O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi majlislari sessiyalar
davrida o‘tkaziladi. Sessiyalar, qoida tariqasida, sentyabrning birinchi ish kunidan boshlab kelgusi
yilning iyun oyi oxirgi ish kuniga qadar o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati majlislari zaruratga qarab, lekin yiliga
kamida uch marta o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining majlislari, agar ular ishida barcha
deputatlar, senatorlar umumiy sonining yarmidan ko‘pi ishtirok etayotgan bo‘lsa, vakolatli
hisoblanadi.
Konstitutsiyaviy qonunlarni qabul qilishda barcha deputatlar, senatorlar umumiy sonining
kamida uchdan ikki qismi ishtirok etishi shart.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati majlislarida,
shuningdek ularning organlari majlislarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Bosh vazir, Vazirlar
Mahkamasining a’zolari, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi raislari, Bosh
prokuror, Markaziy bank boshqaruvining raisi ishtirok etishlari mumkin. O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va uning organlari majlislarida Senat Raisi, O‘zbekiston
Respublikasi Oliy Majlisining Senati va uning organlari majlislarida Qonunchilik palatasi Spikeri
ishtirok etishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati alohida-alohida
majlis o‘tkazadilar.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma
majlislari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qasamyod qilganda, O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining, ichki va tashqi siyosatining eng muhim masalalari
yuzasidan nutq so‘zlaganda, chet davlatlarning rahbarlari nutq so‘zlaganda o‘tkaziladi. Palatalarning
kelishuviga binoan qo‘shma majlislar boshqa masalalar yuzasidan ham o‘tkazilishi mumkin.
Dostları ilə paylaş: