O`RTA OSIYO XONLIKLARINING ROSSIYA IMPERIYASI TOMONIDAN BOSIB OLINISHI.
O'rta osiyo xonliklarining Rossiya tomonidan bosib olinishi Reja: 1. Rossiya imperiyasining o`zbek xonliklariga nisbatan siyosati. Angliya - Rossiya o`rtasidagi raqobat. 2. O`rta Osiyo xonliklarini Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinishi va uning oqibatlari.
1. Rus podsholarining Turkiston yerlariga g’arazli maqsadlarda ko’z olaytirishlari shayboniylar hukmronlik qilgan davrlardan boshlangan. Kavkaz, Volgabo’yi, Sibir’ va O’rta Osiyo ustidan hukmronlik qilish rus podsholarining azaliy va asriy orzusi bo’lgan. Rus davlati O’rta Osiyo mintaqasini bosib olish uchun bu yerdagi mavjud honliklar haqida keng ko’lamda josuslik ma`lumotlarini to’play boshladi. Bu holat “Moskva savdo kompaniyasi” deb atalgan tashkilotning vakili Antoni Jenkinson boshliligidagi elchilarning faoliyatida yaqqol namoyon bo’ldi. Ingliz savdogarlari Antoni Jenkinson Richard va Robert Jonsonlar 1558 –1559-yillarda, Moskva savdo elchisi Ivan Danilovich Xoxlov 1621-yilda Xiva, Buxoro va Samarqandga asosan o’lkani o’rganish va josuslik ma`lumotlarini to’plash maqsadida kelgan edilar.
Lekin Turkistonni Rusiyaga qaram qilish uchun to’g’ridan-to’g’ri amaliy ochiq harakat Petr I davridan boshlandi. U o’zining Sharqqa nisbatan tajovuzkorlik siyosatini yashirib ham o’tirmadi. “Sharq bilan aloqada Qozog’iston tasarrufi kalit va darvoza hisoblanadi. Shuning uchun millionlab mablag’ sarflasa ham Qozog’istonni bo’ysundirish yoki hech bo’lmasa u yerda Rusiya ta`sirini o’rnatish zarurdir”, degandi Petr I. U tajovuzkorlik siyosatini amalga oshirish maqsadida Markaziy Osiyoga 1717-yilda knyaz’ Bekovich-Cherkasskiyni katta qo’shin bilan yubordi. Ammo Xiva xoni Sherg’ozixon tomonidan bu qo’shin batamom qirib tashlandi. Rusiya bilan Xiva xonligi o’rtasida dushmanlik vaziyati kuchaydi. Petr I Markaziy Osiyo yerlariga bo’lgan o’z tajovuzkorligidan voz kechmadi. U Buxoroga josuslik maqsadlarida elchi qilib italiyalik Florio Benevenini jo’natdi. Bu safar ham missiya muvaffaqiyatsiz chiqdi va Benevenining o’zi zo’rg’a jon saqlab qoldi va faqat Petr I o’limidan so’ng 1725-yilda Rusiyaga qaytdi. Florio Beneveni hali Buxoroda bo’lgan chog’idayoq josuslik ishlari bilan shug’ullandi va rus podshosiga yozgan xatlarining chetlarida shifrovka bilan maxfiy xabarlarni yubordi. Aytishlaricha, - deb yozadi A.S.Pushkin - Petr I o’limi oldidan ikki narsani amalga oshira olmagani uchun armon bilan ketayotganini aytgan: Prut yonidagi jangda Turkiyadan engilganini va Bekovichning o’limi uchun Xivadan o’ch ololmagani uchun qattiq afsus chekkan.
Markaziy Osiyoni bosib olish maqsadida Petr I zamonidayoq Qozog’istonning zabt etilgan hududlarida harbiy qal`alar va istehkomlar qurila boshlangan edi. 1717-yilda Omsk, 1718-yilda Semipalatinsk, 1720-yilda Ust-Kamenogorsk, 1742- yilda Orenburg qal`alari qurildi. Faqat XVIII asrning o’zida chor ma`murlari yovuz niyat bilan hozirgi Qozog’iston hududlarida 46 ta katta va 96 ta kichik harbiy qal`a va istehkomlar qurganlar. XVIII asrning boshlarida har uchchala Juzning qozoqlari qalmiq (jungar)larning doimiy bosqini ostida og’ir ahvolga tushib qoldi. 1723-yilda ro’y bergan og’ir ocharchilik qozoqlarning o’z mustaqilliklarini saqlab qolishlarini xavf ostiga solib qo’ydi. Oqibatda Katta Juz jungarlarga siyosiy qaram bo’lib qoldi. O’rta Juz Buxoroga ko’chib borib Buxoro xonligiga, Kichik Juzning bir qismi esa Xiva xonligiga tobe bo’ldi. Bunday og’ir vaziyat Katta va Kichik Juzning xoni Abulxayrxonni o’z hokimiyatini saqlab qolish ilinjida chor hokimiyati bilan yaqinlashuviga majbur etdi. Ana shu tariqa 1731-yilda Kichik Juz, 1731 – 1740-yillarda esa Katta Juz qozoqlarining aksariyati rus davlatining tobeligiga o’tdi.
Qozoqlarning rus fuqaroligini qabul qilishlari Rossiya imperiyasi mustamlakachi ma`murlarining Turkiston yerlarini egallash borasidagi bosqinchilik harakatlariga qulay shart-sharoitlar yaratdi. Biroq Yevropadagi davlatlar o’rtasidagi vaziyatning tobora taranglashib va chigallashib borishi, rus-turk urushi (1806 – 1812), rus-shved urushi (1808 – 1809), rus-fors urushi (1805 –1813) va nihoyat Napoleonga qarshi 1805 – 1812-yillardagi to’qnashuv, qolaversa, Rossiya imperiyasi amaldorlariga qarshi dekabristlar nomini olgan dvoryanlar qo’zg’oloni va uni bostirish chor hukumatining Turkistonga nisbatan bosqinchilik siyosatini ma`lum muddatga ortga cho’zilishiga sababchi bo’ldi. Biroq 1830-yillardan ma`lum darajada Yevropadagi janjalli voqealardan qo’li bo’shagan Rossiya imperiyasi hukumati yana o’zining ayg’oqchilik va yovuzlik niyatlarini Markaziy Osiyo hududlariga qaratdi. 1839 – 1840-yillarda podsho Nikolay I ning homiyligi va fatvosi bilan Orenburg harbiy gubernatori V.A.Perovskiy katta qo’shin bilan Xivani bosib olish niyatida yo’lga chiqdi. Perovskiy qo’shini tarkibida 2 ta zambarak, 40 arava, 5325 askar bor edi. Ammo og’ir obi-havo sharoiti, yoqilg’ining yo’qligi, oziq-ovqat tanqisligi, kiyim-kechaklarning yaroqsizligi natijasida Perovskiy qo’shinlari yo’l-yo’lakay katta talofatlar berib Xivaga yurishni to’xtatib orqaga qaytadi.
