II.Bob. MADANIYAT VA SAN’AT SOHASINING ASOSIY TENDENSIYALARI OAVLAR MISOLIDA O‘zbekistonda OAV lar faoliyati va o‘zbek jurnalistikasi
O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarida so‘z erkinligi yo‘qligi, xalqning ijtimoiy fikri jonli efirda berilmasligi, qaysidir mutasaddi shaxsning cheklashlariga ko‘ra intervyulardagi tanqidiy fikrlar kesib tashlanishi va belgilangan shablonlar ichidagina so‘z aytish mumkinligi butun dunyoga ma’lum edi. Bu muammoning borligi hech kimga sir ham bo‘lmay qolgan edi. Lekin ba’zi amaldorlar bu vaziyatni yaxshi bilishsa ham o‘zlarining siri ommaga fosh bo‘lishidan qo‘rqqani uchun jurnalistlarni va axborot agentliklarini qo‘rquvda ushlab turish ishlari bilan band edi. Ayrim xalqaro tashkilotlar aynan mana shu kamchiligimizdan O‘zbekistonni dunyo hamjamiyati ko‘z oldida obro‘sizlantirish kampaniyalarida foydalanishar edi. Bu voqealar hozirgi kunda ham uchrab turadi. Butun dunyoda yangiliklarni kim yoki qaysi axborot agentligi birinchi yoritgani juda muhim masala. Masalan, yaqin kunlargacha qamoqda begunoh yotgan insonlar endi ozodlik huzurini tortmoqda. Ularni jamiyatimizga integratsiyalash jarayoni davom etayapti. Bundan tashqari hali begunoh qamalib, azob chekayotgan yosh olimlarimiz va jurnalistlarimiz bor. Ular haqidagi tafsilotlarni O‘zbekiston axborot agentliklaridan oldin chet el axborot agentliklari berdi va har xil talqin qila boshlashdi. O‘zbekistonlik jurnalistlar uchun bu juda katta zarba edi. Aslida bunga o‘zimiz ham aybdormiz, jurnalistikaning shunday nozik taraflariga e’tiborsizlik qilib, voqealar tafsilotini aniqlashni va ommaga yetkazishni eplay olmay, yana birovdan xafa bo‘lamiz. O‘zimizda shuncha talantli jurnalistlar bo‘la turib, bizning ichki muammolarimizni boshqa davlat jurnalistlari o‘z o‘lchamlariga ko‘ra talqin qilib tursa kimga yoqardi. Chunki masalaning ichida turib tadqiq qilib ishlash bilan qandaydir noma’lum shaxsning O‘zbekistonda turib yozib yuborgan yoki telefon yo internet orqali bergan ma’lumoti asosida ishlash o‘rtasida juda katta tafovut bor. Dunyoning barcha davlatlarida ommaviy axborot vositalari siyosiy yoki iqtisodiy kuchlarga qaram ahvolda ish yuritadi. Hech bo‘lmaganda egasining dunyoqarashiga ko‘ra yoki mablag‘ beruvchining istagiga ko‘ra ish tutadi va masalani talqin qiladi. Tom ma’noda mustaqil OAV hech qachon bo‘lmagan. Masalan, o‘zlarining shaxsiy adovatini, qandaydir destruktiv fikrlarini, hech qanday qadr-qiymatga ega bo‘lmagan xulosalarini O‘zbekiston xalqining fikri kabi ko‘rsatishga harakat qilayotgan ommaviy axborot vositalari ham yo‘q emas. Ularning faoliyati natijasida «Haqiqat ishtonini kiyguncha yolg‘on dunyoning yarmini aylanib ulguradi» (A lie can travel half way around the world while the truth is putting on its shoes) degan ahvol yuzaga chiqadi. Chunki yolg‘on, noto‘g‘ri xabar tarqalib ketsa buni tuzatishni iloji bo‘lmay qoladi, rad qilish bilan xatoni bartaraf etish juda mushkul. Buning oqibatini esa tasavvur qilishni o‘rganishimiz zarur.12 Haqiqat va yolg‘on nima ekanini eng qisqa va aniq shaklda ifodalab beradigan bu fikr ko‘pchilik siyosatchi-jamiyatshunoslar uchun juda kerakli tushunchaga aylanib ulgurgan bo‘lsa-da, buning o‘zi katta yolg‘on va shubha o‘rtasida qolgan ibora bo‘lib qoldi. Ba’zi birovlar bu iborani birinchi marta Britaniyaning mashhur siyosatchisi Uinston Cherchill (Sir Winston Leonard Spencer-Churchill) aytgan degan yolg‘on ma’lumotni dunyoga tarqatib yuborishdi. Masalaning qiziq tomoni shundaki, bu