XULOSA Xulosa qilib aytganda, boshlang‘ich sinflarning ona tili darslarida o‘quvchilarning tushunchasi, bilimi hamda lug‘atini boyitishda, dunyoqarashini shakllantirish, his-tuyg‘usini tarbiyalash, til hodisalarining xususiyatlarini anglatishda lug‘at ishi muhim o‘rin tutadi. Uzluksiz ta’lim tizimida ona tili ta’limi o‘quvchilarning o‘z fikrini og‘zaki va yozma tarzda ifodalash ko‘nikmasini rivojlantirish uchun nutqini leksik birliklar bilan boyitish; adabiy va badiiy tilning grammatik shakllarini egallashlariga erishish; gapda so‘zlarning grammatik qurilishini o‘zlashtirishlarini ta’minlash maqsadini ko‘zlaydi. Bu maqsadni amalga oshrish uchun maxsus leksik-semantik mashqlar tizimini ishlab chiqish, ta’limning ko‘rgazmalilik, muvofiqlik, izchillik, soddadan murakkabga qarab borish, onglilik, rivojlantiruvchi kabi tamoyillariga amal qilish taqozo etiladi.Boshlang‘ich sinflar ona tili ta’limining bosh vazifasi turli usulda va mazmunda tashkil etiladigan mashqlar yordamida o‘quvchilarning nutqi va tafakkurini rivojlantirishga qaratiladi.Bola maktabga kelgunga qadar oila muhitida, maktabgacha ta’lim muassasalarida qiziqishlari va ehtiyojlarini ifodalash uchun zarur bo‘lgan so‘zlarni gap tarkibida turli shakllarda qo‘llash namunasini o‘zlashtirgan bo‘ladi. Lekin uning nutqiy arsenali maktabda o‘rganiladigan yangi tushunchalarni, fikrlarni, maktabga kelgan kunidagi hissiyotlarini ifodalashi uchun so‘z zahirasi yetishmaydi. Maktab oldida turgan eng asosiy vazifa o‘quvchilarning atrof-olam haqidagi tasavvurlarini kengaytirish asosida o‘quvchilarning lug‘atini boyitish, nutq va tafakkurini, mantiqiy fikrlashini o‘stirishdir.Mantiqiy fikrlashning dastlabki usuli tahlildir. Til hodisalarini tahlil qila olish ko‘nikmasi maktabgacha davrdanoq shakllana boshlaydi. Boshlang‘ich sinflardan dastur asosida rivojlana boradi.Til ta’limida tahlil bilan sintez chambarchas bog‘langan bo‘lsa-da, mashq matnlari tahlili asosida o‘zlashtiriladigan bilimlarni umumlashtirish o‘quvchilar uchun ancha qiyinchilik tug‘diradi. Sintez ta’lim amaliyotida kam uchraydi. Chunki mantiqiy tahlil, odatda, alohida emas, balki boshqa o‘quv-biluv faoliyatining (umumlashtirish, tasniflash, tizimlashtirish, xulosalarni shakllantirish) tarkibiy qismi sifatida amalga oshiriladi.