Rossiya imperiyasi hukumati XIX asrning o’rtalaridan boshlab o’zbek xonliklarining yerlarini bosib olishga astoydil kirishadi. Buning sabablari avvalo shundaki: birinchidan, o’zbek xonliklari o’zaro davlat va yer talashib bir-birlarining tinka madorlarini shu darajada quritgan edilarki, ular tashqi dushmanga qarshi birlashib kurashish u yoqda tursin, hatto o’zlarini biror bir darajada himoya qilishga ham qodir emas edilar. Bu xol imperiya ma`murlariga juda qo’l kelar edi. Ikkinchidan, Rossiya imperiyasining harbiy-siyosiy va iqtisodiy ahvoli shuni talab qilar ediki, rivojlanayotgan rus kapitalistlari uchun yangi-yangi bozorlar, foyda manbalari kerak edi. Rossiya sanoat korxonalariga esa tabiiy yer osti boyliklari, xom ashyo bazalari; paxta, ipak, qorako’l, teri va boshqalar zarur edi. Uchinchidan, Markaziy Osiyo masalasida ingliz-rus munosabatlarining keskinlashib borishi Rossiya bosqinining tezlashishiga sabab bo’ldi. Rossiya hukmronlik doiralari XIX asrning boshidanoq ingliz josuslarining o’zbek xonliklaridagi hatti-harakatlarini ziyraklik va shubha bilan kuzatib bordilar. Darhaqiqat Hindistonni Angliyaning mustamlakasiga aylantirgan Ost-Hindiston kompaniyasi oltinga boy, hamda iqtisodiy va strategik ahamiyati katta bo’lgan Turkiston o’lkasidagi voqealarni anchadan beri diqqat bilan kuzatib borar va bu o’lkani o’z tasarrufiga olish uchun qulay paytni poylardi. Buni Ost-Hindiston kompaniyasining Markaziy Osiyoga bir necha marta o’z razvedkachilarini yuborganliklaridan bilsa bo’ladi. Jumladan, 1824-yilda mazkur kompaniya ayg’oqchisi Murkfort Buxoroda bo’ldi, biroq u qaytish chog’ida yo’lda xalok bo’ladi. 1831-yilda Buxoroga A.Byorns tashrif buyurdi. 1843-yilda kapitan Ebbot Xivaga yuborildi. O’sha yili Vol’f Buxoroga kelgan edi. U 1838-yildan buyon Buxoro amiri Nasrulloxon zindonida saqlanayotgan polkovnik Stoddart bilan mayor Konollini (ular 1842-yili qatl etilgan) qutqarish niyatida edi.
Ost-Hindiston kompaniyasi Buxoro amirligi va Xiva xonligiga Rossiyaga qarshi ittifoq tuzishni taklif qildi va birgalashib Rossiya tajovuziga qarshi kurashishni tavsiya etdi. Lekin bu takliflar amalga oshmadi. Inglizlarning Markaziy Osiyoni bosib olishdan iborat rejasining amalga oshuviga Hindiston bilan o’zbek xonliklari o’rtasida joylashgan Afg’oniston to’siq bo’ldi. Hatto 1838 –1842-yillarda va 1878 – 1880-yillarda inglizlar bilan Afg’oniston o’rtasida ikki marta urush ham kelib chiqdi. Ammo inglizlar afg’on xalqining qarshiligini bostira olmadilar.
XIX asr ikkinchi yarmi boshlarida Turkiston xonliklarini bo`ysundirish maqsadida Rossiya olib borayotgan siyosat Buyuk Britaniyaning shu borada uzoqni ko`zlagan rejalariga jiddiy xavf solar edi. Shuning uchun Angliya turli yo`llar bilan O`rta Osiyodagi davlatlarni Rossiyaga qarshi otlantirish payiga tushadi.
1831 – 1833-yillarda Ost-Indiya kompaniyasi leytenanti Aleksandr Berns Hindistondan Afg’onistonga, undan Buxoroga sayyoh sifatida keladi. Bu “sayohat” natijasida yig’ilgan dalillar va shaxsiy kuzatuvlar “Buxoroga sayohat” deb nomlangan uch jildlik kitobga asos bo`ldi. Bu o`rinda A.Bernsning o’zbek xalqi xususida bildirgan fikrlari diqqatga sazovordir: “O`zbeklar muomalada kamtar va samimiy. Ular mening kim ekanimni bilmaganliklaridan, barcha narsalar xususida, hukmdorlari va siyosatdan tortib, bozordagi ahvol haqida ham tortinmay so`zlashdilar”.
Angliya o`z diplomatlari, sayyohlari hamda ayg’oqchilari vositasida Buxoro, Xiva va Qo`qon xonliklarini Rossiyaga qarshi ittifoqqa uyushtirishga harakat qildi. Ular shu maqsadda fors va turk tillarini yaxshi bilgan Konolli, Berne, Archi Todts, Abbot va Shekspir kabi zobitlarni uzbek xonliklariga yubordilar. Ayrim manbalarda keltirilgan ma`lumotlarga ko`ra, Konolli Xiva xoni bilan uchrashib, unga “O’zbek davlatlarining chet mamlakatlar tomonidan ishg’ol etilishidan asrovchi yagona yo`l bor. U ham bo`lsa, bir-birlaringiz bilan yaxshi munosabatda bo`lib, o`zaro yordamlashishdir”, degan. Xiva xoni Olloqulixon esa ruslarning bahorda yana hujum qilmoqchi ekanliklaridan xabar topgach, Istanbulga va inglizlar huzuriga o`z elchilarini jo`natib, yordam so`radi. Turkiya davlatidan biror xabar ololmagan Xiva xoni huzuriga ingliz zobitlari Abbot va Shekspir yetib kelishdi. Ular Xiva xoniga poytaxtdagi rus asirlarini ozod qilish va bu bilan bo`lajak to`qnashuvga bahona qoldirmaslik lozimligini uqtirdilar. Haqiqatdan, asirlarning ozod etilishi bilan yangi urush ochishga ortiq bahona qolmagach, Perovskiy yurishni kechiktirishga majbur bo`ldi. Xavfning bartaraf bo`lganini ko`rgan Olloqulixon Qutbiddinxo`ja ismli elchisini Istanbulga jo`natib, turklarni vaziyatdan ogoh qildi. Olloqulixon tinchlikni ta`minlashdа bergan yordamlari uchun ingliz hukumatiga ham elchilar yo`llab, o`z minnatdorchiligini bildirgan edi.
Angliya hukumati bu vaqtda polkovnik Stoddartni Buxoroga yuborgan edi. Stoddartning Buxoroga kelayotganini eshitgan Nasrulloxon unga shaharga kirishda otdan tushib, yayov yurishini va qurolini topshirishi zarurligini buyuradi. Ammo, Stoddart Osiyo tartib-qoidalarini unutib, Buxoro hukmdorining buyrug’ini mensimaydi. Nasrulloxon esa alamini ichiga yutib, Stoddartni qabul qilishga majbur bo`ladi. Amir uning asl maqsadi ayg’oqchilik emas, do`stona munosabat o`rnatish ekanligiga ishonmay, undan tegishli hujjat so`raydi. Polkovnik Stoddartda bunday hujjat yo`q bo`lgani uchun amir uni hibsga oladi. O`z elchilarining Buxoroda tutib qolinishi Angliya hukumatini ularni ozod etishga urinishga majbur etadi. Ingliz hukumati oldin Xiva xoni vositasida, keyin Turkiya hukumati orqali Buxoro amiriga ta`sir etishga urinadi. Ammo Buxoro amiri tomonidan talab qilingan hujjat kelavermagach, Stoddart zindonga tashlanadi. Bu xabarni eshitgan kapitan Konolli Buxoroga jo`naydi. Amir uni ham kerakli hujjati yo`qligi uchun hibsga oladi. Ikki ingliz zobiti Buxoro zindonida uchrashadilar. 1842-yilda ular josus sifatida qatl etiladilar.
