Yuqorida keltirilgan sxemaga kuyidagicha tavsif beramiz:
Eng avvalo mol jo’natuvchi va mol oluvchi korxonalar o’rtasida xo’jalik shartnomasi tuziladi.
Shartnomaga asosan mol jo’natuvchi korxona mol oluvchi korxonaga mahsulot jo’natadi.
Mol oluvchi korxona olgan mahsulotga pul o’tkazish uchun to’lov topshirig’i rasmiylashtirib o’ziga xizmat ko’rsatuvchi bankka topshiradi.
Bank xodimi tomonidan to’lov topshirig’i asosida mol oluvchi korxona hisobvarag’idan pul chegiriladi.
Hisob markazi orqali elektron to’lov mol sotuvchi korxona bankiga jo’natiladi.
Kelib tushgan elektron to’lov mol sotuvchi korxona bankida mol sotuvchi korxona hisobvarag’iga o’tkaziladi.
Elektron to’lov topshirig’ining bir nusxasi to’langan hujjatlar sifatida mol sotuvchi korxonaga beriladi.
Hozirgi kunda respublikamizda banklar orqali o’tkazilayotgan barcha to’lovlarning 65-75 foizi to’lov topshiriqnomalari yordamida amalga oshirilmoqda, bu uning afzalliklari bilan bog’liqdir.
Bu afzalliklar quyidagilardan iboratdir:
birinchidan, hujjatlar aylanishining oddiyligi va tezligi, ya’ni hisob-kitoblarni amalga oshirishning texnik jihatdan kulayligi. Bu esa o’z navbatida xo’jalik yurituvchi sub’ektlar va bank xodimlarining mehnat sarfini kamaytiradi;
ikkinchidan, pul mablag’lari harakatining tezligi, ya’ni to’lov talabnomasiga nisbatan to’lov topshiriqnomasi bo’yicha hisob-kitoblarda hujjatlarning aylanishi harakati qisqaligi so’zsiz xo’jalik oborot mablag’larining aylanish tezligini oshiradi;
uchinchidan, tovar sotib oluvchining qabul qilgan tovarlari yoki xizmatlar sifatini oldindan aniqlab olinishi. Hisob-kitoblarning bu shaklida to’lov talabnomasi orqali hisob-kitoblarda bo’lgan kabi bankka rad etish arizasi topshirilmaydi, chunki to’lovchining o’zi to’lovni to’lashga rozi bo’lsa, topshiriqnomani bankka topshiradi;
to’rtinchidan, to’lov topshiriqnomasining barcha tovarsiz operatsiyalarda ko’llanishi, bu esa ushbu shakl bo’yicha hisob-kitoblarning ahamiyatini yanada yakkol aks ettiradi.
To’lov topshiriqnomasi bo’yicha hisob-kitoblarning afzalliklari bilan bir qatorda kamchiliklari ham mavjud. Kamchiliklar shundan iboratki, mol jo’natuvchi yoki xizmat ko’rsatuvchi korxona uchun to’lovning o’z vaqtida o’tkazilishi to’la kafolatlanmagan. Chunki to’lovning o’z vaqtida o’tkazilishi to’lovchi korxonaning depozit hisobvarag’idagi mablag’lar miqdoriga bog’liq. To’lovning to’liq o’tkazilishiga etarli pul mablag’larining bo’lmasligi pul aylanishi sekinlashtiradi va mahsulot jo’natuvchi yoki xizmat ko’rsatuvchi korxonaning moliyaviy holatini yomonlashtiradi.