Mavjud imtiyozlar. Ma`lumki, rag`batlantirish-bu mehnat intizomini ta`minlashda va mustahkamlashda muhim huquqiy vosita hisoblanadi. Ishdagi yutuqlar uchun xodimga nisbatan rag`batlantirish choralari qo`llaniladi. Rag`batlantirish turlari, ularni qo`llash tartibi, afzallik va imtiyozlar berish jamoa shartnomasi, ichki mehnat tartibi qoidalari va boshqa lokal hujjatlarda, jamoa kelishuvida, intizom to`g`risidagi ustav va nizomlarda belgilab qo`yiladi (Mehnat Kodeksining 180-moddasi). Mehnat qonunchiligida o`zining mehnat burchlarini muvaffaqiyatli va vijdonan bajarayotgan xodimlarga ijtimoiy-madaniy va uy-joy maishiy xizmat sohasida (sanatoriy va dam olish uylariga yo`llanmalar berish, uy-joy sharoitini yaxshilash va shu kabi sohalarda) birinchi navbatda imtiyoz va afzalliklar beriladi. Bunday xodimlarga ishda yuqori pog`onaga ko`tarilishida ham afzalliklar beriladi. Mehnat vazifalani lozim darajada bajarish, mehnatda yuqori natijalarga erishish, korxonada uzoq muddat namunali ishlash va boshqa yutuqlar uchun Namunaviy ichki mehnat tartibi qoidalarida quyidagi rag`batlantirish choralari ko`zda tutilgan: 1)tashakkur e`lon qilish; 2)pul mukofoti bilan taqdirlash; 3)qimmatbaho sovg`a bilan mukofotlash. Umuman olganda, bunday rag`batlantirish choralari xodimga mehnat burchlarini namunali bajargani, mehnat unumdorligini oshirgani, maxsulot sifatini yaxshilagani, uzoq muddat va nuqsonsiz ishlagani va ishdagi boshqa muvaffaqiyatlari uchun qo`llaniladi. 58 Rag`batlantirish korxona tarkibiy bo`linmasi raxbari yoki xodim ishlayotgan mehnat jamoasining tavsiyasiga binoan ish beruvchining buyrug`i bilan e`lon qilinadi. Yuqorida ta`kidlab o`tilganidek, xodim mehnat sohasida davlat va jamiyat oldidagi alohida xizmatlari uchun qonunchilikda belgilangan tartibda davlat mukofotlariga taqdim etilishi mumkin. Shuni ham e`tiborga olish kerakki, ish haqi, mukofotlar, qo`shimcha to`lovlar, ustamalar va mehnat haqi tizimida nazarda tutilgan boshqa to`lovlar rag`batlantirish turlariga kirmaydi. Intizomiy jazo amal qilib turgan muddat mobaynida xodimga nisbatan rag`batlantirish choralari qo`llanilmaydi.