Angliyada Stoddart va Konolli nomi bilan tashkil etilgan maxsus qo`mita ikki zobit taqdirini aniqlash uchun o`z odamlarini Buxoro, Xiva va Qo`qonga yubordi. Ana shu qo`mita nomidan 1844-yil 3-noyabrda olim, tadqiqotchi hamda sayohatchi sifatida tanilgan, pixini yorgan josus Iosif Vol'f Istanbulga keldi. Angliyaning bu erdagi elchisi S. Kening unga Buxoro safari uchun zarur hujjatlarni tayyorlab berdi. Turkiya sultonining Buxoro amiri, Xiva va Qo`qon xonlariga yozilgan maktublari Vol'fning turk sultoni homiyligida ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar vazifasini o`tashi lozim edi. Ana shu hujjat o`sha vaqtda Turkiya Rossiya istilosiga qarshi Angliya bilan hamkorlikda o’zbek xonliklarining ittifoqini vujudga keltirishga intilganidan dalolat beradi. 1844 – 1845-yillar davomida Buxoroda ish olib borgan I.Vol'f Londonga Qo`qondagi voqealar, xonliklarning o`zaro munosabatlari xususida diqqatga sazovor axborotlar yuborib turdi.
Angliya Turkiya bilan hamkorlikda O`rta Osiyo davlatlarining harbiy ittifoqini vujudga keltirishga ko`p urindi. Ayniqsa, Qrim urushida (1853 – 1856) Angliya O`rta Osiyo xonliklariga, Afg’oniston va Eronga o`z odamlarini yuborib, bu mamlakatlarni Rossiyaga qarshi otlantirish harakatini kuchaytirdi. Ammo Turkiya ham, Angliya ham Rossiya xurujiga qarshi o’zbek xonlari birligini vujudga keltirishni ta`minlashning uddasidan chiqa olmadi. Chunki xonliklar o`rtasida o`zaro nifoq-nizolar kuchli bo`lib, ularning ildizi chuqur ketgan edi. Buning ustiga, Rossiya diplomatiyasi Buxoro, Xiva va Qo`qon xonliklarini bir-biriga qarshi gij-gijlab, o`zining ig’vogarona siyosatini izchillik bilan yuritar edi. Rossiya bu yo`lda sobit turib, To`rg’ay viloyatini, 1846-yilning kuziga kelib, Sirdaryoning Orol dengiziga quyiladigan yeridagi Qozolini ishg’ol etdi va 1847- yilda Raim, 1848-yilda Kazalinsk istehkomlarini qurdi. Bu ahvol Xivani tashvishga soldi. Xon o`z noroziligini bildirib, elchilarini Peterburgga jo`natdi. Xiva elchilarini rus amaldorlari bu istehkomlar savdoni yo`lga qo`yish va cho`lda tinchlik o`rnatish uchun qurildi, deb aldadilar. Xiva xoni bu istehkomlarni yo`q qilishga harakat qildi, lekin Sirdaryo va Orolbo`yidagi qozoqlar rus istehkomlaridagi qo`shinlarni yo`qotish xususidagi Xiva hukumatining maslahatlariga quloq solmadilar.
Xivaning qozoqlarni o`z ta`siriga olish borasidagi urinishlari Rossiyani tashvishga solib, Orenburg general-gubernatorini faol harakat qilishga undadi. U Orenburgning g’arbiy qismida yashovchi o`ziga tobe qozoq sultoni Boymuhammad Oychuvoqovga maxsus buyruq yuborib, Xiva xoni foydasiga tashviqot yuritayotgan qozoq biylariga qarshi keskin choralar ko`rishni talab qildi.
Rossiya hukumati 1841-yilda Xivaga yuborgan kapitan Nikiforov zimmasidagi asosiy vazifalardan biri Rossiya tobeligidagi qozoqlarga nisbatan Xiva ta`sirini qirqish ekanligi bejiz emas edi. Rossiya hukumati tashqi ishlar vazirligining kapitan Nikiforov zimmasiga yuklagan vazifasi Xiva xonini rus qo`shinlari tomonidan Sirdaryoning quyi qismini ishg’ol qilish masalasida betaraf turishga, Sirdaryoning shimolidagi yerlarni va Kaspiy dengizining sharqiy qirg’og’ini Rossiyaga tobe` deb e`tirof etishga, Rossiya qaramog’idagi qozoqlarga hujum qilmaslik hamda ularning ichki idora ishlariga aralashmaslikka ko`ndirishdan iborat edi. Xon kapitan Nikiforovga Rossiya bilan Angliya munosabatlariga doir jiddiy savollar bergani Xivaning rus-ingliz raqobatidan yaxshi xabardorligidan dalolat beradi. Xiva xoni rus elchisi talablarini rad etgani ham uning Angliya va Rossiyaning O`rta Osiyo masalasida o`zaro kurashidan foydalanishga uringanligini ko`rsatadi. Ko`p o`tmay, kapitan Nikiforovning uddalay olmagan ishini davom ettirish podpolkovnik G. Danilevskiy zimmasiga yuklatildi. Uning Tashqi ishlaр vazirligidan olgan ko`rsatmasida xonni Rossiyaning Xivaga nisbatan beg’araz do`stligiga ishontirish birinchi darajali vazifa sifatida qo`yilgan edi.
O’zbek xonliklarida faol ish ko`rayotgan Angliyaning ta`sirini sindirish niyatida Rossiya Xiva xoni oldiga quyidagi ikki talabni qo`ydi:
1. Bundan keyin xoh maxfiy, xoh oshkora suratda Rossiyaga qarshi hech bir dushmanlik munosabatida bo`lmaslik.
2. Saxroda yohud Kaspiy dengizi atrofida talonchilik va bosqinchilik ishlarini olib bormaslik. Bordi-yu Xiva xonligiga tobe qabilalar tomonidan talonchilik ishlari sodir etilsa, aybdor kishilarga darhol jazo berib, talangan mollarni egalariga qaytarish.
G. Danilevskiyning 1842-yil 27-dekabrda Xiva xoni bilan tuzgan shartnomasida “Rossiyaga tobe qochoq va isyonchilarni Xiva hududida yashirmasdan, ularni darhol rus chegara komissariga topshirish” masalasi alohida o`rin olgan edi.
Shunga qaramay, Rossiya Xivaga nisbatan g’arazli niyatlarini amalga oshirishga qaratilgan siyosatini izchillik bilan davom ettirdi. 1858-yilda polkovnik N. Ignat'yev boshchiligidagi diplomatik guruhga topshirilgan vazifalar bunga yaqqol misoldir. Bu guruhga berilgan yo`riqnomada saltanatning asl maqsadi ro`y-rost ifodalangan:
– Xiva, Buxoro va qozoq cho`llari haqida mumkin qadar ko`proq ma`lumot yig’ish;
– avval olingan xaritalarni tekshirib, tuzatib chiqish va safar vaqtida kundalik yuritish;
– Amudaryoning Kaspiy dengiziga qo`yilgan eski o`zani to`g’risida ma`lumot to`plash;
– turkmanlar va ularning harbiy kuchlari, qo`shni davlatlar bilan aloqalari, bir xonlikdan ikkinchi xonlikka o`tish yo`llari haqida hamda O`rta Osiyo xonliklari va ularga qo`shni bo`lgan mamlakatlarning harbiy qudrati haqida ma`lumot to`plash;
– Amudaryoni har taraflama o`rganish.
