Prezidentlik
institutining mohiyati va
ahamiyati
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining XIX bobi prezidentlik institutiga bag‘ishlangan.
Unga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti davlat boshlig‘idir va davlat hokimiyati
organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini ta’minlaydi.
Bundan yigirma yetti yil avval, 1990 yil 24 martda demokratiya jarayonlarini yanada rivojlantirish,
siyosiy o‘zgarishlarni chuqurlashtirish, konstitutsion tuzumni, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari
va xavfsizligini mustahkamlash, O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyati va boshqaruvi oliy
organlarining o‘zaro aloqasini takomillashtirish maqsadida MDH davlatlari ichida esa birinchi
bo‘lib O‘zbekiston Respublikasida Prezidenti lavozimi ta’sis etildi (1).
O‘zbekiston tarixida ilk daf’a joriy etilgan Respublika Prezidenti lavozimi yangi O‘zbekiston davlat
hokimiyati organlari tizimida markaziy o‘rinni egalladi. U siyosiy tizimning o‘zagi bo‘lib qoldi.
Prezidentlik hokimiyatida Prezidentning davlat boshlig‘i ... vakolatlari mujassamlashgan. Bu
hokimiyat jamiyatdagi barqarorlikning va O‘zbekiston islohotlar yo‘lidan muvaffaqiyatli olg‘a
borishining kafolati bo‘lgani holda, yangi o‘zbek davlatchiligi binosining asosiy tayanchiga aylanib
qoldi (2).
O‘zbekiston Respublikasida prezidentlik lavozimi milliy an’analarimiz, qadriyatlarimiz bilan
rivojlangan demokratik davlatlar tajribasini uyg‘unlashtirish natijasida vujudga keldi.
O‘zbekistonda ta’sis etilgan Prezident lavozimining huquqiy asoslarini tahlil qilib baralla aytishimiz
mumkinki, mamlakatimizda Prezidentning saylanishi, vakolatlari demokratik standartlarga mos
to‘la keladi.
Dunyoda prezident lavozimi mavjud bo‘lgan davlatlarni shartli ravishda 3 ga ajratilib, prezidentlik
va parlamentar, aralash respublikalar degan tasniflash mavjud. Bunda asosiy mezonlardan biri
bo‘lib, Prezidentning saylanish usuli hisoblanib, bevosita xalq tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri
saylangan Prezident kuchli vakolatlarga ega bo‘ladi. Prezident to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylanganda
fuqarolar uning saylovoldi dasturi bilan bevosita tanishish, mamlakat va fuqarolarni
qiziqtirayotgan masalalarga nomzodlar e’tiborini qaratish imkoniyati mavjuddir. Konstitutsiyamiz
90-moddasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti O‘zbekiston Respublikasining
fuqarolari tomonidan umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish
yo‘li bilan besh yil muddatga saylanadi.
Prezidentni umumiy, teng, to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylash
dunyoning 110 ta davlatida qabul qilingan usuldir.
O‘zbekistondagi Prezidentlik institutining o‘ziga xosligi shundaki, bizda davlat boshlig‘ining
vakolatida fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi
va qonunlariga rioya etilishiga kafillik belgilanganligi, davlat hokimiyati organlarining kelishilgan
holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini ta’minlashi, Prezident saylovi kuni Konstitutsiyada
aniq belgilab qo‘yilgani, saylov komissiyalarining a’zolari saylovdan manfaatdor biron bir partiya
a’zosi, yoki nomzod, uning ishonchli vakili bo‘lishi mumkin emasligi, Prezident saylovining
moliyaviy ta’minoti davlat mablag‘lari tomonidan qoplanishi va teng taqsimlanishi, nomzodlardan
hech qanday saylov garovi, saylov fondini tashkil etish talab qilinmasligi, nomzodlarga saylovoldi
tashviqotini o‘tkazish uchun davlat hisobidan teng efir vaqti va bosma maydon ajratilishi,
yig‘ilishlar va uchrashuvlar o‘tkaziladigan vaqt hamda joy haqida saylovchilarga barvaqt xabar
qilinishi, davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalarning, muassasalarning, tashkilotlarning
rahbarlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga
nomzodlarga saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazishni tashkil etishda, zarur ma’lumot va
axborot materiallari olishda yordam ko‘rsatishlari shartligi kabilarda ko‘rishimiz mumkin.
