O‘zbekiston respublikasi ichki ishlar vazirligi


-§. Ma’muriy huquq manbalari



Yüklə 6,58 Mb.
səhifə16/209
tarix07.01.2024
ölçüsü6,58 Mb.
#205813
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   ...   209
O‘zbekiston respublikasi ichki ishlar vazirligi

4-§. Ma’muriy huquq manbalari


Huquq manbai deganda huquq normalarini ifoda etish, rasmiylashtirish va mustahkamlash shakli tushuniladi. Bu yerda dialektika nuqtai nazaridan huquq normasi — mazmunni, normativ-huquqiy hujjat (qonun, farmon, qaror va boshqalar)— shaklni aks ettiradi. Yuridik adabiyotlarda huquq shakli bilan huquq manbai sinonim tushunchalar sifatida talqin etiladi. Shundan kelib chiqib, ma’muriy huquq manbalari deganda ma’muriy-huquqiy normalarni aks ettirishning tashqi shakli tushuniladi. Amalda turli davlat organlarining bunday huquqiy normalarni o‘z ichiga olgan yuridik hujjatlari, ya’ni normativ-huquqiy hujjatlar nazarda tutiladi. Ma’muriy-huquqiy normalarning rang-barangligi ular aks ettirilgan va ifodalangan manbalarning turli-tumanligini ham
nazarda tutadi. Ma’muriy huquq manbalari (shakllari) jumlasiga quyidagilar kiradi:

  1. Aksariyat normalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’muriy-huquqiy yo‘nalishga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining Konsti- tutsiyasi. Bu, masalan, ro‘yobga chiqarish asosan davlat boshqaruvi sohasida amalga oshiriladigan fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlarini mustahkamlovchi (21, 24-25, 27, 30- 36-moddalar); davlat organlarining vakolatlarini belgilovchi (68- 73, 78-80, 93, 99-105-moddalar) konstitutsiyaviy normalar.

Konstitutsiyaga ijro etuvchi hokimiyat faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan normalar kiritilgan. Ular jumlasiga, xususan, O‘zbekiston Respublikasida ijro etuvchi hokimiyat tizimini belgilovchi 98, 99-102-moddalarning norma- lari, shuningdek ijro etuvchi hokimiyatni amalga oshirish tartibi, O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining maqomi, uning funk- siyalari va vakolatlarini, ijro etuvchi hokimiyat mahalliy organlari, boshqa davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlari tartibini belgilovchi normalari kiradi.

  1. O‘zbekiston Respublikasining, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasining qonunchilik hujjatlari. Bu yerda konstitutsiyaviy qonunlar va qonunlar ayniqsa katta ahamiyat kasb etadi.

Ma’muriy huquqning mazkur manbalari orasida «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida»gi qonunni, Ma’mu- riy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksni, davlat boshqaruvi masalalariga doir boshqa bir qator qonunlarni qayd etish mumkin.
Jumladan, «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida»gi qonun O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining maqomi, tarkibi va uni shakllantirish tartibini, Hukumatning vakolatlarini, uning faoliyatini tashkil etish masalalarini, Hukumat va davlat hokimiyati organlarining o‘zaro munosabatlarini, Vazirlar Mahkamasining faoliyatini ta’minlash masalalarini o‘z ichiga oladi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning vazifalariga inson va jamiyat farovonligi yo‘lida fuqarolarning huquq va erkinliklarini, mulkni, davlat va jamoat tartibini, atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish, ijtimoiy adolat va qonuniylikni ta’minlash, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarning o‘z vaqtida va obyektiv
ko‘rib chiqilishi, shuningdek bunday huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etish ruhida tarbiyalash kiradi. Bu vazifalarni amalga oshirish uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi qanday harakat yoki harakatsizlik ma’muriy huquqbuzarlik hisoblanishini, ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan shaxsga nisbatan qaysi organ (mansabdor shaxs) tomonidan qay tartibda qanday ma’muriy jazo qo‘llanilishi va ijro etilishini belgilaydi.
Ma’muriy-huquqiy normalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat organlarining qonunchilik hujjatlarida ham o‘z ifodasini topishi mumkin.

  1. Ma’muriy huquq manbalari orasida O‘zbekiston Respub- likasi Prezidentining normativ farmonlari ayniqsa muhim rol o‘ynaydi. Bu O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 94- moddasida belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari qonun osti hujjatlarning yuqori cho‘qqisida turadi. Prezident farmonlari normativ va individual xususiyatga ega bo‘lishi mumkin. Farmonlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiq va ular ijrosi yuzasidan chiqariladi. Prezidentning davlat hokimiyati organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi figura sifatida davlat mexanizmida tutgan qat’iy o‘rni uning farmonlarining normativ- huquqiy hujjatlar tizimida egallaydigan yuksak mavqei va rolini belgilab beradi.
Prezident farmonlari yuridik kuchi va ahamiyati jihatidan qonundan keyingi o‘rinda turadi.
Prezident farmonlari yuksak nufuzliligi tufayli mamlakat iqtisodiyotining, aholi ijtimoiy hayotining hamda davlat boshqa- ruvining qonunlar va hukumat qarorlari bilan qamrab olinmagan talaygina dolzarb masalalarini tez va samarali hal etish imkonini beradi1 .
Prezident farmonlari strategik va dasturiy xarakterga ega bo‘lib, ularda Hukumat, u yoki bu vazirlik, davlat qo‘mitasi muayyan




1 Îaun³opu ¥.T. ¤çáåkèñòîí Ðåñпóáлèkаñèда ³îíóí ÷è³аðèø æаðаëíè.
–T., 1995. – 47-á.
yirik murakkab masalani qanday hal etishi kerakligining aniq rejasi va yo‘l-yo‘riqlari belgilab beriladi. Farmonlar Vazirlar Mahkamasi va davlat boshqaruvining boshqa bo‘g‘inlari faoliyatiga rahbarlik qilishning samarali vositasidir. Biroq, farmonlar hukumat qarorlari o‘rnini egallab olmaydi. Har ikki turdagi bu hujjatlar Konstitutsiya va qonunda belgilangan vakolatlar doirasida chiqariladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Respublikada davlat nazorati tizimini takomillashtirishning ba’zi chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 1994-yil 16-fevral, farmoni, «Respublika davlat boshqaruvi organlari tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi 2003- yil 9-dekabr farmoni, shuningdek, vazirliklar va davlat qo‘mi- talarini tashkil etishga oid hujjatlar, masalan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida»gi (1997-yil 8-iyul), «O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida»gi (1998-yil 24-iyul) farmon- lari va boshqalar ma’muriy huquq manbalari sifatida alohida ahamiyatga molik.

  1. Ma’muriy huquq manbalari qatoriga O‘zbekiston Respub- likasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari ham kiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 98-moddasining 1- qismida ta’kidlanganidek, «Vazirlar Mahkamasi amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining butun hudu- didagi barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan qarorlar va farmoyishlar chiqaradi». Quyidagi qarorlarni misol tarzida keltirish mumkin. Respublika Hukumatining
«O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati tuzilma- sini takomillashtirish to‘g‘risida»gi (1997-yil 20-may), «Kimyo sanoati korxonalarini boshqarish tuzilmasini takomillashtirish va qishloq xo‘jaligiga agrokimyo xizmati ko‘rsatishni yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi (2004 yil 23-yanvar), «O‘zbekiston Respublikasiga iste’mol tovarlarini olib kelishni takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish to‘g‘risida»gi (2002-yil 5- dekabr), «Mualliflik haqi va boshqa haq to‘lash stavkalarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi (2007-yil 8-yanvar) va boshqa qarorlari shular jumlasidan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi
turli nizomlarni tasdiqlaydi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining normativ qarorlari ham ma’muriy huquqning manbai bo‘lib hisoblanadi.

  1. Tarmoqlararo va tarmoq miqyosida respublika vazirliklarining, ijro etuvchi hokimiyat boshqa organlarining, mahalliy hokimlar- ning normativ hujjatlari ma’muriy huquq manbalari bo‘lib xizmat qiladi.