Guruhning asl maqsadi josuslik qilish ekanligiga polkovnik Ignat'evning o`zi ham iqror bo`lgan edi.
Rossiyaning urushqoq doiralari Orenburg va Sibir orasidagi yerlarning “himoyasini mustahkamlash uchun” Irg’iz va To`rg’ay daryolarining bo`yida istehkomlar qurishni jadallashtirdilar. Ular o’zbek xonliklarini asta-sekin bosib olish uchun, birinchi navbatda, Qo`qon xonligining muhim strategik nuqtalarini egallashga diqqatni qaratdi. Oqmachit qal`asiga hujum shu tariqa boshlandi.
2. Rossiya ma'muriyatining ko'rsatmasiga binoan Sibirda joylashtirilgan rus harbiy qismlari XIX asr 30-yillarida Qo'qon xonligi tomonidan Sarisuv daryosi va Ulutovda qurilgan harbiy qo'rg'onlarni buzib tashladi, ustalik bilan Sharq tomondan Qo'qon xonligi hududlariga suqulib kirishini esa davom ettiradi.
Shuningdek, Rossiyaning xonliklarga tazyiqi g'arbdan-Orenburg tomondan ham kuchayib bordi. O'rta Osiyoni qo'lga kiritish uchun dastlab «qozoq dashtlar»ini istilo qilish zarur degan Pyotr I ning vasiyatiga izchil amal qilgan Rossiya imperiyasi qozoq dashtlarida qurgan harbiy istehkom vositasida asta-sekin Xiva hududiga yaqinlashmokda edi. Imperiya siyosatini amalga oshirishda muhim rol o'ynagan Orenburg general-gubernatori Vasiliy Perovskiy Xiva xonligini tiz cho'ktirishga kirishdi. U katta qo'shin bilan 1839-yilda Xiva ustiga yurish boshladi. Xiva honi Olloqulixon ham o'zbek, qozoq, va turkmanlardan iborat birlashgan lashkar bilan ruslarga qarshi otlandi. Oxir-oqibat, Perovskiy qo'shini zarbaga uchrab, orqaga chekinishga majbur bo'ldi. Bu g'alaba Rossiyaga qarshi kurash bayrog'ini ko'targan qozoq, istiqlolchilarini ham ruhlantirdi. Uzoq yillardan beri qozoqlarning mustaqilligi uchun jang qilayotgan Kenesari Qosimov harakati keng quloch yoydi. Xiva xoni unga doimo madad berib turdi.
Rossiya davlatining Turkiston yerlarini bosib olishga intilishining yangi to’lqini 1847-yilda boshlandi. Shu yili Sirdaryoning Orol dengiziga qo’yiladigan joyi Raim egallanib, Orol harbiy qal`asi barpo qilindi. Orenburgda “Nikolay” va “Konstantin” degan kemalar qurilib, ular bo’lak-bo’lak holda keltirilib Orol dengiziga tushirildi. Oq machit (Qizil O’rda), Turkiston, Chimkent, Avliyoota, Pishpek, To’qmoq va boshqa shaharlarda Qo’qon xonligining harbiy istihkomlari mavjud edi. 1852-yilda Rossiya imperiyasi qo’shinlari Oq machitga xujum qildilar, lekin uni qo’lga kirita olmadilar. 1852-yilning 16-aprelida shijoatli lashkarboshi Yoqubbek rahbarligidagi Oqmachit qal'asi himoyachilari dushmanga qarshi qahramonona jang qilib, rus askarlarini Orenburgga chekinishga majbur etishdi. Shundan so'ng o'zbeklar bilan bo'lgan janglarda katta tajriba to'plagan Orenburg general-gubernatori graf V. Perovskiy 1853-yilda tashabbusni o'z qo'liga olib, yana hujumga tayyorlandi. Perovskiy Oqmachit himoyachilariga maktub yo'llab, taslim bo'lishni taklif qildi: “Garchand sizlar qal'a ichida turgan bo'lsalaringiz ham Oqmachit olingan deb hisoblayvering. Men shu yerda turiboq barchangizni bitta qo'ymay kirib tashlashim mumkin. Ammo, men bunday qilmayman, chunki, biz bu yerga bir yoki ikki kunga emas, balki abadul-abad keldik, endi orqaga qaytmaymiz”. Qal'a mudofaachilari bu maktubga “biz bir tomchi qon va ko'chada bir dona kesak qolguncha, hamma qurollarimiz sinib bitguncha kurashaveramiz”, deb javob berishdi.
1853-yilda general Perovskiy boshchiligida ikki ming askardan ortiq qo’shin Oqmachitga ikkinchi marta xujum uyushtirdi. 22 kunlik qurshov va jangdan so’ng chor askarlari istehkomni egallaganlar. Qal`a himoyachilaridan 74 kishi tirik qolgan xolos. Rossiya imperiyasi qo’shinlaridan bor yo’g’i 25 kishi xalok bo’lgan va 46 kishi yarador qilingan. Istehkomga “Perovskiy forti” nomi berilgan. Oq machitdagi mag’lubiyat Qo’qon xonligini qattiq tashvishlantirdi. Tezlik bilan Toshkentda kuch to’planib hokim Sabdalxo’ja boshchiligida 8 ming askarlik qo’shin va ko’ngillilar Oqmachitni qaytarib olish uchun yo’lga chiqdi. Lekin ikki o’rtadagi jangda ular yengiladilar. Vatan himoyachilaridan 192 kishi xalok bo’ldi. Qo’qon xonligi qo’shinlari yaradorlarni 92 tuyaga ortib orqaga chekinishga majbur bo’ldilar.
1853-yilning dekabr’ oyida Yoqubbek boshchiligidagi 13 ming kishilik qo’shin Oqmachitga kelib yana dushman bilan to’qnashdi. Yurt himoyachilaridan bu jangda mingga yaqini o’ldirildi va yarador qilindi. Bosqinchilar faqat 55 askarlarini yo’qotdilar. Bunday ketma-ket mag’lubiyatlar Vatan himoyachilari ruhini tushirmadi. Ular 1855-yilda yana 15 ming kishilik qo’shin bilan Oqmachitga otlandilar. Ammo imperiya qo’shinlariga yangi kuchlar kelib qo’shilganini eshitib, orqaga qaytdilar.
1854-yilda Olma-ota o’rnida Verniy harbiy qal`asining qurilishi Turkistonni egallashda hal qiluvchi o’rin tutgan istehkomlardan bo’ldi. 1855 – 1857-yillardagi Qrim urushi munosabati bilan chor ma`murlari Markaziy Osiyoni zabt etish bo’yicha katta miqiyosdagi harbiy harakatlarni olib bormadilar. Qrim urushidagi mag’lubiyat Markaziy Osiyoning Rusiya uchun siyosiy va strategik jihatdan qanchalik katta ahamiyatga ega ekanligini ko’rsatdi. Shu boisdan Rossiya hukmron doiralari o’rtasida Markaziy Osiyo muammosini tezroq hal qilishga chorlovchi da`vatlar 1860-yillarda tez-tez ko’zga tashlanadigan bo’lib qoldi. Harbiy vazir D.A.Milyutin harbiy yurishlarning doimiy tarafdori edi. Rossiya davlatining hukmron doiralarida esa bu paytga kelib Qo'qon, Xiva xonliklari va Buxoro amirligiga nisbatan istilochilik ruhi ustun kelib, Aleksandr II (1855 – 1881) hukumatining tashqi siyosatida jangari generallar mavqei kuchaydi. General-ad'yutant graf D. Milyutinning harbiy vazir lavozimiga, graf N. Ignatyevning esa Bosh shtab Osiyo bo'limi rahbarligiga tayinlanishi Rossiyaning O'rta Osiyodagi siyosatida keskin o'zgarishlar bo'lishidan darak berardi. Rossiya matbuotida esa Hindistondek boy o'lkani mustamlakaga aylantirgan Angliyadan o'rnak olib, Osiyoda faol harakatga chorlovchi maqolalar paydo bo'la boshlaydi.
