O’zbеkistоn rеspublikаsi оliy vа o’rtа mахsus tа’lim vаzirligi а
3. Parazitofaunaning xo’jayin migratsiyasiga bog’liq bo’lishi Xo’jayin parazitofaunasini o’zgartiruvchi omillardan (sabablardan) biri uning hayotida migrasiya hodisasining bo’lishidir. Xo’jayinning uzoq masofalarga ko’chib, yangi muhitga o’tishi o’zidagi parazitlarni ham yangi, o’zgacha sharoitga solib qo’yadi. Yangi muhitga o’tish jarayonida xo’jayin organizmida bir qator fiziologik o’zgarishlarni yuzaga keltiradiki, u o’z navbatida tanadagi parazitlarga o’z ta’sir kuchini o’tkazadi.
Uzoq masofalarga migrasiyalarni oshiruvchi bir qancha umurtqasiz va umurtqali hayvonlarda, shu jumladan, turli-tuman baliqlar va qushlarda parazitlar faunasida turlarning o’zgarishlarini aniq ko’rish mumkin. Masalan, bir necha takrorlanuvchi migrasiyalarni boshidan kechirib hayot kechiruvchi losos balig’ida parazitofaunaning o’zgarishini keltirish mumkin, ya’ni ushbu baliq 3-4 yoshgacha shimoliy daryolarning yuqori o’zanida yashaydi. Bu joylarda u juda sust o’sadi va yomon oziqlanadi. Keyin baliq dengizga o’tadi va u yerda u tez o’sib, jinsiy voyaga yetadi. Dengizda 2-3 yillik hayotidan keyin u birinchi marta tuxum qo’yish uchun yana daryoga o’tadi. Birinchi marta daryolardan dengizga o’tuvchi yosh lososlarning parazitofaunasi 12 turdan iborat bo’lgan. Ushbu parazit turlar faqat chuchuk suv uchun xarakterli bo’lgan faunadan iborat.
Baliqlar daryodan birinchi marta dengizga o’tgandan so’ng ularning chuchuk suvdagi sharoitlari faunasi yo’qoladi va yangi dengiz muhitiga mos bo’lgan parazitlar faunasiga ega bo’la boshlaydi. Baliqlar dengizda voyaga yetib, urug’lanib, tuxum qo’yish uchun 2-3 yildan keyin yana daryolarga qaytib keladi. Bu jarayonda uning parazitlari faunasi ham o’zgaradi. Birinchi navbatda xo’jayin ektoparazitlardan tozalanadi. Keyinchalik o’zidagi ichak parazitlardan xalos bo’la boshlaydi. Lekin ichak parazitlarining turlarini kamaya borish jarayoni, birinchi navbatda, baliqning chuchuk suvda bo’lish vaqtiga bog’liq bo’ladi.
Xo’jayinning migrasiyasi va uning yangi muhitda yashay boshlashi dengiz faunasi bo’shliq parazitlariga juda kam ta’sir etadi va chuchuk suv muhiti bunday parazitlarni xo’jayin tanasidan tashqariga chiqara olmaydi.
Migrasiyaning parazitofaunaga ta’sir etishini daryo minogasida ham ko’rish mumkin. Ushbu minoga dengizda yashashi davrida dengiz ichak parazitlari bilan zararlanadi. Uning tuxum qo’yish uchun daryoga qaytib kelishi tufayli u ichidagi barcha parazitlardan tozalanadi, lekin ayrim trematodalarning metaserkariy bosqichi ko’z muskullari orasida saqlanib qoladi.
Ko’chib hayot kechiruvchi qushlarda migrasiya tufayli parazitofaunalarning almashinuvini o’rganish katta ahamiyatga va juda qiziq ma’lumotlarga ega bo’lishi mumkin. Bir qator uchib ketuvchi va uchib keluvchi qushlardan jarqaldirg’och, qoravoy qush, qaldirg’och, turna baliqchi qush, o’rdaksimon qushlar, qizil g’oz, mayna kabilarning migrasiyalari tufayli parazitofaunasining o’zgarishlari kuzatilganda qiziq ma’lumotlar olingan.
Tadqiqot ishlari uya qurish uchun shimolga uchib kelgan qushlarning parazitofaunasini o’rganishdan boshlangan. Bu qushlarda janubdan olib kelingan turli parazitlardan iborat. Shuningdek, har bir turdagi qush o’ziga xos parazitlar majmuidan tashkil topgan. Shimolda bu parazitlar hayoti va taqdiri turlicha bo’ladi. Masalan, patxo’r ektoparazit hasharotlar va parxo’r kanalar nafaqat uchib kelgan qushlarda saqlanib qoladi, balki ularning bolalariga ham o’tadi va ular bilan birga yana janubga qaytib ketadi. Parazitlarning ikkinchi guruhi sekin-asta o’zlarining mavjudligini yo’qotib boradi va qush bolalariga umuman paydo bo’lmaydi. Nihoyat, uchinchi guruh parazitlar (asosan endoparazitlar) uchib kelgan qushlarda butun yoz davomida saqlanadi va yangi, yosh qushlarga, ularning uchib ketishigacha o’tmaydi. Shuningdek, janubdan olib kelingan parazitlar bilan birga qushlarning uya qurgan joylarida parazitlarning yangi turlari ham paydo bo’ladi. Bunday yangi turlarga uya qurish bilan bog’liq holdagi ektoparazitlardan burgalar, ba’zi qon so’ruvchi pashsha kabilarni ko’rsatish mumkin. Yangi turlar qatoriga yana voyaga yetgan va yosh qushlarni zararlovchi endoparazitlarni ham kiritish mumkin. Lekin bu parazitlar qushlarni janubga uchib ketishi arafasida halok bo’ladi. Shunga binoan, bunday parazitlar janubga olib ketilmaydi. Lekin endoparazitlar orasida shunday turlar ham paydo bo’ladiki, ular janubga olib ketiladi. Lekin janubdan qaytib keluvchi qushlarda ular bo’lmaydi. Shunday qilib, qushlarning uzoq masofalarga yillik migrasiyalari tufayli ularda shakllanadigan parazitlarni uchta guruhga ajratish mumkin:
a) xo’jayin tanasida yil davomida uchrovchi parazitlar yoki ubikvistlar. Bunday turlar omillarga e’tibor bermasdan shimolda ham janubda ham qushlar tanasida uchraydi;
b) janubiy turlar. Ushbu guruhdagi parazitlar qishlash uchun janubga uchib ketgan qushlarda uchraydi;
shimoliy turlar. Uya qurish va jo’ja ochish uchun shimolga uchib kelgan qushlar bilan bog’liq guruh turlari (parazitlari).