iboraning asl muallifi amerikalik buyuk yozuvchi Mark Tven (Mark Twain) bo‘lishiga qaramay, bu ma’lumot ham yolg‘onga aylantirildi. Shuning uchun O‘zbekistondagi yangilikni yoki qandaydir xabarni bizdan oldin hech bir davlatning axborot agentligi chiqarishga ulgurmasligi shart. Aks holda yolg‘on, noto‘g‘ri xabar tarqalib ketishi ehtimoli bor. Yangilik ham tijorat mahsuli va uning ham o‘ziga yarasha bozori bor. Bu masalada jurnalistikaning va axborot almashishning o‘z qonun-qoidalari bor. Oldin o‘zimizning jurnalistlar xabarlarni tez tarqatib, hamkasb tahlilchilarga «masalliq» tayyorlab berishi zarur. Tezkorlik masalasida boshqa davlatlarning axborot agentliklariga ish qoldirmaslik tarafdoriman. Jurnalist faqatgina xabar tarqatuvchi jarchi emas. Bu ishni diktor ham, muxbir ham bajaraveradi. Albatta, jarchilik ham, darakchilik ham jurnalistikaning bir sohasi. Sodir bo‘lgan qandaydir voqea, ijtimoy-siyosiy yoki madaniy-iqtisodiy muammo haqida xabar berilganidan so‘ng yuzaga chiqqan ijtimoiy rezonansni sharhlash, tahrir, talqin, tahlil, muhokama qilish publitsistning ishi hisoblansa ham, publitsistikaning o‘zi aynan jurnalistika degan poydevor ustida qad ko‘tarib turganini esdan chiqarmaylik. Albatta, matbuotda chiqqan har qanday xabar yoki yangilik tahlil qilinavermaydi. Chunki ommaga tarqatilgan bo‘lsa ham jamoatchilik e’tiboridan chetda qolgan bo‘lishi mumkin. Lekin xabar tarqatilgan vaqtda ko‘pchilikning e’tiboridan chetda qolgani bilan keyinchalik boshqa bir voqea haqidagi xabar ta’sirida ommada kuchli rezonans yaratishi mumkin. Ijtimoiy rezonans tafsiloti esa ommaga tushuntirib berilishi shart. O‘zbekistonlik jurnalistlar tomonidan mustaqil tadqiqotlar olib borilib, jamiyatimizdagi muammolarni yoritish evaziga aholi orasida huquqiy savodxonlik rivojlanishi turgan gap. Bu esa jamoaviy fikrni o‘rtaga chiqaradi, yoshlarimizning ongiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, yaqindagina bo‘lib o‘tgan senator va to‘y korteji mojarosi haqida jurnalistlarimiz yozib chiqdi. Hatto Prezident bizlar taraf bo‘ldi. Bu O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalari maydoni shakllanganidan dalolatdir. Ilgari, afsuski, bunday emas edi. Davlat mustaqilligi va mamlakat grajdanlarining farovon yashashi uchun hokimiyat taqsimlanishi shart ekanligi haqidagi birinchi g‘oyani buyuk faylasuf Arastu olg‘a surgan edi. Keyinchalik bu g‘oya ingliz pedagogi va faylasufi Jon Lokk (John Locke, 1632-1704) tomonidan asoslanib chiqildi va nazariya shakliga keltirildi. Fransuz faylasufi, huquqshunos yozuvchisi Sharl de Monteskyo (Charles-Louis de Secondat, baron de La Brède et de Montesquieu, 1689-1755) tomonidan «Hokimiyatlar taqsimlanishi» nazariyasi yanada takomillashtirildi va klassik usulga aylantirildi. AQShning birinchi moliya vaziri Aleksandr Hamilton (Alexander Hamilton, 1755-1804), AQShning to‘rtinchi prezidenti va AQSh konstitutsiyasining mualliflaridan biri Jeyms Medison (James Madison, 1751-1836) va AQShning boshqa arboblari tomonidan hokimiyatlar bo‘linishi, aniqroq aytadigan bo‘lsak davlat boshqaruvida «Hokimiyatlar taqsimlanishi» nazariyasi zamonaviy davlat boshqaruvi tizimiga kiritila boshlangan edi. Hokimiyatlar harakatidan hosil bo‘lgan natijalarga ko‘ra davlat oyoqqa turar va mamlakatda parokandalik emas, farovonlik hukm surar ekan.
Ushbu nazariyaga ko‘ra davlatni boshqarish tizimi bir-biridan mustaqil bo‘lgan uchta hokimiyatning birikmasidan iborat:
Qonunchilik hokimiyati;
Ijro hokimiyati;
Sud hokimiyati.