Imperiya harbiy vazirligida o'zbek xonliklarining iqtisodiy va siyosiy ahvoliga oid josuslik ma'lumotlari yetarlicha to'plangan edi. General unvoniga ko'tarilgan graf N. Ignatyevning o'zbek xonliklarining haqiqiy ahvoli va ularni Rossiya nazoratiga olishni qay yusinda amalga oshirish haqidagi axborotlari bu ma'lumotlar orasida alohida ajralib turardi.
Graf Ignatyev birinchi galdagi vazifa sifatida Qo'qon xonligiga qarshi bevosita harbiy harakatlar boshlashni taklif qilgan. Ana shu taklifga ko'ra, Rossiya 1860-yilda Qo'qon xonligiga qarshi e'lon qilinmagan urush boshladi.
Xullas, 1860-yillar boshlarida Turkistonni bosib olish bo’yicha g’oyaviy tayyorgarlik ko’rildi. endigi asosiy vazifa bu g’oyani amalga oshirishdan iborat edi.
1860-yilda polkovnik Simmerman qo’shini Qo’qon xonligining 5 ming kishilik qo’shinini tor-mor keltirib, To’qmoq va Pishpak qal`alarini egalladi. Ili orti vodiysi Alatov okrugi deb o’zgartirildi. Xudda shu yili 21-oktyabrda polkovnik Kolpakovskiy otryadi Qora Kostek daryosi yon bag’ridagi Uzunyog’och soyidagi jangda Qo’qon xonligining 20 ming qo’shinini batamom qirib tashladi. 1861 – 1863-yillarda imperiya qo’shinlari Qo’qon xonligiga bir necha zarbalar berdi. Bu davrda Qo’qon xonligiga qarashli Yangiqo’rg’on, Dinqo’rg’on, Merka va ikkinchi marta Pishpek egallandi.
1863-yil yozida polkovnik Chernyaev Orenburg general-gubernatori Bezakning roziligi bilan Sirdaryo yoqasidagi So’zoq qal`asini qo’lga kiritdi va uni tevarak-atrofdagi aholisi bilan birga “Rossiyaning mulki” deb e`lon qildi. 1864-yil boshida Verniy (Olma-Ota) istehkomidan chiqqan 2500 kishilik Chernyaev boshchiligidagi chor qo’shinlari 4-iyunda Avliyootani egalladi. Shahar ostonasidagi jangda vatanparvar kuchlarning 1500 kishilik qo’shinlari mag’lubiyatga uchradilar. Himoyachilardan 307 kishi o’ldirildi va 390 kishi yarador bo’ldi. Chernyaev bilan izma-iz Perovskiy otryadidan chiqqan polkovnik Verevkin guruhi esa Turkiston qal`asiga yurish qildi va uni 12 kunda bosib oldi.
1864-yil 16-iyulga qadar Rossiya imperiyasi armiyasi qo’shinlari ikki yo’nalishda mustaqil harakatlarni davom ettirdi. Sibir’-Yorkend tomonidan 8-g’arbiy Sibir’, 21-Sibir’ kazak armiyasi batareyasi, Orenburg-Xiva yo’nalishi bo’yicha esa 4-Orenburg liniya batol’oni, 1864-yildan boshlab 2-Orenburg liniya batol’onining I vzvodi; 1865-yildan 6-va 9-Orenburg liniyalari batol’oni, 4-G’arbiy Sibir’ batal’oni janub tomondan o’z harakatini davom ettirib, shahar va qishloqlarni birin-ketin egallab bordi.
Avliyoota va Turkistonning dushman tomonidan zabt etilishi butun Qo’qon xonligini oyoqqa turg’azdi. Toshkent shahri Rossiya imperiyasi bosqinchilariga qarshi kurashning markaziga aylandi. Bu erga Marg’ilondan Yusufbek, Xo’janddan Mirza Ahmad Qushbegi qo’mondonligida qo’shinlar, Andijon, Namangan, O’sh va boshqa joylardan harbiy qismlar keltirildi. To’plangan qo’shin va xalq qasoskorlariga Qo’qon xonligining lashkarboshisi Mulla Alimqul boshchilik qildi va ular Chimkent tomon ravona bo’ldilar. Chimkentda bir kecha-kunduz qattiq jang bo’ldi, general Chernyaev boshchiligida chor qo’shinlari urushni davom ettira olmay Turkistonga qaytishga majbur bo’ldi. Jinay degan joyda bo’lgan jangda ham vatanparvarlarning qo’li baland keldi. Vatan ximoyachilari Iqon qal`asi uchun bo’lgan jangda xam g’olib bo’ldilar. Alimqul boshchiligida yurt himoyachilari urushni davom ettirish maqsadida tayyorgarlik ko’rayotgan bir paytda Buxoro amiri Muzaffarxonning Qo’qonga hujum qilganligi to’g’risida xabar oladi. Natijada lashkarboshi Alimqul qo’shinning katta bir qismini Chimkentda qoldirib o’zi Qo’qonga qaytishga majbur bo’ladi. Albatta bu hol dushmanga qo’l keldi va Chernyaev 1864-yil 21-sentyabrda Chimkentni jang bilan egallaydi. Shahar mudofaachilarining ko’pi qirib tashlandi.
Shu paytga qadar ikki yo’nalishda mustaqil harakat qilib kelgan chor armiyasining ikki qo’shini Chimkent shahrida tutashdi. Rus qo’shinlari 1865 yil bahorida Toshkentga yaqinlashib Niyozbek qal`asini ishg’ol qiladilar. Mulla Alimqul boshchiligidagi 6 ming Qo’qonlikning yordamga kelishi ham bosqinchilarni to’htata olmadi. Mulla Alimqul jangda yaralanib Toshkentda vafot etdi. Bir necha oylik qamal va janglardan so’ng 1865-yil 17-iyunda Toshkent Rossiya imperiyasi qo’liga o’tdi.