O‘zbekistonda Prezidentlik institutining xalqimiz hayotiga yaqinligini mustaqillik yillarida bo‘lib
o‘tgan Prezident saylovlarida saylovchilarning 90 % dan ortig‘i ishtirok etganligidan ham bilib
olishimiz mumkin. Jahonning ko‘plab davlatlarida bu raqam odatda o‘rtacha 50-60 %dan
oshmasligini ko‘rishimiz mumkin.
Shu ma’noda prezidentlik instituti demokratik institut hisoblanib, birinchidan, O‘zbekiston
Respublikasining Prezidenti O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tomonidan umumiy, teng va
to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li saylanadi va fuqarolarning davlat
ishlarini boshqarishda vakilligini ta’minlashdek konstitutsiyaviy funksiyani bajaradi. Ikkinchidan,
Prezident lavozimiga nomzod bo‘lishda O‘zbekiston Respublikasi barcha fuqarolar bir xil huquq va
erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy
mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar. Ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy va mulkiy ahvoliga,
irqiy yoki milliy mansubligiga, jinsi, ma’lumoti, tili, dinga munosabatiga, mashg‘ulot turi va
xususiyatiga qarab O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining saylov huquqini biron-bir tarzda
bevosita yoki bilvosita cheklash taqiqlanadi. Uchinchidan, Prezident saylovi demokratik
standartlarda belgilangan holda halollik bilan ochiq, shaffof o‘tishi, erkin, ixtiyoriy, haqiqiy va
adolatli tashkil etilishi va o‘tkazilishi Konstitutsiya va qonunlarimizda belgilab qo‘yilgan.
To‘rtinchidan, Prezident vakolatlari Konstitutsiya va qonunlarda belgilab qo‘yiladi. Ya’ni bunda
demokratik saylovlar orqali saylab qo‘yilgan vakillari orqali xalq ishtirok etadi. Beshinchidan,
monarxiyadan farqli o‘laroq, Konstitutsimiz 1-moddasiga asosan O‘zbekiston – suveren
demokratik respublika bo‘lganligi bois Prezidentning lavozimda bo‘lish vaqti konstitutsiyaviy
asosda ma’lum muddatlar bilan chegaralangan. Ya’ni Asosiy qonunimizga asosan besh yil
muddatga saylanadi. Bu ham demokratik standartlardan bo‘lib, xalq davlat hokimiyatining manbai
sifatida davriy asosda o‘z nomidan, ya’ni xalq nomidan ish olib borishi mumkin bo‘lgan shaxsni
muqobillik asosida saylab turish imkoniyatiga ega bo‘lishi lozim. Oltinchidan, respublika Prezidenti
lavozimga kirishish oldidan xalq saylagan oliy vakillik organi – Oliy Majlisda qasamyod qabul
qilishi ham o‘z qasamyodida birinchi jumla “O‘zbekiston xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishga”
degan jumlaning o‘ziyoq demokratiyaning belgilari sifatida aytilgan: demokratiya xalqdan chiqishi,
demokratiya xalq tomonidan va xalq manfaatlari yo‘lida oshirilishiga yaqqol misol bo‘la oladi.
Yettinchidan, prezidentlik instituti huquqiy davlatning muhim va ajralmas belgisi – hokimiyat
bo‘linishi prinsipining tarkibiy qismidir.
Prezident lavozimining joriy etilishi o‘zbek davlatchiligi tarixida yangi bosqichni boshlab berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimov ta’kidlaganlaridek, “Prezident institutining
joriy etilishi – respublikamiz uchun suverenitet va davlatchilikda prinsip jihatdan yangi bosqichga
o‘tilishini bildiradi. Chunki shunchaki emas, balki haqiqiy davlatchilik hokimiyatning bunday
tuzilmasini qo‘lga kiritish imkoniyatiga ega. ... Prezident boshqaruvini hayotning o‘zi, qayta
qurishning mantig‘i, mohiyati, uning murakkab va ziddiyatli jarayonlari taqozo etdi” (3).
