§5. Organizmda gazlar almashinuvi va uning ahamiyati. Hayvonlarda issiqlik almashinuvi
Reja:
Hayvonlarning nafas olishida O2 ning ahamiyati. Nafas olish organlarining asosiy turlari.
Suv hayvonlarida gazlar almashinuvi. Oksifillar va evrioksibiontlar.
Quruqlik hayvonlarida gazlar almashinuvi.
Hayvonlar hayotida muhit harorati va issiqlik almashinuvining roli.
Poykilotermiya va gomotermiya. Sovuq qonli va issiq qonli hayvonlarning atrof-muhit bilan bog’lanish xususiyatlari.
1. Organizmda gazlar almashinuvi va uning ahamiyati Hayvonlar aerob organizmlar hisoblanib, nafas olish jarayoni erkin kislorod bilan bog’liq. Faqat ayrim guruh hayvonlari, masalan, ba’zi bir hujayralilar, qumga ko’milib yashovchi chuvalchanglar (Tubificidae), ba’zi chivinlarning lichinkalari (Corethra, Chironomus) mollyuska va qisqichbaqasimonlarning ayrim turlari ma’lum vaqt davomida anaerob (kislorodsiz) sharoitda yashashi mumkin.
Hayvonlar kislorodni tashqi muhitdan butun tana sathi orqali yoki maxsus nafas olish organlari (o’pkalar, traxeyalar, jabralar) yordamida qabul qilishadi.
Organizmga kirgan kislorodni qabul qilish, tashish va organlar, to’qimalar, hujayralarga berish funksiyasini, qon suyuqligi tarkibidagi pigmentlar bajaradi. Ko’pchilik hayvonlarda kislorodni o’ziga biriktirib olish va uni berishni gemoglobin tarkibidagi temir (Fe) bajarsa, hasharot va mollyuskalarda temir o’rniga gomosianin tarkibidagi mis (Cu) bajaradi. Ayrim hayvonlarda (Tunicata) pardalilarda esa vanadiy bo’ladi. Ushbu pigmentlar maxsus shaklli elementlar (hujayralar) ichida (eritrositlar) yoki qon suyuqligi tarkibida erigan holda yoki boshqa bir suyuq to’qima tarkibida bo’ladi. Qon pigmentining asosiy xossalaridan biri erkin O2-ni o’ziga biriktirib, oksigemoglobin hosil qiladi. Kislorodni ko’proq qabul qilgan bo’lsa, uni atrofidagi organ va to’qimalarga beradi.
Organizmga qabul qilingan O2 ekzotermik oksidlash jarayonlari uchun ishlatiladi. Bunda hosil bo’lgan yangi birikmalar va energiya organizmning hayotiy funksiyalari, jumladan, nafas olish, qon aylanish, ajratish, nerv-gumoral faoliyat, o’sish, rivojlanish kabilar uchun sarf qilinadi.