O’rta chang (0,01-0,005 mm) da slyuda mineralining ko’p bo’lishi bu fraktsiyaga yuqori plastiklik va birikish xossasini beradi. O’rtacha chang ancha mayda bo’lganligidan namni yaxshi ushlab turadi. Lekin uning suv o’tkazuvchanligi past. Koagulyatsiyalanish qobiliyatiga ega emasligi sababli, tuproq strukturasining shakllanishi va tuproqdagi fizik-kimyoviy jarayonlarida ishtirok etmaydi. Shuning uchun ham yirik va o’rtacha chang fraktsiyalari ko’p bo’lgan tuproqlar tez uvalanib, changlanib ketadi va zichlanadi, suvni kam o’tkazadi.
Mayda chang (0,005-0,001 mm) odatda ancha yuqori dispyersiyalanganligi bilan xarakterlanib, qator birlamchi va ikkilamchi minerallardan iborat. Shuning uchun ham yirik zarralarga xos bo’lmagan qator xossalar, jumladan, koagullanish va struktura hosil qilish xususiyatiga hamda singdirish qobiliyatiga ega, chirindi moddalarni ko’p saqlaydi. Lekin mayda, nozik zarrachalarning ko’p bo’lishi tuproqning suv o’tkazuvchanligini yomonlashtiradi, o’simliklar uchun o’tadigan nam kam bo’ladi, yuqori ko’pchish va bo’kish, yopishqoqlik, yorilib ketish va zich qovushmali bo’lishi bilan xarakterlanadi.
Loyqa (<0,001 mm) asosan yuqori dispers ikkilamchi minerallardan iborat. Birlamchi minerallardan kvarts, ortoklaz, muskovit kabilar uchraydi. Bu fraktsiya tuproq unumdorligida katta ahamiyatga ega va tuproqda kechadigan qator fizik kimyoviy jarayonlarda asosiy rol o’ynaydi. Loyqa fraktsiyalari yuqori singdirish qobiliyatiga ega, chirindi va o’simliklar uchun zarur azot hamda boshqa moddalarni ko’p saqlab turadi. Undagi kolloid zarrachalar tuproq strukturasining hosil bo’lishida muhim rol o’ynaydi. Ammo dispersiyalangan loyqa fraktsiyalari qator salbiy xossalarga olib keladi.
Yuqorida aytilganlardan ko’rinib turibdiki, mexanik elemyentlar o’lchamining maydalanib borishi bilan, ularning xossalari ham o’zgarib boradi. Ayniqsa ana shunday keskin o’zgarishlar «fizik qum» (>0,01 mm) bilan «fizik loy» (<0,01 mm) fraktsiyalari chegarasida yaxshi ifodalangan. Shuning uchun ham tuproqning mexanik tarkibini o’rganishda ana shu zarrachalarning miqdoriga alohida e’tibor beriladi.
4. Tuproq yoki jinslardagi turli katta-kichiklikdagi mexanik elementlarning protsent bilan ifodalanadigan nisbiy miqdoriga mexanik tarkib deb ataladi.
Turli mexanik elemyentlarning miqdoriga ko’ra tuproq va jinslarning xossalari bir xil emas.
Tuproq va jinslarning mexanik tarkibi uning fizik, fizik-kimyoviy xossalariga qarab bir necha guruhlarga ajratiladi. Mexanik tarkibining klassifikatsiyasida «fizik qum» va «fizik loy» fraktsiyalarining nisbati asos qilib olingan. Dastlabki ana shunday klassifikatsiyalardan birini N.M. Sibirtsev tavsiya etgan. Keyinchalik qator klassifikatsiyalar (A.N. Sabanin, V.R. Vilyams) ishlab chiqildi. Hozirgi vaqtda N.A. Kachinskiyning ancha mukammallashtirilgan va foydalanish uchun qulay klassifikatsiyasi keng ishlatilmoqda (6-jadval).
Bu klassifikatsiyaga ko’ra mexanik tarkibining asosiy nomi «fizik qum» ning «fizik loy» ga bo’lgan nisbatiga qarab beriladi va qo’shimcha nomlanayotganda esa, ko’proq uchraydigan fraktsiyalar (shag’al 3-1 mm, qum 1-0,05 mm, yirik chang 0,05-0,01 mm, changsimon 0,01-0,001 mm va loyqa <0,001 mm) miqdori e’tiborga olinadi.