Har bir mamlakatning davlat boshqaruvidagi «Hokimiyatlar taqsimlanishi» tartibi avvalo shu davlatdagi demokratiyaning huquqiy formasini ko‘rsatadi. Ko‘pincha ommaviy axborot vositalarini «to‘rtinchi hokimiyat» deb atashadi. Aslida esa rasmiy davlat boshqaruv tizimida «to‘rtinchi hokimiyat» degan hokimiyat yo‘q. Sababi, OAVda kimningdir xato-kamchiliklarini tuzatish uchun qo‘llanadigan buyruq mexanizmi yoki vakolati yo‘q.13 Masalan, qaysidir tashkilot odamlarning oylik ish haqini bermayotgan bo‘lsa, Mehnat kodeksidan chetga chiqib ketgan bo‘lsa yoki kimdir qonundan chiqib ketgan bo‘lsa uni jazolay olmaydi, xato-kamchilikni tuzatish uchun buyruq ham bera olmaydi. Matbuot faqat muammoga, masalaga yoki qandaydir voqeaga qonunchilik hokimiyati, ijro hokimiyati, sud hokimiyatining diqqatini jalb qilishi mumkin xolos. «To‘rtinchi hokimiyat» atamasi jamiyatdagi ijtimoiy fikrga matbuotning qanchalik ta’sir ko‘rsata olishini ifodalaydigan lirik atama hisoblansa-da, har bir vatandoshimizning diqqatini jamiyatda bo‘layotgan siyosiy-ijtimoiy jarayonga jalb qilib, unda daxldorlik tuyg‘usini uyg‘ota oladi va bunga haqqi ham bor. Informatsion texnologiyalarning jadallik bilan taraqqiy etishi mamlakatimizda ham internet jurnalistikaning rivojlanishi va ommalashishiga olib keldi. Hozirda Internet jurnalistika O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari ichida tezkorligi bo‘yicha birinchi, auditoriyasining ko‘pligi va ta’sir doirasining kengligi bo‘yicha televideniedan so‘ng ikkinchi o‘ringa chiqib oldi. Internet jurnalistika eng tezkor OAV sifatida matbuot, radio, televidenie imkoniyatlarini o‘zida jamlamoqda. Endi siz biron axborot bilan tanishish uchun gazeta chop etilishini, TV yoki radioda yangiliklar dasturi boshlanishini kutib o‘tirmaysiz. Eng katta internet-nashrlari matn, foto, tasvir, ovoz, infografika kabi elementlardan foydalanib, xabarlarni interaktiv tarzda yetkazmoqda. Internet-radio va Internet-televidenie yo‘nalishi ham jadallik bilan rivojlanmoqda. Hozirda .uz milliy domenida 54000 dan ortiq nom ro‘yxatga olingan, ulardan 450 tasi OAV sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi taqdim qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2018 yil yanvar oyi holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda internet foydalanuvchilari soni 20 000 000 kishidan oshgan. Bu o‘tgan yilgiga nisbatan 5,3 milliondan ziyod bo‘lib, O‘zbekiston jami aholisining 63 foizi global tarmoq foydalanuvchisiga aylangan. Ularning aksariyati internetdan mobil telefonlari orqali foydalanadilar. O‘zbekistondagi mobil telefon abonentlari soni esa 22 800 000 kishidan oshgan. Taqqoslash uchun: mamlakatimizda internet foydalanuvchilari soni 2000 yili 7500, 2005 yili 675 000, 2010 yili 6 500 000, 2015 yili 10 200 000 kishini tashkil etgan. 2017 yilda internet foydalanuvchilarining keskin oshishi o‘tgan yilda mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlar, erkinliklar samarasi hamda ularning internet saytlarida batafsil va tezkor yoritilishi bilan bog‘liqdir. Prezident matbuot xizmatining isloh qilinishi va samarali faoliyat yuritishi onlayn jurnalistikaga ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga murojaatnomasining internetda jonli olib berilishi jurnalistika tarixida katta voqea bo‘ldi. Ilk bor mana shunday oliy darajadagi tadbir o‘sha vaqtning o‘zidayoq xabar saytlarida yoritildi, tahlil qilindi, butun dunyodan munosabatlar bildirildi. Avvallari bunday uchrashuvlar o‘tib bo‘lgandan so‘ng bir qancha “qaychilash”lardan so‘ng efirga uzatilardi. Ba’zi tadqiqotchilarning hisobiga ko‘ra, ushbu murojaatnomani internetda 4 000 000 kishi kuzatdi. Bugun internetning o‘zbek segmentida eng ommaviy saytlar daryo.uz va kun.uz yangilik saytlaridir. 