IV. AUDITORLIK TAShKILOTLARI
FAOLIYaTINI TAShKIL ETISh
10. Auditorlik tashkilotlari ochiq aktsiyadorlik jamiyati shaklidan tashqari barcha tashkiliy-huquqiy shaklda tashkil etilishi va faoliyat yuritishi mumkin, bunda ustav kapitalining 51 foizdan kam bo’lmagan miqdori mazkur auditorlik tashkilotining bir yoki bir nechta shtatdagi auditorlariga tegishli bo’lishi shart. Auditor (auditorlar) faqat bitta auditorlik tashkilotining ta’sischisi bo’lishi mumkin.
11. Auditorlik tashkilotini auditor malaka sertifikatiga ega bo’lgan rahbar boshqaradi.
Attestatsiyadan o’tmagan rahbar ikki yil mobaynida auditorlik tashkiloti rahbari sifatida faoliyat yuritish huquqiga ega emas.
12. Quyidagilar:
faqat tashabbuskorlik asosida auditorlik tekshiruvini amalga oshiruvchi auditorlik tashkilotlari eng kam oylik ish haqining 1500 barobari miqdoridan kam bo’lmagan ustav kapitaliga va shtatida kamida 2 nafar auditorga ega bo’lishi;
ustav kapitali 500 mln. so’mdan ko’proqni tashkil etgan ochiq aktsiyadorlik jamiyatlari, banklar va sug’urta tashkilotlaridan tashqari xo’jalik yurituvchi sub’ektlarda tashabbuskorlik asosida va majburiy auditorlik tekshiruvlarini amalga oshiruvchi auditorlik tashkilotlari eng kam oylik ish haqining 3000 barobari miqdoridan kam bo’lmagan ustav kapitaliga va shtatida kamida 4 nafar auditorga, ularning bittasi xalqaro buxgalter sertifikatiga ega bo’lishi;
barcha xo’jalik yurituvchi sub’ektlarda auditorlik tekshiruvini o’tkazuvchi auditorlik tashkilotlari eng kam oylik ish haqining 5000 barobari miqdoridan kam bo’lmagan ustav kapitaliga va shtatida kamida 6 nafar auditorga, ularning ikkitasi xalqaro buxgalter sertifikatiga ega bo’lishi shart.
Mazkur bandning auditorlik tashkilotiga uning shtatidagi auditorlarning eng kam soniga nisbatan qo’yilgan talabi mazkur auditorlik tashkiloti asosiy ish joyi hisoblangan auditorlik shtati auditorlarning belgilangan eng kam soni bilan to’liq to’ldirilishini nazarda tutadi. (O’zR Prezidentining 02.07.2008 y. PQ-907-son Qarori taxriridagi xat boshi)
Auditorlik tashkiloti ustav kapitalining kamida ellik foizi muassislar (ishtirokchilar)ning pul mablag’laridan, qolgan qismi esa auditorlik tashkiloti faoliyatini amalga oshirishda bevosita foydalaniladigan moddiy boyliklardan shakllantiriladi. (O’zR Prezidentining 02.07.2008 y. PQ-907-son Qarori taxriridagi xat boshi)
13. Xususiy korxona shaklidagi auditorlik tashkilotlari O’zbekiston Respublikasining "Xususiy korxonalar to’g’risida", "Auditorlik faoliyati to’g’risida"gi qonunlari hamda mazkur Nizom talablariga muvofiq tashkil etiladi.
14. Mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi auditorlik tashkilotlari O’zbekiston Respublikasining "Mas’uliyati cheklangan va qo’shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to’g’risida", "Auditorlik faoliyati to’g’risida"gi qonunlari hamda mazkur Nizom talablariga muvofiq tashkil etiladi.
15. Yopiq aktsiyadorlik jamiyati shaklidagi auditorlik tashkilotlari O’zbekiston Respublikasining "Aktsiyadorlik jamiyatlari va aktsiyadorlar huquqlarini himoya qilish to’g’risida", "Auditorlik faoliyati to’g’risida"gi qonunlari hamda mazkur Nizom talablariga muvofiq tashkil etiladi.
16. Auditorlik tashkilotlari O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro’yxatidan o’tkazilishi lozim.
17. Auditorlik tashkilotlari auditorlik xizmatini ko’rsatish to’g’risida tuzilgan shartnoma asosida o’z fuqarolik mas’uliyatini sug’urta qilish polisiga ega bo’lgan taqdirda auditorlik faoliyatini amalga oshiradi.
18. Auditorlik tashkilotlari bitta xo’jalik yurituvchi sub’ektning auditorlik tekshiruvini uch yildan ortiq ketma-ket o’tkazish huquqiga ega emas.
19. Auditorlik tashkilotlari auditorlik tekshiruvini o’tkazish uchun shtatdagi auditorlar yoki auditorlik tashkiloti bilan fuqarolik-huquqiy xarakterdagi shartnoma tuzgan auditorlarni jalb etadi.
Auditor sifatsiz auditorlik tekshiruvi o’tkazishi natijasida keltirgan zarari, tijorat sirlarini oshkor etganligi va auditorlik tashkilotiga zarar keltirgan boshqa xatti-harakatlari uchun auditorlik tashkiloti oldida qonun hujjatlariga muvofiq ravishda javobgar bo’ladi.
Qoidabuzarlikka yo’l qo’yilgani uchun malaka sertifikati bekor qilingan yoki amal qilishi to’xtatilgan auditorlar bekor qilingan yoki to’xtatilgan vaqtdan boshlab uch yil davomida auditorning malaka sertifikatini takror olish uchun malaka imtihonlari topshirishga qo’yilmaydi.
20. Qoidabuzarlikka yo’l qo’yilgani uchun auditorlik tashkiloti litsenziyasining amal qilishini to’xtatish hollarida mazkur auditorlik tashkiloti rahbarining malaka sertifikatining amal qilishi ham litsenziyaning amal qilishini to’xtatish to’g’risidagi qaror qabul qilingan sanadan boshlab to’xtatiladi. Auditorlik tashkiloti litsenziyasining amal qilishini to’xtatishga olib kelgan qoidabuzarliklarga yo’l qo’ygan o’sha auditorning malaka sertifikatining amal qilishi ham to’xtatiladi.
Dostları ilə paylaş: |