Ko’zningpirpirashi ham ximoya refleksi bo’lib, ko’zning shox pardasi bilan konyunktivasi ta’sirlanganda kelib chiqadi, bu pardalar uchli nervning afferent tolalaridan innervatsiyalanadi. Ulardan keluvchi impulslar uzunchoq miyada yuz nervining harakatlantiruvchi yadrosiga o’tadi (yuz nervining tolalari ko’zning doiraviy muskulini innervatsiyalaydi); nitijada ko’z qovoqlari yumiladi.
Yuqorida sanab o’tilgan barcha reflektor aktlardan tashqari, uzunchoq miya tevarak-atrofdagi olamda yo’l topish (orientirovka)ga va muskullar tonusini boshqarishga imkon beradigan reflektor mexanizmlarda qatnashadi. Tegishli reflekslarni yuzaga chiqaradigan afferent impulslari V-XII serebral nervlar (jumladan, vestibulyar nervlar) orqali, shuningdek, yuz, bo’yin, qo’l-oyoq va tana muskullarining retseptorlaridan impuls o’tkazuvchi spinal nervlar (orqa miya nervlari) orqali keladi.
Shu tariqa uzunchoq miyasi bilan Varoliy ko’prigi butun qolgan bulbar hayvon tashqi ta’sirlarga javoban spinal hayvondan murakkabroq reaktsiyalarni yuzaga chiqara oladi. Bu hayvonlarda barcha asosiy hayotiy funktsiyalar mukammalroq markaz bilan birlashgan va ko’proq koordinatsiyalangan.
O’rta miyaning tuzilishi va funktsiyasi. O’rta miyada to’rt tepalik yadrolari (ular Silviy suv yo’lining ustida qopqoq-testum sohasida joylashadi), qizil yadro (nucleus ruber), ko’zni harakatlantiruvchi va g’altak nervlarning yadrolari (ular Silviy suv yo’lining ostida, o’rta miyaning markaziy qismida) va qora substantsiya-substantia nigra (o’rta miya asosida) bor. Talamusga, katta yarim sharlarga va miyachaga impuls olib boradigan barcha ko’tariluvchi yo’llar va uzunchoq miya bilan orqa miyaga impuls yetkazib beradigan tushuvchi yo’llar o’rta miya orqali o’tadi. Uzunchoq miyadagi kabi, o’rta miyada ham retikulyar formatsiya neyronlari bor.
O’rta miya yadrolarining funktsiyalari.O’rta miya yadrolari bir qancha muhim reflektor funktsiyalarni bajaradi.
To’rt tepalikning oldingi do’mboqlari birlamchi ko’ruv markazlari bo’lib, yorug’lik ta’siriga javoban ba’zi reflekslarning yuzaga chiqishida qatnashadi. Bu reflekslarga ko’rib chamalash (orientirovka) reflekslari kiradi. Bu reflekslar shundan iboratki, hatto yarim sharlardan mahrum bo’lgan, ammo o’rta miyasi butun qolgan hayvon yorug’lik ta’siriga javoban ko’z va tana harakatlari bilan reaktsiya ko’rsatadi. Ko’z muskullariga ko’zni harakatlantiruvchi va g’altaksimon nervlarning yirik hujayrali yadrolaridan impulslar kelib turishi tufayli ko’z refleks yo’li bilan harakatlanadi. To’rt tepalikning oldingi do’mboqlari qorachiq refleksining yuzaga chiqishida qatnashadi. O’rta miyaning birlamchi ko’ruv markazlari bilan aloqador reflekslarga ko’z akkomodatsiyasi va ko’ruv o’qlarining bir nuqtaga kelishi-konvergentsiya kiradi.
To’rt tepalikning orqa do’mboqlari birlamchi eshituv markazlari bo’lib, tovush kelayotgan tomonni chamalab bilish reflekslarining yuzaga chiqishida: hayvonlarning qulog’ini ding qilishida, boshi va gavdasini yangi tovush kelayotgan tomonga burishida qatnashadi.
O’rta miyasi butun qolgan hayvondagi chamalash refleksida harakat reaktsiyalari bilan bir qatorda bazi vegetativ reflekslar ham kuzatiladi; yurak faoliyatini ritmining o’zgarishi, arterial bosimning o’zgarishi va hokazolar shu jumladandir.
To’rt tepalik yadrolari «soqchillik» refleksining yuzaga chiqishida qatnashadi. Bu refleksning organizm uchun ahamiyati shuki u organizmni to’satdan yangi ta’sirotga reaktsiya ko’rsatishga tayorlaydi. Bu murakkab refleksning muhim komponenti shuki, muskul tonusi qayta taqsimlanadi-bu bukuvchi muskullar tonusi oshib, hayvonning qochib ketishiga yoki xujum qilishiga yordam beradi. To’rt tepalik sohasi zararlangan kishi bexos ta’sirotga javoban tez reaktsiya ko’rsata olmaydi.
Qora substantsiya (substantia nigra) ovqat yutish va chaynash reflekslari kabi murakkab aktlarning koordinatsiyalanishiga bevosita daxldor. Qora substantsiyaga elektr toki bilan ta’sir etilganda ovqat yutish harakatlari yuzaga chiqib, nafas olish tegishlicha o’zgaradi. Qora substantsiya plastik tonusni boshqarishda qatnashadi va qo’l barmoqlarining juda aniq bajariladigan mayda harakatlarini yuzaga chiqarishda va binobarin, tonusning nozik boshqarilishda ahamiyat kasb etadi, degan ko’rsatmalar ham bor.
Boshqa hayvonlarga nisbatan odamda qora substantsiya ko’proq rivojlanganligini, aftidan, shu bilan tushuntirsa bo’lar. O’rta miyaning shu qismi (qora substantsiya) zararlanganda muskullar tonusi oshib ketadi, ya’ni gipertonus ro’y beradi. Ammo, bu gipertonusni faqat qora substantsiyaning ahamiyati bilan izoxlab bo’lmaydi, chunki u shikastlangan taqdirda muskullar tonusining boshqarilishiga bevosita daxldor bo’lgan qizil yadro va retikulyar formatsiya bilan aloqasi uziladi.
O’rta miyasi butun turgan mezentsefal hayvon bulbar hayvondan farq qilib, muskullar tonusi normal taqsimlangan bo’ladi, bunday (mezentsefal) hayvon normal fazasini (vaziyatini) tiklay va saqlay oladi. Bu, asosan, o’rta miyadagi qizil yadro va retikulyar formatsiyaning funktsiyalaridan kelib chiqadi.