Istilo qilingan yerlar hisobiga 1865-yilda Orenburg general-gubernatorligi tarkibida Turkiston viloyati tashkil etildi; uning tepasiga general Chernyaev qo’yildi. 1866-yil yanvar’ oyining oxirida Chernyaev Jizzaxga yurish boshladi. Ammo 8-9 ming kishilik shahar ximoyachilarining ko’rsatgan qarshiligi tufayli u orqaga chekinishga majbur bo’ldi. 1866-yil mart oyida Chernyaev Peterburgga chaqirib olindi, uning o’rniga general Romanovskiy yuborildi. Toshkentga yordam uchun yuborilgan Buxoro amirining 100 ming kishilik qo’shini bilan general Romanovskiy qo’mondonligidagi Rossiya imperiyasi qo’shinlari o’rtasida 8-ayda Erjarda bo’lgan jangda rus qo’shinlari g’alaba qozondi. 24-mayda rus askarlari Xo’jandda ham g’alabaga erishdilar. Avgust’ oyida Romanovskiy Toshkent, Xo’jand va Chirchiqorti o’lkasini Rossiyaga qo’shib olish to’g’risida ko’rsatma berdi. Buxoro amiri bilan muzokaralarda kelisha olmagach, Romanovskiy 2-oktyabrda Buxoro amirligiga qarashli O’ratepa qal`asini, 18-oktyabrda esa Jizzaxni bosib oladi. Jizzax uchun jang g’oyatda dahshatli bo’lgan. Romanovskiy 1866-yil 19-oktyabrda harbiy vazirga yozgan telegrammasida Jizzax uchun bo’lgan jangda kamida 6 ming kishi o’ldirilganligi va 2 ming kishining asir olinganligini yozgan edi. Qizig’i shundaki, Buxoro amiri rus qo’shinlariga qarshi birgalikda jang qilishni Qo’qon xoni Xudoyorxonga taklif qilganda u turli vaj-karsonlarni bahona qilib bu ishga bosh qo’shmaydi. Amirlik qo’shinlari Xo’jand va Jizzaxda engilgach, Xudoyorxon rus bosqinchi generali Romanovskiyga tabrik telegrammasi yuboradi.
1867-yilda Rossiya imperiyasi hukumati bosib olgan joylarda Turkiston general-gubernatorligi tuziladi. General K.P.Kaufman bosh qilib tayinlangan bu gubernatorlikning markazi Toshkent bo’lib uning tarkibiga Sirdaryo va Yettisuv viloyatlari ham kirgan edi. K.P.Kaufman podsho Aleksandr II dan katta vakolatlar bitilgan “Oltin yorliq“ oladi. U mustaqil ravishda urush e`lon qilish, sulh tuzish va boshqa huquqlarga ega edi. Shu bois Turkiston halqi K.P.Kaufmanni “yarim podsho” deb atagan.
Turkiston general-gubernatori K.P.Kaufman O’zi hukmronlik qilayotgan hududlarda rus davlati mavqeini mustahkamlash va Turkiston O’lkasidagi qonli fojealarni niqoblash maqsadida bir guruh mahalliy sotqin tabaqa vakillarini Markaziy hukumat bilan kelishgan holda Peterburgga yuborishga qaror qiladi. Bu vakillar asosan rus davlatiga sodiq, rus qo’shinlariga har tomonlama yordam bergan kishilardan tashkil topgan edi. Turkiston vakillarini xatto podsho Aleksandr II ning o’zi qabul qildi. Ular podshoga go’yo Turkiston aholisining rus davlati tobeligiga olinganligidan baxtiyorligini, mangu sodiqligini izhor etuvchi maktubni topshirganlar. Ana shu tariqa chor ma`murlari Turkiston general-gubernatorligi tarkibidagi aholi o’z ixtiyori va istagi bilan rus davlati fuqaroligiga o’tganligini jahonga namoyish qilishga uringan edi. Turkistonda esa qonli va qirg’inbarot urushni davom ettirdi.
Rus istilochilari Buxoro xonligiga qarshi urush harakatlarini ikki harbiy mavsumda – 1866 va 1868- yillarda o'tkazadi. 1866-yilda olib borilgan istilochilik bosqinlari oqibatida xonlikning O'ratepa, Jizzax va Yangiqo'rg'on singari hududlari Rossiya tarkibiga kiritiladi. Ikkinchi harbiy mavsumda – 1868-yil qirg'inbarotida esa Samarqandning olinishi, amir qo'shinlarining Zirabuloqda o'zil-kesil tormor etilishi sodir bo'ladi. O'rta Osiyoning qadimiy poytaxtlaridan biri, Sohibqiron Amir Temur dovrug'ini jahonga yoygan Samarqandning bosib olinishi, nafakat xonlikda, shu bilan bir qatorda, dunyo afkor ommasi ko'z o'ngida, shimoldan kelgan oq ayiqning yovuz maqsadlari chegara bilmasligini namoyon etgan edi. Amir Muzaffar talafotlar oldida qattiq esankirashga tushadi, u o'z tasarrufidagi hududning qariyb teng yarmidan mahrum bo'lgan edi.
1867- yil 7-iyunda rus askarlari Jizzax va Samarqand o’rtasida joylashgan Yangiqo’rg’onda 25 ming kishilik Buxoro qo’shini va xalq ko’ngillarini tor-mor keltirdi. 1868-yil 1-mayda Samarqand ostonasidagi Cho’ponota tepaligida shiddatli va beayov jang bo’ldi. 2-mayda Samarqand shahri taslim bo’lishdan o’zga chorani topmadi. Buxoro amiri Muzaffarxon bu habarni eshitgach, shu darajada dahshatga tushdiki, jahl ustida bu “shum habar”ni keltirgan habarchini osib o’ldirishga farmon beradi. Amir Muzaffarning xalqi o’rtasida obro’si tushib ketdi. Xalq g’azabga keldi. Ayniqsa amirning chor hukumati bilan sulh tuzishga moyilligi vaziyatni juda keskinlashtirdi. Xalq amirdan urushni davom ettirishni talab qilib qo’zg’olon ko’tardi. Qo’zg’olon markazi Cho’li Malik edi. Qo’zg’olonchilar albatta, so’yil, nayza va shuning singari oddiy narsalar bilan qurollangan edilar. Amir Muzaffar qo’zg’olonni butun Zarafshon vodiysiga tarqalib ketishidan qo’rqib uni tezda bostirdi-da, darhol beklar bilan kengash o’tkazdi. Unda sulh tuzish yoki urushni davom ettirish masalasi muhokama qilindi. Kengashda birinchi bo’lib so’z olgan lashkarboshi Usmonbek bunday dedi: “Xonlik xalqi urushni davom ettirishni talab etayotgan bir paytda kofirlarga kontributsiya (tovon) to’lagandan ko’ra bir tomchi qon qolguncha kurashish afzalroqdir”. Bu fikrni kengash qatnashchilari yakdillik bilan qo’llab-quvvatladilar. Muzaffar barcha kuchlarini jamlab, Samarqandni qaytarib olishga kirishdi. 15 ming otliq, 6 ming piyoda va 14 ta to’pli Buxoro qo’shini Zirabuloq tepaligiga kelib o’rnashdi. 1868-yil 2-iyunda general K.P.Kaufman qo’mondonligidagi qo’shin va himoyachilar o’rtasida jang boshlanadi. Buxorolik mudofaachilar ko’p talofat ko’rib mag’lubiyatga uchradilar. Bu habar xalq g’azabini battar kuchaytirdi. Amir Qo’rqib Qizilqum tarafga qochib ketadi. Samarqandda chorizmga qarshi xalq qo’zg’oloni boshlandi. Yurt himoyasiga shahar atrofidagi qishloq va ovullardan minglab kishilar kelib qo’shildi. Naymanlar, qoraqalpoqlar, xitoy-qipchoqlar, qirq juzlar va boshqa qabilalar Jo’rabek va Bobobek boshchiligida Shahrisabzdan kelayotgan 20 ming kishilik qo’shin qasoskorlarga qo’shilib, Samarqanddagi qo’zg’olonchilar safini to’ldirdi. Natijada Samarqand chorizmga qarshi umumxalq kurashining o’chog’iga aylandi. Bir necha ming kishilik qo’zg’olonchilar shahar qal`asida o’rnashgan chor qo’shinini qurshab olib jangga kirishadi. Ammo Shahrisabz beklari chor qo’shinlariga yordamchi kuchlar kelayotganidan xabar topib, Samarqandni tashlab chiqdi.
