Mamlakatimiz fuqarolarining katta qismini yoshlar va xotin-qizlar tashkil etadi. Aholining 49,7 foizi hamda mehnat resurslarining 45 foizi ayollar hissasiga to'g'ri kelmoqda. Demak, yurtimizdagi ijtimoiy masalalarning aksariyati ular hayoti bilan chambarchas bog'liq. So'nggi yillarda xotin-qizlarni ijtimoiy himoyalash, ularni kasb-hunarga o'qitib, bandligini ta'minlash masalasi davlat siyosati darajasiga ko'tarilib, bu borada mahalla darajasigacha yuritiladigan vertikal tizim yaratildi. Xotin-qizlar masalalari bo'yicha har bir mahallada alohida rais o'rinbosari, tumanda mahalla va oila bo'limi boshlig'i o'rinbosari hamda 2 nafar mutaxassisi, viloyatda esa 8 nafargacha shtat birligi berildi. Davlatimiz rahbarining 2020-yil 8-oktyabrda jamiyatda ayollar va yoshlarning rolini oshirish hamda bandligini ta'minlash chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan o'tkazilgan videoselektor yig'ilishidagi tashabbusi bilan xotin-qizlar masalalari bo'yicha yangi ish tizimi — har bir mahalla, tuman, shahar va viloyat kesimida “Ayollar daftari” joriy etildi. Mazkur tizimning joylardagi natijadorligi hamda Prezidentimiz yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish, ularning bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo'yicha ilgari surgan 5 ta muhim tashabbus doirasida xotin-qizlarni ish bilan ta'minlash masalalari yuzasidan Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim bilan suhbatlashdik. — Bilamizki, yurtimizda xotin-qizlarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash, bandligini ta'minlash belgilab olingan yangicha islohotlarning asosiy yo'nalishlaridan biriga aylangan. Bu boradagi ishlar bir necha yil avval boshlangan edi. Ammo tan olishimiz kerak, o'tgan yili “Ayollar daftari” joriy etilgach, ushbu yo'nalishdagi sa'y-harakatlar yanada faollashib, aniq natijalar ko'rina boshladi. — “Ayollar daftari” har bir xotin-qiz bilan manzilli ishlash, mutlaqo yangicha va tizimli vazifalarga asoslangan o'ziga xos mexanizm sifatida yo'lga qo'yildi. Avvallari biz ayollarni ish bilan ta'minlash haqida gapirardik, ammo qancha ayol ijtimoiy himoyaga muhtoj, qanchasi ishsiz, qanchasi kasb-hunar o'ganish istagida, degan savollarga to'liq javobimiz yo'q edi. “Ayollar daftari”ni shakllantirish jarayonida tegishli vazirlik-idoralar mutasaddilaridan iborat ishchi guruhlar har bir tuman (shahar), mahalla, xonadon bo'yicha xotin-qizlar muammolarini o'rganib, tegishliligi bo'yicha yo'nalishlarga ajratgan holda, amaliy yordamlar ko'rsatyapti. Joriy yilning o'zida 253,2 ming ayolning ijtimoiy himoyaga muhtoj, shundan 131,2 ming nafari ish bilan band etish va 36,4 ming nafari kasb-hunarga o'qitishga, 69,9 ming nafari kredit olish, 15,7 ming nafarining kasanachilik va tomorqada band etishga ehtiyoji borligi aniqlanib, “Ayollar daftari”ga kiritildi. Mehnat bozoridagi 8 ta eng muhim yo'nalish belgilab olinib, bugungi kunga qadar ularning 77,8 ming nafariga bandlik xizmatlari ko'rsatildi. Shulardan 21,2 ming ayol ishga joylashtirilib, 16,2 ming nafari jamoat ishlariga jalb qilingan bo'lsa, qolganlari kasb-hunar va tadbirkorlikka o'qitildi. Ular orasida 4,8 ming ayolga ishsizlik nafaqasi tayinlandi va to'lab berildi. Bu tizimdan ko'zlangan maqsad xotin-qizlarga faqat moddiy va ma'naviy yordam ko'rsatish emas, balki ularni ishga joylashtirish orqali doimiy daromad manbai bilan ta'minlash, kambag'allikni qisqartirishdan iborat. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining ta'rifiga ko'ra, kambag'allik — bu insonning asosiy ehtiyojlari, jumladan, oziq-ovqat, toza ichimlik suv, sanitariya inshootlari, sog'liqni saqlash, turar joy, ta'lim xizmatlari bilan bog'liq ehtiyojlarini to'laqonli qondira olmaslik holati hisoblanadi. Bunda nafaqat daromad, balki ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyati ham nazarda tutiladi. Ya'ni tirikchilik uchun zarur bo'lgan minimal ehtiyojlarni qondirishga etarli daromadi bo'lmagan, og'ir kasallikka chalingan, ishsiz aholini kambag'al deyishimiz mumkin. Shu bois, hozirgi kunda respublikamizda kambag'allikni qisqartirish bo'yicha jahon tajribasida keng qo'llaniladigan 3 vosita — kambag'al oilalarning doimiy daromad manbaini yaratish, inson kapitali sifatini oshirish hamda to'g'ridan-to'g'ri qo'llab-quvvatlashdan foydalanilmoqda. “Ayollar daftari” aynan ana shu 3 jihatni keng qamrab oladi. — Ehtiyojmand oilalarning doimimy daromad manbaini yaratish va inson kapitali sifatini oshirish haqida gapirdingiz. Keling, shu ikki jihatga kengroq to'xtalgan holda, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarga nazar solsak. — Xotin-qizlar misolida olib qaraydigan bo'lsak, doimiy daromad manbaini yaratish deganda, albatta, ularni ish bilan ta'minlash nazarda tutiladi. Bu borada Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi bilan faol hamkorligimiz yo'lga qo'yilgan bo'lib, o'tgan davr mobaynida xotin-qizlar uchun respublikada jami 170 mingga yaqin ish o'rni yaratildi. 2020-yilda 234,8 ming ayolga bandlik xizmatlari ko'rsatilib, 54,8 ming nafari ishga joylashtirilgan bo'lsa, joriy yilning shu davriga qadar yana 76 198 nafar xotin-qizning bandligi ta'minlandi. Ayni paytda respublika bo'yicha jami 432,7 ming nafar xotin-qiz “Ayollar daftari” ro'yxatiga kiritilgan bo'lib, mehnat organlari orqali ulardan 167,6 ming nafarining bandligiga ko'maklashish vazifasi belgilangan. Jarayonda xotin-qizlarning talab-istaklari asosida 50 ming nafarini korxonalardagi mavjud bo'sh (vakant) hamda zaxiralangan ish joylariga joylashtirish, 45,4 ming nafarini haq to'lanadigan jamoat ishlariga jalb qilish, 8,4 ming ayolga subsidiyalar ajratish orqali o'zini-o'zi band qilishi hamda 36,4 ming vakilalarni kasb-hunar va tadbirkorlik ko'nimaklariga o'qitish orqali bandligiga ko'maklashish ishlari olib boriladi. Yana bir ahamiyatli jihati, yurtimizda xotin-qizlarning kasb ko'nikmalarini mustahkamlash, hayotda munosib o'rin egallashi, ularni doimiy ish bilan band qilish maqsadida joylarda sendvich va boshqa arzon hamda qulay materiallardan tezkorlik bilan tikuvchilik korxonalarini qurish ham tadbirkorlar orasida ommalashib bormoqda. Shu kunga qadar 200 ga yaqin ana shunday korxonalar tashkil etilib, ularga 4 100 nafardan ortiq xotin-qiz ishga joylashdi. Shuningdek, 75 ta tumanda 111 ta tikuv-trikotaj ishlab chiqarish korxonalari tashkil etilib, ularda jami 35 ming nafar yosh xotin-qizning bandligi ta'minlandi. Mazkur korxonalarga, ayniqsa, Namangan, Farg'ona, Andijon viloyatlari hamda Toshkent viloyatida talab katta. Yuqorida aytib o'tilgan keyingi yo'nalish — inson kapitali sifatini oshirishda kambag'al aholini qo'llab-quvvatlashning imtiyozli kreditlar va to'g'ridan-to'g'ri moliyaviy yordam berish, tadbirkorlik ko'nikmalarini shakllantirish va kasb-hunarga o'qitish singari mexanizmlariga urg'u berilmoqda. Bunda barcha hududlarda kasb va hunarga o'qitishda monomarkazlarni tashkil etish, ustoz-shogird an'anasini tiklash va kengayishini rag'batlantirish, “World skills” standartlarini amaliyotga joriy etish, o'qitishda nodavlat va notijorat tashkilotlari hamda xususiy sektorni keng jalb etish ishlariga katta e'tibor qaratilyapti. Xotin-qizlar orasida ham qiziqish ortib borayotgan yo'nalishlardan biri — biznes va tadbirkorlik ko'nikmalari bo'yicha qisqa muddatli o'quv kurslari tashkil etish qamrov darajasi oshirilmoqda. Bugungi kunda respublika bo'yicha 15 ta “Ishga marxamat” monomarkazlari, 30 ta shahar va tumanda kasb-hunarga o'qitish markazi, 136 ta MFYning har barida o'quv maskani tashkil etilgan. 2016-yilda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimida bor-yo'g'i 2 ta o'quv markazi faoliyat ko'rsatgan bo'lsa, hozirgi kunda ularning soni 181 taga etdi. O'quv kurslarida 16 dan to pensiya yoshigacha bo'lgan yoshdagi ish bilan band bo'lmagan fuqarolar o'qishi mumkin. Ular o'rnatilgan tartibda mehnat idoralariga ish qidirayotgan yoki ishsiz sifatida ro'yxatdan o'tgach, mutaxassisligi bo'yicha maqbul ish mavjud bo'lmagan hollarda, yo'llanmaga asosan o'quv kurslariga jalb etiladi. Ushbu o'quv muassasalarida 40 ta kasb va mutaxassislik bo'yicha o'qitish yo'lga qo'yilgan. O'qish muddati 1 oydan 6 oygacha davom etadi. “Ishga marhamat” monomarkazlari hamda kasb-hunarga o'qitish markazlari bitiruvchilariga Prezidentimizning 2020-yil 11-avgustdagi “Kambag'al va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o'qitishga qaratilgan hamda aholi bandligini ta'minlashga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qaroriga asosan, o'qishni tamomlaganligini tasdiqlovchi hujjat va o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi diplomi darajasiga tenglashtirilgan “Skills pasport” beriladi. Bu “pasport” kurslar tinglovchilariga egallagan bilimlarini mehnat faoliyatida amalga oshirish huquqini bersa-da, ko'proq ta'limning keyingi turini davom ettirish uchun asos hisoblanadi. O'quv kursini tamomlaganlik to'g'risidagi sertifikat esa respublika hududidagi barcha ish beruvchi korxona va tashkilotlarda xodimning mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beradi.