Takrorlash uchun savollar: Ishlab chiqarish xarajatlari auditining oldiga qanday maqsad qo’yiladi?
Ishlab chiqarish xarajatlari auditining qanday me’yoriy asoslari va xususiyatlari mavjud?
Asosiy ishlab chiqarish tarmoqlarini auditorlik tekshiruvidan o’tkazish qanday amalga oshiriladi?
Umumishlab chiqarish xarajatlari auditi qanday amalga oshiriladi?
Mahsulot tannarxi to’g’ri aniqlanganligini tekshirish qanday amalga oshiriladi?
Tayyor mahsulotni baholashning auditi qanday amalga oshiriladi?
Sotish xarajatlari auditi qanday amalga oshiriladi?
18-BOB. PUL MABLAG’LARI AUDITI
1. Auditning maqsadi, vazifalari va ma’lumot manbalari
Pul mablag’larini auditorlik tekshiruvidan o’tkazishning asosiy maqsadi: kassadagi milliy va xorijiy valyutadagi naqd pul mablag’lari, bankdagi hisob-kitob schyoti, valyuta schyotlari va boshqa maxsus schyotlarga doir muomalalarni auditorlik tekshiruvidan o’tkazib, moliyaviy hisobotning «Pul mablag’lari» bo’limi bo’yicha ma’lumotlarning ishonchliligi va bankdagi schyotlarda pul mablag’larini hisobga olish uslubiyotining O’zbekiston Respublikasida amal qilayotgan me’yoriy hujjatlarga muvofiqligi to’g’risida xulosa shakllantirish, ular saqlanishi va ishlatilishining maqsadga muvofiqligi, samaradorligi hamda qonuniyligini ta’minlash, shuningdek hisobga olishni takomillashtirishdan iborat.
Ushbu maqsadni amalga oshirish uchun quyidagi vazifalarni hal etish zarur: inventarizatsiya o’tkazish yo’li bilan kassadagi mavjud pul mablag’lari, qimmatli kog’ozlar miqdori va summalarining haqiqiy qoldig’ini aniqlash, kassa muomalalarini hisobga olishda «Yuridik shaxslar tomonidan kassa muomalalarini amalga oshirish qoidalari»ga (O’zbekiston Respublikasi Adliya Vazirligi ro’yxatga olingan №565, 17 dekabr 1998 y) qay darajada rioya qilinayotganligini aniqlash; bank muassasasidagi hisob-kitob, valyuta va boshqa maxsus schyotlar bo’yicha amalga oshirilgan muomalalarni tekshirib chiqish; o’tkazilgan tekshirish asosida oraliq dalolatnoma tuzish va xulosa qilish.
Pul mablag’lari bo’yicha muomalalarni tekshirishda auditor quyidagi ma’lumot manbalaridan foydalanadi:
hisob yuritish siyosati to’g’risidagi buyruqning pul mablag’lari hisobiga doir bo’limi;
bankdagi hisob-kitob, valyuta va boshqa maxsus schyotlar bo’yicha muomalalarni amalga oshirishni va ushbu muomalalarni buxgalteriya hisobida aks ettirishni tartibga soluvchi asosiy me’yoriy hujjatlar (O’zbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar to’g’risida Nizom (yangi tahriri)(O’zbekiston Respublikasi Adliya Vazirligida ro’yxatga olingan №496, 8 oktyabr 1999 y);
buxgalteriya hisobotlari (buxgalteriya balansi (1-shakl) va pul oqimlari to’g’risidagi hisobot (4-shakl);
soliq hisoboti (so’mdagi va chet el valyutasidagi schyotlar to’g’risida ma’lumot);
bankdagi schyotlar bo’yicha muomalalarni hisobga oladigan sintetik hisob registrlari;
bankdagi schyotlarga doir muomalalarni rasmiylashtiradigan dastlabki hujjatlar;
bankdagi schyotlarga doir muomalalarni aks ettirish uchun qo’llaniladigan ishchi schyotlar rejasi;
buxgalteriya hisobining korxonada qo’llaniladigan shakli va bankdagi schyotlardagi mablag’larni hisobga olishga doir registrlar ro’yxati;
bankdagi schyotlardagi pul mablag’larini hisobga olish bilan bog’liq bo’lgan dastlabki hujjatlarning hujjatlar aylanish grafigi;
bankdagi schyotlarga doir muomalalar bo’yicha pul va hisob-kitob hujjatlarini imzolash huquqiga ega shaxslar ro’yxati.
Auditor (auditorlar guruhi) kassadagi pul mablag’lari va kassa muomalalarini hujjatlar asosida tekshirishni boshlashdan oldin, odatda, kassadagi naqd pullar, qimmatli qog’ozlar va qat’iy hisobot blanklarini tekshiruvdan o’tkazadi. Bunda pul mablag’larini hisobga olishga doir respublikamizdagi qonunlar va me’yoriy hujjatlarga asoslanish zarur.