K.P.Kaufman Zirabuloq yaqinida Buxoro amirligi qo’shinlarini tor-mor keltirib, tezlik bilan Samarqandga qaytdi. 8-iyunda u Samarqandni to’plardan yoppasiga o’qqa tutishga va shaharni batamom yoqib yuborishga buyruq berdi. 9-iyunda Samarqandda fojeali qirg’in boshlandi. Qirg’in uch kun davom etdi. Yuzlab odamlar hech qanday so’roqsiz, tergovsiz otib tashlandi. Samarqanddagi qo’zg’olon yakunlariga ko’ra uning boshliqlaridan 19 kishi o’limga va 19 kishi Sibirga umrbod surgunga hukm qilindi. Buning ustiga, qo’zg’olonchilarning aksariyati esa jangu-jadalning o’zidayoq qirilib ketdi. Rossiya imperiyasi qo’shinlaridan 275 kishi o’ldirildi va yarador bo’ldi. Boshqa joylarda bosqinchilar bunchalik ko’p talofat ko’rmagan edi. Shuning uchun general K.P.Kaufman “Samarqand qal`asidagi talofatni juda katta yo’qotish”, deb baholaydi. Bu vaqtda amir Muzaffarning obro’ va mavqei tobora tushib, taxtda zo’rg’a ilinib turardi. Amir Karmanaga kelib, o’z amaldorlari ishtirokidagi kengashda chor hukumat bilan sulh tuzishdan bo’lak chora qolmaganini ma`lum qiladi.
1868-yilning 23-iyunida amir Muzaffarning elchilari Samarqandga K.P.Kaufman huzuriga kelib, sulh tuzishga rozilik bildirdi. Sulhga ko’ra Samarqand, Kattaqo’rg’on va Zarafshon daryosining yuqori qismi xonlikdan ajratib olinib, Russiya tarkibiga kiritildi. Amir tovon sifatida 500 ming so’m tilla pul to’lashga va xorijiy mamlakatlar bilan mustaqil ravishda aloqa o’rnatmaslikka rozilik berdi. Shuningdek, Russiya savdogarlariga xonlik tasarrufida bemalol savdo-sotiq ishlari bilan shug’ullanishga hamda karvonsaroylar qurishga ijozat etildi. Ular to’laydigan boj miqdori buxoroliklar to’laydigandan oshmasligi kerak edi. Xullas, shartnoma tuzilganidan so’ng Buxoro amiri urushni rasman to’xtatib, Rossiya davlatiga tobeligini tan oldi. Amirlikdan tortib olingan hududlarda Zarafshon okrugi tuzilib, unga general-mayor Abramov boshliq etib tayinlandi. Bu esa vatanparvar, hur fikrli odamlarning qattiq noroziligiga sabab bo’ldi. Xatto amirning o’g’li Abdumalik Katta to’ra va bir necha nufuzli beklar birlashib, Muzaffarxon va chorizm istilochilariga qarshi kurashni davom ettirdi. Ular amirning taxtdan mahrum etilganini e`lon qilib, Shahrisabz va Kitobda katta kuch to’pladi. Kitob va Shahrisabz beklari Jo’rabek va Bobobek Katta to’rani xon deb e`lon qildilar. Natijada amir Muzaffarxonning ahvoli nihoyatda og’irlashdi. Ota-bola qo’shinlari O’rtasida Samarqand yaqinidagi Jom qishlog’ida sodir bo’lgan jangda amir sarbozlari engildi.
1868-yilning kuzida Buxoro amiri Muzaffar o’ziga qarshi ko’tarilgan qo’zg’olonni bostirish uchun general-gubernator nomiga maktub yo’lladi. Kaufman bu maktubdan shuni angladiki, amirning o’g’li Abdumalik otasiga qarshi qo’zg’olon ko’tarib, Qarshi atrofida katta kuch to’plagan. Kitob begi Jo’rabek, Shahrisabz hokimi Bobobek va Sulton Sodiq Kenisarov otryadlari shahzoda armiyasi tayanchlari ekan. Chor qo’shinlariga qarshi ilgarilari ham bir necha bor qahramonlik mo’jizalarini ko’rsatgan Sulton Sodiq Kenisarov 1868-yilda Buxoro amiri qo’shini safida Kaufmanga qarshi kurashdi. Zirabuloqdagi jangda amir qo’shinlari bilan qochganida, Sodiq o’z yigitlari bilan jang maydonida qoladi. Keyin u Kaufman bilan sulh tuzgan amirga qarshi ko’tarilgan qo’zg’olonga qo’shilib, Kitob begi Jo’rabek va Shahrisabz begi Bobobek sarbozlari safidan joy oladi.
Kaufman bunday xavfli dushmanlarga qarshi tajribali general Abramovni yuboradi. Qo’zg’olonchilar Qarshi ostonasida rus qo’shinidan yengilib, turli tomonlarga tarqab ketadi. Jo’rabek va Bobobek Shahrisabz va Kitobga qochdilar. 1870-yil 14-avgustda Kitob shahri shiddat bilan qo’lga olingach, Jo’rabek va Bobobek Qashqar tomon yo’l oldilar. Ular Mahram ostonalaridagi Qo’qon sarbozlari tomonidan hibsga olinadi va Xudoyorxon amri bilan Kaufmanga topshiriladi. General Kaufman esa ularni o’z hizmatiga olib rus qo’shini zobitlari unvonini beradi. Sulton Sodiq esa Qizilqum orqali Xiva xonligi hududiga o’tib ketadi. Buxoro amiri Kaufman bilan tuzilgan sulh shartnomasiga ko’ra Samarqand hamda Kattaqo’rg’ondan ajrabgina qolmay, o’zining siyosiy mustaqilligidan ham mahrum bo’ladi. Buxoro amiri rus saltanatining vassaliga aylanib, mamlakat Rusiya saltanati qaramligidagi yurtga-yarim mustamlaka ahvoliga tushib qoladi.
Xiva xonligi mustaqilligi bilan mustamlakachilarga jiddiy xavf solib turar edi. U ming yillardan buyon davom etib kelayotgan qadim Xorazm davlati timsoli sifatida ham Rossiya uchun xavfli ko'rindi. Rossiya imperiyasi o'z tasarrufidagi qozoqlarni ozodlik kurashiga rag'batlantirib turgan Xiva ekanligini ham yaxshi bilardi. qozoqlarning milliy-ozodlik kurashiga rahbarlik qilgan Kenesari Qosimov Xivadan doimo madad olib, o'n yil davomida Rossiyani bezovta kilib kelayotganligini ham unutmadilar. Masalaning siyosiy tomonidan tashqari, Sankt-Peterburg butun Turkiston o'lkasida tijorat ishlarini ham batamom o'z qo'liga olishni maqsad qilib qo'ygan edi. Kaspiy dengizining Sharqiy sohillaridan Turkiston shaharlariga olib boruvchi barcha savdo yo'llari esa Xiva xonligi hududlaridan o'tar edi.
