Sanksiya ma’muriy-huquqiy normaning elementi sifatida huquqbuzarga nisbatan ko‘riladigan ta’sir choralarini aks ettiradi. Bunda har qanday ma’muriy ta’sir emas, balki huquqbuzarlik munosabati bilan qo‘llanilishi normada belgilangan ta’sirgina nazarda tutiladi. Ma’muriy huquqbuzarliklar uchun qo‘llaniladigan ma’muriy-huquqiy sanksiyalar O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida nazarda tutiladi. Masalan, mazkur Kodeksning 96-moddasiga binoan loyihalarni davlat ekologik (sanitariya-ekologik) ekspertizasining ijobiy xulosasisiz ro‘yobga chiqarish uchun sanksiya mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishdan, xuddi shunday huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilgandan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solish bilan jazolanadi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks normalarini buzganlik uchun qo‘llaniladigan ma’muriy-huquqiy sanksiyalar uning 23-moddasida sanab o‘tilgan. Ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganlik uchun quyidagi ma’muriy jazo choralari qo‘llanilishi
mumkin: 1) jarima; 2) ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli hisoblangan yoki bevosita shunday narsa bo‘lgan ashyoni haqini to‘lash sharti bilan olib qo‘yish; 3) ma’muriy huquq- buzarlikni sodir etish quroli hisoblangan yoki bevosita shunday narsa bo‘lgan ashyoni musodara qilish; 4) muayyan shaxsni unga berilgan maxsus huquqdan (transport vositasini boshqarish huquqidan, ov qilish huquqidan) mahrum etish; 5) ma’muriy qamoqqa olish.
3-§. Ma’muriy-huquqiy normalarni amalga oshirish
Ma’muriy-huquqiy normalarni amalga oshirish ushbu normalarda aks ettirilgan talablar, xulq-atvor qoidalarining ma’muriy huquq subyektlari tomonidan hayotga tatbiq etilishidir. Binobarin, ma’muriy-huquqiy normalarni amalga oshirish — ma’muriy huquq subyektlarining ma’muriy huquq normalarida belgilangan talablarga mos keladigan qonuniy xulq-atvori (faoliyati). U normalarda belgilangan huquqlarga ega bo‘lish va ulardan foydalanishda hamda ayni shu normalarda nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarishda ifodalanadi.
Ma’muriy huquq nazariyasida huquqiy normalarni amalda joriy etishning to‘rt shakli farqlanadi: a) rioya qilish; b) qo‘llash;
bajarish; e) foydalanish.
Ma’muriy-huquqiy normalarga rioya qilish huquq subyekti ma’muriy-huquqiy normalarning talablariga ixtiyoriy bo‘ysunishi bilan tavsiflanadi. Huquqiy normalarni amalda joriy etishning mazkur shakli subyektning taqiqlangan harakatlarni bajarishdan tiyilishini nazarda tutadi.
Ma’muriy-huquqiy normalarni qo‘llash ijro etuvchi hoki- miyatning tegishli subyektlari tomonidan amalga oshiriladi. U amalda vakolatli organ (mansabdor shaxs) moddiy yoki protsessual normalarning talablariga asoslangan individual yuridik hujjatlarni qabul qilishida namoyon bo‘ladi. Bu hujjatlar muayyan ma’muriy ishlarga tatbiqan qabul qilinadi (masalan, lavozimga tayinlash to‘g‘risida buyruq, fuqaroning shikoyati yuzasidan chiqarilgan
qaror, jamoat birlashmasini ro‘yxatdan o‘tkazish va hokazo). Shuni ta’kidlash joizki, ma’muriy huquqda huquqni qo‘llash ijroiya hokimiyat mexanizmi faoliyat ko‘rsatishi bilan bevosita bog‘liq. Fuqarolar ma’muriy-huquqiy normalarni qo‘llash vakolatlariga ega emaslar.
