud. Bular diniy psixologiya va diniy
ideologiyadir. Diniy psixologiya – kishilarning diniy his-tuyg‘ulari,
odatlari, an’analari va kayfiyatlari majmui. Diniy ideologiya esa diniy
tashkilotlar orqali malakali diniy shaxslar targ‘ib etadigan turli diniy
g‘oyalarning muayyan tizimidir.
12
Diniy psixologiya va diniy ideologiya o‘rtasida muayyan darajadagi
umumiylik mavjud. Bu umumiylik voqelikni sarobiy aks ettirishda,
g‘ayritabiiy kuchlarga sig‘inishda namoyon bo‘ladi.
Tarixan diniy psixologiya diniy ideologiyaga nisbatan oldin paydo
bo‘lgan. Kishi ruhiyati barqaror voqelik emas, chunki ijtimoiy jarayonlar
ta’sirida o‘zgarib turishi mumkin. Shuningdek, amaliyot bilan diniy
ideologiyaga nisbatan yaqindan aloqada bo‘ladi. U kishilarning tabiat
kuchlaridan qo‘rqishlari, ular oldida taslim bo‘lishlari va ularni
ilohiylashtirishlari natijasida shakllanadi. Diniy ideologiya esa jamiyatda
mehnat taqsimoti, sinflar va davlatning vujudga kelishi bilan bog‘liq.
Diniy psixologiya taraqqiy etgan sayin diniy tasavvurlar ham
takomillashib boradi. Diniy tasavvurlardan diniy g‘oyalar shakllangan.
Oqibatda qadimgi diniy e’tiqod shakllari – sehrgarlik, animizm, fetishizm,
shomonlik va boshqalar kelib chiqqan.
Diniy ideologiya diniy psixologiyadan farq qiladi. Zero, u muayyan
tushuncha va qarashlarning tartibli tizimidir. Diniy ideologiya insoniyat
taraqqiyotining nisbatan yuqori bosqichlarida yuzaga keladi. Uni
ruhoniylar, kohinlar, dinni o‘rganuvchi faylasuflar ishlab chiqadilar va
targ‘ib qiladilar.
Diniy ideologiya ayrim manbalarda teologiya deb yuritiladi.
Teologiyaning asosini odatda diniy ideologiyaning muntazam va muayyan
tizimli ko‘rinishi bo‘lmish muqaddas kitoblar (Tavrot, Zabur, Injil, Qur’on
kabilar) tashkil qiladi. Diniy ideologiya quyidagi tarkibiy qismlarga
bo‘linadi:
1) dogmatika (grekcha dogmatos – fikr, ta’limot, yechim degan
ma’nolarni anglatadi) diniy ta’limotning barqaror, kam o‘zgaruvchan
qoidalari tizimi;
2) apologetika (grekcha apologeomai – himoya qilaman degan ma’no-
ni anglatadi) ilohiyot sohasi va diniy ta’limotni insoniyat tafakkuri hamda
tajribasiga asoslanib himoya qilish;
3) ilohiyot va axloqning o‘zaro aloqadorligi (din axloq qoidalariga
ilohiy mazmun beradi);
4) amaliy ilohiyot – cherkov va machitlarning faoliyati va xudoga
sig‘inish tartiblarini ishlab chiqish.
Dinning tarkibiy qismlari qatorida diniy ong bilan birga diniy marosim
ham ahamiyatga ega. Biz dinni g‘ayritabiiy kuchlarning mavjudligiga
13
ishonch yoki kishilarning o‘zaro munosabati va harakatlari sifatida ham
baholashimiz mumkin. Bunday munosabatlar diniy marosim deb ataladi.
Diniy marosim individ, guruh yoki tabaqalarning manfaatlari, g‘oyalari
va orzu-istaklarini ifodalaydigan munosabatlar va harakatlar tizimidir. Diniy
g‘oyalar, qarashlar, his-tuyg‘ular va harakatlar tizimi diniy ta’limotni
vujudga keltiradi. Dindorlar diniy marosim orqali muloqotning boshqa
vositalari samara bermaydigan vazifalarni bajaradilar. Unda harakat yoki
munosabat muayyan sirli mazmunni ifodalaydi. Har bir harakat yoki o‘qilgan
duo ramziy mazmun kasb etadi. Inson va sig‘inish obyekti o‘rtasida
g‘ayritabiiy aloqa mavjudligiga ishonch mustahkamlanadi. Kishi diniy
marosimlarni bajarish bilan g‘ayritabiiy kuchni o‘z ittifoqchisi va
madadkoriga aylantirishga umid qiladi.
