Nazorat savollari. 1. Fiziologiya so’zining lug’aviy ma’nosi?
2. Fanning predmeti, maqsadi va vazifasi?
3. Fiziologiya fani qaysi tarmoqlarga bo’linadi?
4. Fiziologiyaning boshqa fanlar bilan aloqasi?
5. Fiziologiya fanini o’rganish usullari?
6. Fiziologiya fanini qisqacha rivojlanish tarixi?
7. Organizmda funktsiyalarning boshqarilishi?
Tayanch iboralar: qo’zg’alish, qo’zg’aluvchanlik, tinchlik potentsiali, xarakat potentsiali, depolyarizatsiya, repolyarizatsiya, iz potentsiali, kuch vaqt egri chizig’i, bioelektrik xodisalar.
Barcha hujayralar ta’sirotlarga javoban fiziologik tinch holatdan qo’zg’alish holatiga o’ta oladi. Lekin «qo’zg’aluvchan to’qimalar» atamasi faqat nerv, mushak va bez to’qimalarga nisbatan maxsus qo’llaniladi, chunki bu to’qimalarda qo’zg’alish hujayra membranasi bo’ylab tarqaladigan elektr impulsining yuzaga chiqishi bilan birga davom etadi.
Qo’zg’aluvchanlik deb tirik hujayraning berilgan ta’sirotlarga qo’zg’alish bilan birga javob berilishi tushuniladi. Qo’zg’alish-berilgan ta’sirotlarga to’qimalarning xususiy (nerv to’qimasidan impulslarning o’tishi, mushakning qisqarishi, bezlarning shira ajratishi) va umumiy reaktsiyalar (harakat potentsialining generatsiyasi, metabolitik o’zgarishlar) bilan javob berishi orqali namoyon bo’ladi.
Tirik to’qimalarda yuzaga keladigan elektr hodisalari, «hayvon elektri» hakidagi ta’limot XVIII asrning ikkinchi yarmida vujudga keldi.
L.Galvani «Muskul harakatidagi elektr kuchlari tug’risidagi traktat» asarida (1791) bu ta’limot xaqida ma’lumot berdi. Galvani elektr mashinasi uchqunlarining fiziologik ta’siri, shuningdek, momaqaldiroq vaqtida chaqmoq chaqkanida atmosfera elektrining ta’sirini o’rganish bilan shug’ullanib, o’z tajribalarida baqaning umurtqa pog’onasi bilan birlashgan keyingi oyoq preparatidan foydalandi. Galvani ana shu preparatni ayvonning temir panjarasiga mis ilmoq bilan osib, baqa oyog’i shamolda tebrangan vaqtda uning muskullari panjaraga har gal tekkanda qisqarishiga e’tibor berdi. Galvani shunga asoslanib, baqaning orqa miyasida vujudga kelgan metall o’tkazgichlar (ilmoq va ayvon panjarasi) orqali oyoq muskullariga o’tadigan «hayvon elektri» oyoqning tortib olinishiga sabab bo’lgan, deb hulosa chiqardi.
Galvani tajribalarini A.Volta 1792 yilda takrorladi va Galvani tasvirlagan hodisa «hayvon elektri» emasligini, Galvani tajribasi baqaning orqa miyasida emas, balki turli metallar-mis va ruhdan hosil bo’lgan zanjir tok manbai ekanligini ko’rsatib berdi.
Voltaning e’tirozlariga javoban, Galvani endi metallardan foydalanmay tajriba qildi. Baqaning orqa oyoq terisi shilib olinsa, so’ngra quymich nervining ildizlari orqa miyadan chiqqan joyga yaqin shu nerv qirqilsa va son bo’ylab boldirgacha ajratilsa, boldirning ochilgan muskullariga o’sha nerv tashlansa, bu muskullar qisqarishini kursatib berdi (Galvanining ikkinchi tajribasi). E.Dyubua-Reymon bu tajribani «nerv-muskul fiziologiyasining chin asosiy tajribasi» deb atadi.
XIX asrning 20-yillarida galvanometr va boshqa elektr o’lchash asboblari ixtiro qilingandan so’ng fiziologlar tirik to’qimalarda yuzaga keladigan elektr toklarni maxsus fizik asboblar yordamida aniq o’lchash imkoniga ega bo’ldilar.
Muskulning tashqi yuzasi ichki qismiga nisbatan musbat zaryadli ekanligini va potentsiallarning tinchlik holatiga xos bo’lgan bu farqi qo’zg’alish paytida keskin kamayishini K.Matteuchi (1838) multiplikator yordamida birinchi marta ko’rsatib berdi. Matteuchi «ikkilamchi qisqarish» degan tajribani o’tkazdi; qisqarayotgan muskulga ikkinchi nerv-muskul preparatining nervi tekizilsa, bu preparatning muskuli ham qisqaradi. Matteuchi tajribasi shu bilan izoxlanadiki, qo’zg’alish paytida muskulda ro’y beruvchi harakat potentsiallari birinchi muskulga tegib turgan nervni qo’zg’atadigan darajada kuchli bo’ladi, bu esa ikkinchi muskulning ham qisqarishiga sabab bo’ladi.
Tirik to’qimalardagi elektrik hodisalari xaqidagi ta’limotni XIX asrning 40-50 yillarida E.Dyubua-Reymon, L.German, Yu.Bernshteyn va boshqalar ham mukammal o’rgandilar va qo’zg’aluvchan to’qimalarda yuzaga chiqadigan elektrik hodisalar hujayra membranasining elektrik xossalariga batamom bog’liq ekanligini to’la-to’kis isbotladilar.