Konfutsiy – qadimgi ajdodlar donishmandligining sharhlovchisi Konfutsiyning fikrlari o’z shogirdlari bilan qilgan suhbatlari tarzida saqlanib kolgan. Uning suhbatlari mazmuni o’z ifodasini topgan “Suhbatlar va hukmlar” (Lun yuy) kitobi eng ishonchli manbadir; Konfutsiy o’zini qadimgi ajdodlar donishmandligining saqlovchisi va sharhlovchisi sifatida tanitgan. U o’z zamondoshlarini Qadimgi Xitoyning afsonaviy hukmdorlari bo’lgan Yao, Shun va Yuylardan o’rnak olishga chaqirgan. Ularning xayrli ishlari haqidagi hikoyalar avlodlardan avlodlarga o’tib kelgan edi.
Ijtimoiy burchga sodiqlik va xolislik bilan nom chiqargan hukmdor Yao xalqni ma’rifatli qilgan, barchaga mehr bilan qarab, fuqarolik va qonunchilikni joriy etgan. Uning hukmronligi davrida uylarning eshigi qulflanmagan, yo’qolgan narsalar esa, egalariga qaytarilgan.
Yao tomi qamish bilan yopilgan kulbada yashagan. Uning taomi yovvoyi o’tlar va gurunch bo’tqasi bo’lgan. Kiyimi nihoyatda oddiy bo’lgan. Kulolchilik idishlaridan ovqat egan. Agar mamlakatda kimdir och qolgan bo’lsa, Yao albatta shunday degan: “Uning och bo’lishiga men aybdorman”. Agar mamlakatda kimningdir kiyimi bo’lmasa, Yao albatta yana shunday degan: “Uning kiyimi yo’qligiga men aybdorman!” Agar mamlakatda kimdir jinoyat qilgan bo’lsa, Yao albatta shunday degan: “Men uni jinoyat qilishgacha olib bordim”. U barcha uchun ma’suliyatni o’z bo’yniga olgan. Mamlakatni ko’p yil boshqargan Yao, qarib qolganda hokimiyatni o’g’liga qoldirishni istamagan. Chunki uning o’g’lining boshqarish iste’dodi yo’q bo’lganligidan, Yao o’zidan keyin xalqni qiynalishini istamagan. Shuning uchun salohiyatli kishilarni atrofiga to’plab, ulardan eng aqllisiga taxtni topshirmoqchi bo’lgan. Shunday odam Shun bo’lib chiqqan. U yoshligidayoq ota-onasiga zo’r hurmati bilan mashhur bo’lgan, dehqonchilik, baliqchilik va kulolchilikni o’rgangan.
Shun Yaoga o’xshab bir necha o’n yillar podsholik qilgan va juda ko’p xayrli ishlari bilan dong chiqargan. Keyin u ham, Yaoga o’xshab, ashula va raqslar bilangina ovora bo’lgan o’z o’g’liga taxtni qoldirmagan, balki iste’dodli va adolatli Yuyga hokimiyatni topshirgan.
Yuy o’z hukmronligi davrida misli ko’rilmagan suv toshqinini bartaraf etgan. Toshqinga qarshi kurashda u o’z qo’liga savat va belkurak olib ishtirok etgan. Shamol va yomg’irga qaramasdan toshqinga qarshi o’zi oldinda borib, butun xalqni o’z ketidan safarbar etgan. U daryolar o’zanini tozalagan, yangi oquv yo’llarini ochgan.
Konfutsiy o’z tashviqotlarida yuqoridagi afsonaviy hukmdorlar faoliyatidan o’rnak olishga chaqirgan. O’zi to’g’risida u shunday degan: “Men sharhlayman, ammo yaratmayman”. Men qadimgi davrlarga ishonaman va uni sevaman”. Va yana boshqa joyda: “Mening ta’limotim, qadimgilarning bizga qoldirgan va dars bergan ta’limotlaridan o’zga narsa emas. Bu ta’limotga men hech narsa qo’shmasdan va hech narsani olib qolmasdan, avvalgidek, sof holicha etkazayapman. Bu ta’limot o’zgarmasdir, osmonning o’zi uning ijodkoridir. Men o’zim erga urug’ sepadigan va sug’oradigan dehkonga o’xshayman, ammo u o’z-o’zicha sepilgan urug’ni ko’kartirib chiqaradigan va o’simlikning boshqa turi shakliga aylantira oladigan kuchga ega emas”.