Dastlabki bosqichda prezidentlik instituti davlat hokimiyati tizimida markaziy o‘rinni egallab,
siyosiy tizimning o‘zagiga aylandi. Demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatining
poydevorini barpo etish hamda davlatning bosh islohotchi bo‘lishi zarurati o‘tish davrida Prezident
zimmasiga katta mas’uliyat va strategik vazifalarni hal etish zaruratini yuklash barobarida uning
keng vakolatlarga ega bo‘lishini taqozo etdi. Prezident davlat va ayni vaqtda ijro etuvchi hokimiyat
boshlig‘i sifatida islohotlarning tashabbuskori, yangilanish va o‘zgarishlar jarayonini harakatga
keltiruvchi asosiy kuchga aylandi.
Demokratiyaga o‘tish jarayoni strategiya va taktik jihatdan kuchli prezidentlik bo‘lishini taqozo
etadi, Prezident nafaqat modernizatsiyalashni amalga oshirishi, balki demokratik huquq va
erkinliklarning haqiqiy kafili bo‘lishi, jamiyatda buzg‘unchi jarayonlarning ta’sirini yo‘q qilish,
bartaraf qilish imkoniga ega bo‘lishi lozim” (4) edi.
Milliy davlatchilik asoslarini shakllantirishga qaratilgan islohotlar natijasida siyosiy va iqtisodiy
hayot, davlat va jamiyat qurilishining barcha jabhalarini yanada demokratlashtirish va
erkinlashtirish, mustaqil sud tizimi, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, fuqarolarning
siyosiy, iqtisodiy faolligini oshirish hamda fuqarolik jamiyatini barpo etishning mustahkam
poydevori yaratilib, demokratik islohotlar ortga qaytmas jarayonga aylandi.
Ushbu mustahkam poydevor asosida mamlakatimizni jadal isloh etish va modernizatsiya
qilishning yangi davri – milliy taraqqiyotimizning keyingi mantiqiy bosqichi izchil davom etmoqda.
Faol demokratik yangilanishlar va mamlakatni modernizatsiya qilish davri (5) hisoblanmish ushbu
bosqichda davlat hokimiyati tizimida o‘zaro mutanosib va barqaror muvozanatni ta’minlash,
hokimiyat tizimida prezidentlik institutining o‘rni va roliga oid muhim demokratik o‘zgarishlar
amalga oshirilmoqda.
Milliy davlatchiligimiz va biz uchun yangi bo‘lgan erkin bozor iqtisodiyoti shakllanayotgan va qaror
topayotgan dastlabki yillarda Prezidentga berilgan huquq va vakolatlarning bir qismini
hokimiyatning qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi tuzilmalariga berish ishlari izchillik bilan olib
borilmoqda. Agar mustaqillik (6) yillarida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga 7 marta
o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunlar qabul qilingan bo‘lsa, ularning 5 tasi bilan
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga oid XIX bobdagi qator moddalarga o‘zgartish va
qo‘shimchalar
kiritilgani
prezidentlik
institutining
huquqiy
asoslari
sezilarli
takomillashayotganidan dalolat qiladi.
Xulosa qilib aytganda mamlakatimizda prezidentlik instituti O‘zbekistonni davlat mustaqilligiga
erishishining asosiy omili bo‘ldi, respublikamiz uchun suverenitet va davlatchilikda prinsip jihatdan
yangi bosqichga o‘tilishini bildirdi hamda prezidentlik instituti qaysidir ma’noda davlat mustaqilligi
kafili hamda davlat ramziga aylandi.
Prezidentlik instituti ta’sis etilishini hayotning o‘zi, murakkab va ziddiyatli jarayonlar yechimi
taqozo etdi. Prezidentlik instituti huquqiy davlatning muhim belgisi bo‘lgan hokimiyat bo‘linishi
prinsipining tarkibiy qismi sifatida huquqiy tizimimizga kiritildi. Prezident lavozimi ta’sis etilishi
bilan qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi, sud tarmoqlari faoliyatini o‘zaro kelishtirish, avvalo qonun
chiqaruvchi va ijro etuvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish mexanizmlari yaratildi.
Prezidentlik instituti jamiyatdagi barqarorlikning kafolati bo‘lgani holda, yangi o‘zbek davlatchiligi
binosining asosiy tayanchi vazifasini bajarmoqda.