O’zbеkistоn rеspublikаsi оliy vа o’rtа mахsus tа’lim vаzirligi а
2. Yopishish organlarining adaptatsiyalari Ko’pchilik parazitlarning xarakterli xususiyatlaridan biri, ularda yopishish organlarining mavjudligidir. Ushbu organlar parazitning o’z xo’jayini bilan yaqin munosabatda bo’lishi tufayli shakllangan hamda takomillashib borgan. Shunisi e’tiborni o’ziga jalb etadiki, hayvonlar olamida yopishish organlarining keng tarqalganligiga qaramasdan ular deyarli bir-biriga juda ham o’xshash tuzilishiga egadirlar va bunday o’xshashlik turli-tuman konvergent shakllardan iborat ekanligini ko’rsatadi. Shunga qaramasdan parazitlarning turli-tuman yopishish organlar orasida eng ko’p uchraydigani ilgakchalar va so’rg’ichlar hisoblanadi. Ushbu turdagi yopishish organlari ektoparazitlar orasida ham endoparazitlar orasida keng tarqalgandir. Parazitlar orasida qaychisimon, ombursimon yoki tirgovichsimon yopishish organlari esa ancha kam uchraydi. Umuman olganda turli-tuman parazitlarda quyidagi turdagi yopishish organlari uchraydi:
a) Ilgakchalar - yopishish organlari sifatida eng ko’p uchraydigan turi bo’lib, ular bir hujayrali hayvonlardan tortib, ayrim parazit hasharotlarda shakllangan. Bir hujayralilar orasida gregarinalar va ba’zi parazit infuzoriyalarda ilgakchalar bo’ladi. Masalan, ko’pgina ichakda parazitlik qiluvchi grenarinalarning epimeritida ilgakchalar to’plami yoki ilgaksimon o’simtalar joylashgan bo’ladi. Astomata guruhiga mansub bo’lgan ayrim infuzoriyalar gavdasining oldingi qorin tomonida bir dona harakatchan ilgakcha bo’lib, uning yordamida infuzoriya xo’jayini tanasiga yopishib olishga va uning epiteliy qatlamiga kirib olishiga yordam beradi. Monogenetik so’rg’ichlilarning ko’pchiligi gavdasining oxirgi pastki qismida ilgakchalarga ega bo’ladi.
Ko’p hollarlarda ushbu ilgakchalarning soni 16 taga teng bo’ladi, lekin ularning 2 yoki 4 tasi ancha kuchli rivojlangan bo’ladi, qolganlari esa ancha kichik yoki qisman reduksiyalashgan holatda bo’ladi. Shunday holatdagi (2 ta) ilgakchalarni monogenoidlardan Gyrodactylus va Dachylogyrus larda uchratish mumkin, Tetraanchus da esa kuchli rivojlangan ilgakchalar soni 2 juft bo’ladi.
Ichak trematodalarida ko’p hollarda ilgakchalar bo’lmaydi. Lekin Echinostomidae oilasi vakillarida gavdasining oldingi uchida ilgakchalar vazifasini bajarishga moslashgan yirik tikanlarga ega yoqacha shakllangan bo’ladi. Sestodalar sinfiga kiruvchi parazit chuvalchanglarda mavjud bo’lgan ilgakchalarga qarab ularni bir qator guruhlarga ajratish mumkin. Masalan, Pseudophyllidae va qisman Cyclophyllidae turkumlariga kiruvchi turlar yopishish organlari sifatida so’rg’ichlardan foydalansa, boshqa bir qator turlarida so’rg’ichlardan tashqari yana turlicha joylashgan ilgakchalar ham bo’ladi. Tetrophyllidea turkumi vakillarida ilgakchalar skoleksi yuzasida joylashgan bo’lsa, Cyclophyllidae turkumining ko’pchilik turlarida ilgakchalar skoleksi o’rtasida yoki undagi xartumchada bir yoki ikki qator toj shaklidagi ilgakchalar to’plamidan iborat bo’ladi. Ushbu turkumning Dipylidium caninum (itda parazitlik qiluvchi solityor) turida xartumcha ba’zan bir necha qator doira shaklida joylashgan kichik ilgakchalar guruhidan iborat bo’ladi. Tikanboshlilarda (Acanthocephalia) yopishish organlari sifatida faqatgina ilgakchalar xizmat qiladi. Ushbu organlar chuvalchangning oldingi qismida bo’rtib chiqib turuvchi xartumchada bir necha qator bo’lib joylashgan bo’ladi. Nematodalarda yopishuv organlari sifatida ilgakchalar ancha kam uchraydi.
Bo’g’imoyoqlilar (Arthropoda) orasida ilgaksimon yopishuv organlariga ega bo’lgan turlarni ko’plab uchratamiz. Lekin bunday organlar ko’p hollarda tananinig oddiy o’siqlari bo’lmasdan, balki har xil darajada metamorfozlashgan oyoqlar hisoblanadi. Ergasilus avlodidagi qisqichbaqasimonlarning antennalari, Argulus avlodidagi qisqichbaqasimonlardagi antennalar, Cymothoidae oilasiga mansub bo’lgan turlarning ilgaksimon egilgan ko’krak oyoqlari, Pentastomida turkumidagi qisqichbaqasimonlarda ikki juft oddiy ilgakchalar va nihoyat ko’pgina pashshalarning lichinkalarini ilgaksimon jag’larini aytib o’tish o’rinlidir.