Xulosalar Ishlab chiqarish jarayonida kishilar o‘rtasida sodir bo‘ladigan iqtisodiy munosabatlar umumiy iqtisodiy munosabatlarining asosiy negizini tashkil etib, ayirboshlash, taqsimlash va iste’mol jarayonlarida bo‘ladigan munosabatlarning yo‘nalishini belgilab beradi. Shuning uchun ularni o‘rganish o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi.
1O‘zbеkiston Rеspublikasi Prеzidеntining 2017 yil 7 fеvraldagi “O‘zbеkiston Rеspublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar stratеgiyasi to‘g‘risida”gi, PF-4947-sonli Farmoni, 3.2-bandi.
Insoniyat zarur ne’matlar iste’molisiz yashay olmaydi. Shunga ko‘ra, bu ne’matlarni muntazam ravishda ishlab chiqarish muhim hisoblanadi. Ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish jarayonida insonning yashashi uchun zarur bo‘lgan barcha hayotiy vositalar yaratiladi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida ishlab chiqarish omillari – tabiat, kapital, ishchi kuchi va tadbirkorlik qobiliyatidan iborat bo‘lib, ularning hamjihatlikdagi xarakati bilan ishlab chiqarish sodir bo‘ladi. Ular o‘zaro bir-birlariga ta’sir ko‘rsatadi. Bu omillardan birining sifat va miqdor jihatidan o‘zgarishi pirovardida boshqa omillarning o‘zgarishiga ham ta’sir ko‘rsatadi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida har qanday ishlab chiqarish ikki tomonlama xususiyatga ega bo‘lib, bir tomondan iste’mol qiymatini (naflilikni) yaratish va ko‘paytirishdir, ikkinchi tomondan, moddiy vositalar va mehnatning sarflanishi, yangi qiymatning yaratilishi, boshqacha qilib aytganda, qiymatning o‘sish jarayonidir. Bu ishlab chiqarish jarayonining ikki tomonlama xususiyatidir.
Ishlab chiqarish jarayonida barcha omillar harakatda bo‘ladi, lekin ular ichida jonli mehnat, ya’ni ishchi kuchi faol bo‘lib, u barcha ishlab chiqarish vositalarini harakatga keltiradi, ularga «jon kiritadi», asosiy kapital qiymatining yo‘qolib ketmasligini ta’minlab, yangi yaratilgan tovar va xizmatlarga o‘tkazadi. Va nihoyat, bu jarayonda yangi tovar va xizmatlar vujudga keladi.
5. Yangi vujudga kelgan tovar va xizmatlar ikki xil xususiyatga – naflilik va qiymatga ega bo‘lib, ikki tomonlama hisobga olinadi: natural-ashyoviy (naflilik) va qiymat tomonidan. Natural-ashyoviy tomondan u uch qismga: ishlab chiqarish vositalari, iste’mol buyumlari va turli xizmatlarga bo‘linadi. Qiymat tarafidan ham uch qismga: iste’mol qilingan ishlab chiqarish vositalari qiymati (s), zaruriy mahsulot qiymati (v) va qo‘shimcha mahsulot qiymati (m)ga bo‘linadi.
Bundan 100 yil ilgari marjinalistlar tomonidan kashf qilingan va iqtisodiyotning universal qonuni deb atalgan qonun – «keyingi qo‘shilgan omil (qo‘shilgan kapital, qo‘shilgan mehnat) unumdorligining pasayib borish qonuni» ko‘r-ko‘rona isrofgarchilikka, ortiqcha xarajatlarga yo‘l qo‘yilmasa, hozirgi zamon fan-texnika taraqqiyoti sharoitida amal qilmaydi.
Ishlab chiqarish jarayoni doimo o‘zgarib, takomillashib va kengayib boradi. Uning rivojlanib borishida ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiyalash, diversifikatsiyalash va tarkibiy jihatdan o‘zgartirib borish muhim rol o‘ynaydi.
Hozirgi bozor iqtisodiyoti sharoitida ishlab chiqarish samaradorligining asosiy mezoni foyda hisoblanadi. Bunda foydaning foyda miqdorining xarajatlar miqdoriga nisbati olinadi.