  2. Mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish vakillik va ijroiya organlarining normativ hujjatlari ham, basharti bu organlarga qonunga muvofiq tegishli davlat vakolatlari berilgan bo‘lsa, ma’muriy huquq manbalari hisoblanadi.

  3. Ma’muriy-huquqiy normalar davlat bitimlarida ham o‘z aksini topishi mumkin bo‘lib, bunday hollarda mazkur bitimlar ma’muriy huquq manbalari sifatida e’tirof etilishi lozim.

  4. Ma’muriy huquq manbalari qatoriga ichki tashkiliy xususiyat kasb etadigan hujjatlar — davlat korporatsiyalari, konsernlar, birlashmalar, korxonalar va muassasalar rahbarlarining normativ hujjatlarini (yoki ularning jamoaviy organlari hujjatlarini) ham kiritish mumkin. Bunday hujjatlarning normalari muayyan tuzilma doirasidagina amal qiladi. Ayrim hollarda davlat korporatsiyalari, konsernlarning normativ hujjatlari bir jamoaviy tuzilma chegarasi- dan chetga chiqishi mumkin (masalan, yonilg‘i-energetika majmui sohasida).

Tavsiflangan ma’muriy huquq manbalari tizimining turli- tumanligi ma’muriy-huquqiy normalarni tizimga solish va kodekslashtirishni takomillashtirish muammosini kun tartibiga qo‘yadi.
Ma’muriy huquqni tizimga solishga nisbatan aniq yonda- shuvlar uzoq yillar mobaynida kuzatilmagan. Holbuki, huquqning boshqa ko‘pgina tarmoqlari bilan taqqoslaganda, ma’muriy huquq o‘zining o‘ta harakatchanligi (muttasil o‘zgarishi, modifikat- siyalanishi) bilan ajralib turadi. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi tizimga solish va kodekslashtirish ishlarini amalga oshirish, shu jumladan ijro etuvchi hokimiyat mexanizmi faoliyat ko‘rsatishini tashkil etish, turli darajada amal qiluvchi, ba’zan eskirgan va bir-biriga zid bo‘lgan ma’muriy-huquqiy normalarning
ulkan majmuini tartibga keltirish uchun mustahkam huquqiy zamin yaratadi.
Umuman, hozirgi vaqtda O‘zbekistonda ma’muriy huquqning faqat bir instituti kodekslashtirilgan. Bu — moddiy va protsessual ma’muriy huquq normalarini birlashtirgan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksdir. Ammo bu qisman kodekslashtirish, xolos. Albatta, umumiy ma’muriy-huquqiy kodekslashtirish haqida so‘z yuritish ham mushkul.
Hozirgi vaqtda ma’muriy-huquqiy normalarni tizimga solish, ularni davr talablari, amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va ma’muriy islohotlar, O‘zbekiston Respublikasining Konstitut- siyasida mustahkamlangan institutlar bilan muvofiq holga keltirish vazifasi birinchi o‘ringa chiqmoqda. Tabiiyki, tegishli ma’muriy- huquqiy normativ materialni sezilarli darajada yangilash, shuning- dek boshqaruvga doir ijtimoiy munosabatlarni ma’muriy-huquqiy tartibga solishdagi mavjud ko‘plab kamchiliklarni bartaraf etish, ma’muriy huquqni inkorporatsiya qilish (uning muhim institutlari bo‘yicha normalarni birlashtirish va tizimga solish) zarur.


Nazorat uchun savol va topshiriqlar

    1. Ma’muriy-huquqiy norma deganda nimani tushunasiz?

    2. Ma’muriy-huquqiy normaning o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlang.

    3. Ma’muriy-huquqiy normalarning turlarini aniqlang.

    4. Ma’muriy-huquqiy normaning giðotezasini ko‘rsating.

    5. Ma’muriy-huquqiy normaning dispozitsiyasini ko‘rsating.

    6. Ma’muriy-huquqiy normaning sanksiyasini ko‘rsating.

    7. Ma’muriy huquq nazariyasida huquqiy normalarni amalda joriy etishning qanday shakllari mavjud?

    8. Ma’muriy huquq manbalarini ko‘rsating.




Yüklə 6,58 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   ...   209




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin