O’zbekiston va jahon. Mustaqil O’zbekistonning jahon tsivilizatsiyasiga qo’shilishining falsafiy-metodologik
muammolarini o’rganish nihoyatda muhim. O’zbekiston o’zining ko’p asrlik milliy davlatchiligi, madaniyati, ilm-fani,
san’ati, o’ziga xos va betakror hayot falsafasi bilan jahon tsivilizatsiyasi rivojiga muhim hissa qo’shdi. O’zbek xalqi
jahonga fan, san’at, falsafa, tibbiyot, siyosat, huquq, tarix sohalarida o’lmas asarlar yaratgan, buyuk allomalarni bergan.
Biroq mustamlakachilik yillarida ro’y bergan quyidagi jarayonlar xalqimizning jahon tsivilizatsiyasiga qo’shilishi
uchun imkon bermagan:
- o’z milliy davlatchiligiga ega bo’lmaganligi;
- milliy madaniyatning tabiiy rivojlanish imkoniyati cheklanganligi;
- mustabid tuzum mafkurasining tazyiqi ostida dunyodan uzib qo’yilganligi;
- tarixi, ona tili, ma’naviy merosidan begonalashish alomatlari paydo bo’lganligi;
- milliy qadriyatlari, an’ana va urf-odatlarining yo’qolib borganligi, ularni asrab-avaylash imkoniyatining
kamligi va boshqalar.
Mustaqillik tufayli O’zbekiston o’z taraqqiyot yo’lini erkin tanlash, milliy davlatchilik asoslarini yaratish va jahon
tsivilizatsiyasiga qo’shilish imkoniga ega bo’ldi. Mamlakatimiz o’z mustaqilligining dastlabki yillaridanoq jahon
tsivilizatsiyasiga qo’shilish yo’lini tanladi.
Jahon tsivilizatsiyasi yutuqlaridan bahramand bo’lish mustaqil rivojlanish yo’liga kirgan davlatning dunyo
hamjamiyatida o’ziga xos rivojlanishini ta’minlaydi. Binobarin, har bir xalq mustaqil bo’lganidan keyin o’zining
iqtisodiyoti, madaniyati, milliy davlatchilik siyosatini amalga oshiradi. U o’z imkoniyatlariga tayanib, jahon
hamjamiyatiga kirib borar ekan, bu jarayon milliy falsafada ham o’z ifodasini topadi.
Mustaqillik milliy falsafaning negizi, uning umumjahon falsafiy jarayoni bilan qo’shilishi va uyg’unlashuvining
eng asosiy shartidir. Mustaqillikka erishmagan xalq milliyligini, o’ziga xos qadriyatlari, urf-odatlari, ruhiyati va
dunyoqrashini o’z falsafasida to’la-to’kis aks ettira olmaydi.
Mustaqil bo’lmagan xalqning falsafasida mustamlakachilarning g’oyalari doimo ustuvor bo’ladi. Faqat mustaqillikkina
ijtimoiy ongning hamma sohalarida, dunyoqarashning barcha jabhalarida milliylikning to’la-to’kis namoyon bo’lishi uchun
zamin yaratadi.
Tarixning saboq berishicha, hech qanday davlat boshqa bir davlatga, boshqa bir xalqqa o’z manfaatlarini
ko’zlamasdan beg’araz yordam ko’rsatmaydi. Jahon tsivilizatsiyasiga qo’shilish har bir mustaqil rivojlanayotgan
davlatning taraqqiyotida o’z kuchi va imkoniyatlariga, ilg’or an’analariga, qadriyatlariga, milliy davlatchilik
tajribalariga, intellektual salohiyatiga, tabiiy boyliklariga tayanishini inkor etmaydi, balki ularning keng rivojlanishini
taqozo etadi.
Erkinlik, mustaqillik hamisha zaruratni, mas’uliyatni anglashni taqozo etadi: erkinlik va mustaqillik jamiyatning har
bir a’zosi oldiga «Biz kim edik? «Hozir qanday ahvoldamiz?» va «Qanday bo’lishimiz kerak»? degan savollarga
vijdonan javob berishni talab etadi. Mustaqillik yillarida farovon va baxtli hayotni bizga kimdir yaratib bermasligini,
balki o’z aqlimiz, kuchimiz bilan yaratishimiz lozimligini anglashni taqazo etadigan dunyoqarash shakllangani bu
savollarga javoblar izlanilayotganligidan, ularni hal qilish choralari ko’rilayotganidan dalolat beradi. Boshqa
mamlakatlardan, yaxlit va bir butun jahon tizimidan ajralib qolgan holda bu borada ham taraqqiyotga erishib bo’lmaydi.
Taraqqiyotga tsivilizatsiyali yondashuv o’ziga xos xususiyatlarga ega. O’zbekiston va jahon tarixini o’rganishga
bunday qarash hozirgi zamon falsafasida muhim yo’nalishlardan biri sifatida qaror topmoqda. U tarixiy haqiqatni
xolisona baholashga, milliy xususiyatlarning o’ziga xosligini anglashga, insoniyatning ilg’or rivojlanish tajribalarini
bilishga va ulardan ijodiy foydalanishga imkon beradi. Jahon tarixiga tsivilizatsiyali yondashuv insoniyat taraqqiyoti
zo’rliksiz va inqilobiy sakrashlarsiz o’ziga xos tadrijiy yo’ldan ilgarilab borganida jamiyat katta foyda ko’rishi,
odamzod boshiga turli ijtimoiy ofatlar tushmasdan rivojlanishi mumkinligini ko’rsatadi.