1872-yil oxirlarida harbiy vazir boshchiligida Peterburgda Turkiston, Orenburg general-gubernatorlari va Kavkazdagi podsho noiblari ishtirokidagi mahfiy kengashda Xiva xonligini bosib olishga qaror qilinadi. Generallar rejasiga ko'ra, Turkiston general-gubernatorligiga qarashli kuchlar sharqdan, Orenburg gubernatori va Kavkaz noibligi ihtiyoridagi harbiy kuchlar esa g'arbdan va shimoli-g'arbdan Xiva ustiga yurishlari kerak edi:
Rossiyaning tajovuzkorona niyati Xiva xoni va uning oliy mansabdorlariga sir emas edi. Sayid Muhammad Raximxon II (1865 – 1910) 1872-yilda Hindiston vise-qiroli huzuriga elchi jo'natib, ruslar tahdidiga qarshi Angliyadan madad so'ragan edi. Xonning elchisi Aminboy Muhammad o'g'li Kalkutta shahrida lord Norsbruk bilan muzokaralar olib bordi. Angliyaning hukmron doiralari Xiva mustaqilligini saqlab qolishdan manfaatdor bo'lsalar ham, Rossiya bilan ochiq to'qnashuvdan xavfsirar edilar. London o'zining boy mustamlakasi Hindistonga ruslar tahdid solishidan va Afg'onistondagi mavqeiga Rossiyaning jiddiy xatar yetkazishini hisobga olib, Xivaga yordam ko'rsatmaslik yo'lini tutdi. Hindiston vise-qiroli Norsbruk shu sababli elchiga iloji boricha ruslar bilan aloqani yaxshilash vositalarini ishga solishni hamda qo'shni musulmon davlatlari ittifoqini vujudga keltirishni maslahat berdi. Lord Norsbruk, agar ruslar bilan urush bo'lib kolsa, Angliya yordamiga umid qilmaslikni ham ochiq izhor qildi.
Rossiya imperiyasining hukmron doiralari Buxoro amirligi va Qo’qon xonligi erlarida tashkil topgan Turkiston general-gubernatorligini O’rta Osiyodagi xarbiy operatsiyalar uchun tayanch markaziga aylantirib istilo t’ig’ini Xiva xonligiga qaratishdi. 1872-yil oxirlarida peterburgdagi harbiy kengashda Xiva xonligini bosib olishga usil-kesil qaror qilindi. Rossiyaning tajovuzkor niyati Xiva xoni va amaldorlariga sir bo’lmagan. Muhammad Rahimxon II ruslar tahdidiga qarshi Angliyadan madad so’ragandi. Angliya hukmron doiralari Xiva mustaqilligini saqlab qolishdan manfaatdor bo’lsalar ham Rossiya bilan ochiq to’qnashuvdan xavfsirar edi. Xiva endi o’z kuchiga ishonib ish ko’rishi lozim edi. Xonlik qo’shinida 27 eski zambarak, 2 ming otliq, 4 ming navkardan iborat harbiy kuch bo’lib, ular ham asosan poytaxtda jamlangan edi. Rossiya qo’shini ham son ham sifat jihatidan va harbiy qurol-yarog’lar texnikasi bilan ham Xiva qo’shinidan ustun edi. Turkiston otryadiga general Kaufman (22 rota, 1800 kazak va 18 to’p) qo’mondon bo’lib, Orol flotiliyasi ham uning ixtiyorida edi. Kaufman yurish oldidan Xivani siyosiy jihatdan yakkalab qo’yish uchun Buxoro amiri va Qo’qon xoniga taxdidli maktub yo’llab, ularni Xivaga yordam bermaslikka chaqiradi.
Xiva xoni masalani tinch yo’l bilan hal qilishga uninishlari behuda ketgach, harbiy kengash chaqirib mudofaa rejalarini tuzadi va dushmanga qarshi o’z lashkarboshilarini safarbar etadi. General Veryovkin Qo’ng’irotga yurish qilib talofatlar berib bo’lsada Xo’jayli va Mang’it qal`alarini ishg’ol qildi. Keyinchalik Xazorasp ham egallandi. 1873-yil 29-may kuni ruslarning asosiy kuchlari Xiva ostonalarida paydo bo’ldi. Muhammad Rahimxon Xivani mavjud kuchlar bilan mudofaa qilib bo’lmasligiga ko’zi etib turkman ovuliga ketishga majbur bo’ldi. U Xivaga qaytib kelguncha bosqinchilar saroyni talab, barcha qimmatbaho buyumlarni, 300 ta qo’lyozma asarni Peterburgga jo’natdilar.
1873-yil 12-avgustda Gandimiyon qishlog’ida Xiva xoni Muhammad Rahimxon bilan general Kaufman o’rtasida sharmandali sulh bitimi imzolandi. 18 moddadan iborat bu bitim imzolanishi tufayli Xiva xonligi o’zining siyosiy mustaqilligini yo’qotdi. Xiva xonligi Rossiya vassaliga aylanib, xonlik zimmasiga 2 million so’mlik tovon to’lash majburiyati yuklandi. Ruslarga qarshi janglarda shijoati va vatanparvarligi bilan tanilgan Muhammad Murodbegi va Rahmatulla yasovulboshilar Xivadan surgun qilinishi belgilandi. General fon Kaufman muzokaralar bilan bir vaqtda, erksevar turkmanlarni jazolash uchun general Golavachyov qo’mondonligidagi katta kuchni safarbar qiladi. Piyodalar, otliqlar, to’p va raketalar bilan qurollangan Golavachyov jazo korpusining “Bekovich xuni uchun” deya qilgan vaxshiyliklari rus harbiy idoralari hujjatlari va mahalliy muarrixlar bitiklarida saqlanib qolgan.
Sulx bitimida Amudaryo va Orol dengizi suvlarida rus kemalari boj to’lamasdan bemalol yurishi, Buxoro va Xiva kemalariga esa bunday huquqlar rus hukmdorlari ruxsati bilan berilishi qonunlashtirildi. Rus savdogarlari xonlik hududida hech qanday boj to’lamasdan erkin harakat qilish, savdo-sotiq ishlarini olib borish huquqiga ega bo’ldilar, ular boj to’lovlarisiz Xiva xonligi hududi orqali boshqa davlatlarga ham o’tish huquqiga ega bo’ldilar. Amudaryoning o’ng qirg’og’ida Petro Aleksandrovskiy qo’rg’oni (hozirgi To’rtko’l) qurildi. Shunday qilib O’rta Osiyo xonliklari o’z mustaqilliklarini qo’ldan boy berib, chor Rossiyasi tarkibidagi qaram bir davlatga aylandilar.
XULOSA: Xiva mudofaasi yo'lboshchilarining nomlari tarix sahifalariga umrbod yozilib qoldi. Zero, 1873-yilda Xivani mudofaa qilgan kishilarning ism-shariflari istiqlol tarixidan munosib joy olishi farzdir. Urganch darvozasiga Muhammad Rizo to'ra, Toshoyoq darvozasiga Abduqodir to'ra, Bog'ishamol darvozasiga Rahimberdibek Ollohberdi to'ra Mag'fur, Shayx darvozasiga Ollohberganbek ibn Xudoyberganbek to'ra o'g'li tayin etildi. Shahar tashqarisida esa ruslarga qarshi jang maydoniga chiqqan Xudoyor qushbegi, Rahmatulla yasovulboshi, Abdulla Mahram, Mahmud yasovulboshilarning navkarlari fidokorona jang qildilar