Qadimda diniy marosimning keng tarqalgan turi qurbonlik bo‘lgan.
Qurbonlik turli (oziq-ovqatlarning bir qismini ajratish, hayvonlar so‘yish
kabi) usullarda amalga oshirilgan.
Qurbonlik negizida boshqa diniy marosimlar yuzaga kelgan. Jumladan,
diniy marosimning eng rivojlangan shakllaridan biri sig‘inish ham qurbonlik
asosida shakllandi. Qurbonlik diniy marosimini bajarish jarayonida
g‘ayritabiiy kuchga sig‘inish yuzaga kelgan va keyinchalik undan ajralib
chiqqan. Sig‘inish dindorning so‘z vositasida real yoki uydirma obyektga
ta’sir qilishga qaratilgan duolari, ramziy xatti-harakatlari majmuasidir.
Kishining qanday his-tuyg‘ularni ifodalashiga qarab, uni olqishlovchi,
minnatdorlikni ifodalovchi, gunohlarning kechirilishini so‘rashga
yo‘naltirilgan va boshqa turlarga bo‘lish mumkin.
Sig‘inish turli xatti-harakatlar, xulq-atvorlar bilan birga moddiy
hodisalarni ham o‘z ichiga oladi. Sig‘inishning muhim xususiyati hissiy-
ramziy obrazlarda ifodalanishidir. Sig‘inish tarkibiga turli udumlar,
an’analar, qurbonliklar, duolar, o‘zini hayot ne’matlaridan cheklash
(jumladan, ro‘za tutish) kabilar kiradi. Sig‘inish u yoki bu predmetni
ilohiylashtirish (masalan, Ka’badagi qora tosh, ayrim daraxtlar, muqaddas
qabrlar, qadamjolar) vositasida amalga oshiriladi. Sig‘inishda turli tumorlar,
tasbeh, diniy liboslar ham muhim o‘rin tutadi. Bularning barchasi birgalikda
sig‘inishga hissiy-ramziy obraz tusini beradi va kishining ruhiyatiga qattiq
ta’sir qiladi. Sig‘inishning alohida ahamiyati shundaki, kishi o‘z hayotining
ma’nosini eng oliy qadriyat – narigi dunyoda erishadigan lazzat va fa-
14
rovonlik bilan bog‘laydi, bu dunyodagi hayotining o‘tkinchi ekanligiga,
o‘zining qandaydir tashqi qudratli kuch tomonidan idora etilishiga ishonadi.
Shveysariyalik olim K. G. Yungning fikricha, diniy ramz (simvol)lar
inson hayotiga ma’no bag‘ishlaydi.
Uning ta’kidlashicha, Amerikadagi
pueblo qabilasining hindulari o‘zlarini Quyosh ota farzandlari deb
hisoblashadi. Bu narsa ularga umid bag‘ishlaydi, tasalli beradi, hayotini
muayyan mazmun va ma’no bilan to‘ldiradi
1
.
Umid kishiga kuch-quvvat bag‘ishlaydi va insonni nochor real
hayotidan tashqari kelajakda kutayotgan rohatbaxsh daqiqalar sari xayolan
yetaklaydi. G‘ayritabiiy kuchga ishonish kishining kundalik azob-
uqubatlarni o‘tkinchi bir narsa deb qarashiga, hatto o‘limdan ham
qo‘rqmasligiga yordam beradi. Chunki taqvodor kishi kelajakda farovon
hayotga erishishiga ishonadi. Dinning kuchi ham ana shunda. Kishining
xudoga ishonishi bu dunyoni o‘tkinchi sifatida anglashiga ko‘maklashadi,
narigi dunyodagi «hayoti»ga umid va ishonch bag‘ishlaydi. Bunday
holatni mustahkamlash uchun din turli-tuman ramziy hodisalardan
foydalanadi.
Diniy marosimlar ongga ta’sir qiladi. Bu ta’sir jarayonida u nafaqat
axloqiy-ma’naviy, balki estetik vositalardan ham foydalanadi. Masalan,
diniy marosimlar o‘tkaziladigan joylar – masjid, cherkov, sinagogalarni
bezashga katta e’tibor beriladi. Bunday joylarda bo‘lgan kishining
ruhiyatida o‘zgarishlar yuz beradi. Buni xristianlikning katolitsizm
yo‘nalishi misolida ham ko‘rsatish mumkin. Cherkovning ichki va tashqi
qismlari rassomchilik, haykaltaroshlik asarlari bilan bezatiladi,
marosimlarga tantanali tus beriladi, xor va organ musiqasidan
foydalaniladi. Dindor cherkovdan o‘zini yengil his qilib chiqadi, diniy
bilimi kengayadi, e’tiqodi mustahkamlanadi.