Ma’muriy-huquqiy normalarni bajarish — tartibga soli- nayotgan boshqaruvga oid munosabat ishtirokchilarining bu normalarda ifodalangan yuridik qoidalar, taqiqlar yoki ijozatlarga qat’iy rioya qilishidir. Huquqiy normalarni amalga oshirishning bu ko‘rinishi universaldir, chunki uning subyektlari sifatida boshqa- ruvga oid munosabatlarning barcha ishtirokchilari amal qiladi. Ma’muriy-huquqiy normalar va ular davlat boshqaruvi sohasida o‘rnatadigan huquqiy tartibning ta’sirchanligi ularni bajarish sifati, hajmi va darajasi bilan belgilanadi. Shu sababli, ma’muriy-huquqiy normalarni bajarish ijro etuvchi hokimiyatni amalga oshirish sohasida huquq-tartibot va davlat intizomini yetarli darajada ta’minlashning muhim vositasi hisoblanadi.
Ma’muriy-huquqiy normalardan foydalanishhuquq subyekt- larining boshqaruv sohasida subyektiv huquqlarni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan qonuniy harakatlarni ixtiyoriy bajarishini nazarda tutadi. Bunda ma’muriy-huquqiy normalarni bajarishdan farqli o‘laroq, ulardan foydalanish jarayonida subyektiv huquqlar amalga oshirilishini qayd etib o‘tish lozim. Masalan, fuqaro tegishli tartib-taomillarni bajarish (imtihon topshirish, hujjatlarni qo‘lga kiritish va hokazo.) yo‘li bilan olingan transport vositasini boshqarishga bo‘lgan huquqni amalga oshirishi mumkin.
Shuningdek, amaldagi qonunchilik hujjatlarida maxsus nazarda tutilgan hollarda ma’muriy tartibda huquqni qo‘llash sudlarga (sudyalarga) yuklatiladi. Jumladan, bunday harakatlarni sud organlari ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etganlik uchun ma’muriy jazolar tayinlash hamda ayrim ma’muriy nizolarni ko‘rib chiqish va hal qilish chog‘ida amalga oshiradi.
Shunday qilib, ma’muriy-huquqiy normalarni qo‘llash ularga rioya qilish, ularni bajarish va ulardan foydalanishdan ayrim o‘ziga xos jihatlari bilan ajralib turadi.
Birinchidan, ma’muriy huquq normalarini qo‘llash davlat boshqaruvi subyektlarining hokimiyat vakolatini amalga oshirish
borasidagi faoliyati bo‘lib, uning vositasida jamiyat hayoti ijtimoiy munosabatlarning turli subyektlari o‘rtasidagi o‘zaro muno- sabatlarning aniq tashkiliy asoslarini belgilash yo‘li bilan tartibga solinadi.
Ikkinchidan, huquqni qo‘llash doim aniq huquqiy munosa- batlar doirasida amalga oshiriladi. «Huquqni qo‘llashga doir munosabatlar» deb ataladigan bu huquqiy munosabat ishtirok- chilarining huquqiy holati turlicha bo‘ladi. Mazkur munosabatlarda huquqni qo‘llashning davlat-hokimiyat vakolatlariga ega bo‘lgan subyekti ayniqsa faol rol o‘ynaydi.
Uchinchidan, huquqni qo‘llash borasidagi faoliyat doimo qonun bilan belgilangan alohida shakllarda amalga oshiriladi.
To‘rtinchidan, huquqni qo‘llash doim uning subyekti tomonidan amalga oshiriladigan individual-huquqiy hujjat (huquqni qo‘llashga doir hujjat) qabul qilish orqali ro‘yobga chiqariladi.
Qonuniylik, adolatlilik va maqsadga muvofiqlik ma’muriy huquq normalarini qo‘llashning asosiy talablaridir.
Ma’muriy-huquqiy normalarni amalga oshirishda ko‘rsatilgan munosabatlarning barcha subyektlari o‘z ma’muriy-huquqiy maqomiga muvofiq ishtirok etadi.