2018 yil 13 fevral holatiga ko‘ra, daryo.uz saytiga bir kunda 349 920 kishi (2 719 266 ta sahifa o‘qilgan), kun.uz saytiga esa 328 412 kishi tashrif buyurgan (1 526 726 ta sahifa o‘qilgan). Ushbu saytlarga o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 30 foiz ko‘p foydalanuvchi tashrif buyurgan. O‘zbekistonning internetdagi eng katta axborot kanallari hisoblangan daryo.uz va kun.uz saytlariga kuniga 90-110 tadan material kiritiladi. Ularning ijtimoiy tarmoqlardagi kuzatuvchilari soni 1 000 000 kishidan oshadi. Masalan, kun.uz saytini ijtimoiy tarmoqlarda jami 1 265 870 kishi kuzatadi (Telegram — 256399, Facebook — 175971, Twitter — 19500, Instagram — 709000, Youtube — 105000). O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi muassisligidagi xabar.uz sayti yangi tashkil etilganiga qaramay, kuniga 40000 kishilik auditoriyani yig‘a oldi. Saytda davlat va jamoat tashkilotlari haqida tanqidiy, tahliliy materiallar muntazam e’lon qilib borilmoqda. O‘zbekiston Milliy axborot agentligining uza.uz sayti TASS va O‘zTAGdan qolib ketgan eski qoliplardan voz kechib, maqolalarni erkin tarzda berayotgani, fikr aytuvchilar uchun minbar-platforma yaratgani, tanqidiy maqolalarni qisqartirmasdan chop etayotgani sababli auditoriyasi ham kengaydi. Ba’zi kunlari sayt o‘quvchilari soni 15-20 000 ga ham yetdi. 14 Ma’lumki, butun dunyoda bosma ommaviy axborot vositalari qiyin davrlarni boshdan kechirmoqda. Gazeta va jurnal tirajlari har yili tushib bormoqda. Aksincha ularning elektron versiyasiga talab ortmoqda. Har haftada 3,2 million nusxada chop etilgan AQShning eng mashhur yangiliklar jurnali “Newsweek” 2013 yildayoq to‘liq elektron variantga o‘tdi, bosma nashri tugatildi. 2015 yili AQShga safar qilganimda u yerdagi bosma va elektron ommaviy axborot vositalari faoliyatini o‘rgangandim. Tinch okeani bo‘yida joylashgan Astoriya shahrida 10000 kishi istiqomat qiladi. Mahalliy “The Daily Astorian” gazetasi 10000 nusxada, haftasiga 5 marta chop etiladi. Asosan mahalliy xabarlarga ixtisoslashgan bu gazeta shahardagi barcha xonadonlarga yetkazib beriladi. Shuningdek, uning internet versiyasini ham kuniga 20000 kishi o‘qirkan. Gazeta muharriridan “Hozirda ko‘p nashrlarning internetga o‘tib ketishidan xavotirlanmaysizmi? Odamlar gazeta o‘qimay qo‘yishidan qo‘rqmaysizmi?” deb so‘raganimda “Yo‘q, o‘quvchilarni aslo yo‘qotmaymiz, gazetada o‘qigan planshetda ham o‘qiyveradi. Lekin, reklama beruvchilarni yo‘qotamiz. Internetdagi reklama juda arzon” deb javob berdi. AQShdagi gazetalarning aksariyati reklamadan daromad qiladi. “The Daily Astorian” muharririning aytishicha, obuna puli gazetani yetkazib berish xarajatlarini qoplaydi, xolos. O‘zbekistondagi barcha bosma ommaviy axborot vositalari ham hozirdanoq elektron versiya va doimiy yangilanadigan saytni yo‘lga qo‘yishmasa, ertaga auditoriyani yo‘qotib qo‘yishlari hech gap emas. Hozirda O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida internet jurnalistika taraqqiyoti borasida Qozog‘istondan so‘ng ikkinchi o‘rinda turibdi. Qozog‘istonda internet foydalanuvchilari soni 10 million kishi bo‘lib, umumiy aholining 56 foizini tashkil etadi. Mamlakat internet segmentida yangiliklar saytlari ommaviy bo‘lib, eng katta xabar portali tengrinews.kz saytiga kuniga 600 000 dan ortiq foydalanuvchi tashrif buyuradi.15 Markaziy Osiyo davlatlarining barchasida yangiliklar saytlari eng ko‘p kiriladigan saytlardir. Rossiya va boshqa rivojlangan davlatlarda ommabop saytlar ro‘yxatini milliy internet korporatsiyalari egallagan (Rossiyada —Yandex, AQShda — Google, Xitoyda — Baidu). O‘zbekistonda ham ma’lumotlar qidiruvi, elektron pochta, yangiliklar, videoxosting, tarjimon, savdo platformasi, disk, ob-havo, entsiklopediya, ish izlash kabi yuzlab servislarni jamlagan, kuchli himoyalangan va qulay ishlash tizimiga ega bo‘lgan milliy internet korporatsiyasiga ehtiyoj bor. Aks holda axborot xavfsizligi haqida qancha qayg‘urmaylik, boshqa servislarga qaram bo‘lib qolaveramiz.