Islom dinida ham badiiy-hissiy usullardan ustalik bilan foydalaniladi.
Masalan, Qur’onni yoki biror-bir duoni qiroat bilan o‘qish, og‘zaki nutq
madaniyati, notiqlik san’ati usullaridan foydalanish yordamida bajariladi.
Ta’kidlash joizki, aksariyat din peshvolari va allomalar nutqining
ta’sirchanligi hatto ba’zi mashhur professorlarnikidan ham ustun turadi.
Din tarkibida e’tiqod ham muhim o‘rin egallaydi. E’tiqod – kishining
muayyan hodisa, uning xossa va xususiyatlari haqqoniy ekanligiga ishonchi.
1
: . . . – ., 1992. – . 81.
15
Ishonch e’tiqodning asosini tashkil etadi. Biroq har qanday ishonch ham
e’tiqodga aylanavermaydi. Garchi ishonch va e’tiqod bir-biriga juda yaqin va
o‘xshash bo‘lsa-da, biroq ular o‘rtasida farq ham mavjud. Odatda, e’tiqod
deganda diniy e’tiqod tushuniladi. Aslida, e’tiqod diniy ham, dunyoviy ham
bo‘lishi mumkin. Diniy e’tiqod g‘ayritabiiy kuchlar va hodisalarga ishonish,
sig‘inish orqali shakllanadi. E’tiqodning dunyoviy ko‘rinishi esa insonni
o‘rab turuvchi obyektiv olamdagi narsa va hodisalarni hissiy tajriba va ilmiy
bilish asosida shakllanadi.
Diniy marosimlarni dindorlar yakka tartibda yoki jamoaga birlashib
amalga oshiradilar. Ularning jamoaga birlashuvi osonlikcha kechmaydi. Shu
tariqa diniy ijtimoiy institutlar shakllanadi. Bunday institutlarning
boshlang‘ich bo‘g‘ini dindorlar guruhidir. Dastlabki dindorlar guruhi mehnat,
urug‘ jamoalari negizida yuzaga kelganligi bois butun urug‘ yoki qabila
a’zolarini birlashtirgan. Diniy marosimlarda barcha urug‘ a’zolari ishtirok
etgan. Diniy tajribaning ortib borishi bilan diniy marosimlarni bajarishni
tashkil etuvchi va boshqaradigan mutaxassislar – shomonlar, sehrgarlar –
ajralib chiqqan. Ular asta-sekin mazkur faoliyat turini o‘zlashtirib, kasbiy gu-
ruhlarga birlashganlar.
Xususiy mulk, sinflar va davlatning paydo bo‘lishi bilan dinning
ijtimoiy vazifalari kengayib borgan. Dinning vazifalaridan biri hukmron
sinf va davlat manfaatlariga xizmat qilish bo‘lgan. Mavjud siyosiy tizim va
hukmdorning shaxsi ilohiylashtirilgan.
Jamiyatdagi o‘zgarishlar diniy marosimlar va institutlarga ham ta’sir
etgan. Diniy marosimlarning murakkab tizimlari shakllangan. Nisbatan
mustaqil faoliyat ko‘rsatadigan kohinlar korporasiyasi yuzaga kelgan.
Diniy korporatsiya faoliyat turiga ko‘ra birlashgan kishilarning tashkiloti
bo‘lgan. Lekin u davlat apparatining tarkibiy qismi sifatida faoliyat
ko‘rsatgan. Shu davrdan boshlab kohinlar alohida tabaqaga birlashganlar.
Davlat tuzumi va hukmdorning muqaddaslashtirilishi kohinlarning
jamiyatdagi mavqeini mustahkamlab borgan. Kohinlar o‘z davrining eng
bilimdon vakillari sifatida davlatning siyosiy tizimi shakllanishida faol
ishtirok etganlar.
Ijtimoiy taraqqiyot va ijtimoiy institutlarning takomillashuvi
jarayonida din davlat siyosiy tizimining tarkibidan ajralib chiqqan va
mustaqil faoliyat ko‘rsata boshlagan. Diniy tashkilot ham davlatning
siyosiy tizimidan mustaqil faoliyat ko‘rsatuvchi tashkilotga aylangan.
16
|