Orqa miya o’tkazuvchi yo’llarining funktsiyalari. Orqa miya markaziy nerv sistemasining yuqoriroqdagi bo’limlari (miya o’zani, miyacha va katta yarim sharlar) ga ko’tariluvchi va tushuvchi o’tkazuvchi yo’llar orqali bog’lanadi. Retseptorlar oladigan axborot ko’tariluvchi yo’llar orqali o’tadi.
Impulslar muskul pay va boylamlarning proprioretseptorlaridan markaziy narv sistemasining yuqoriroqdagi bo’limlariga qisman orqa miyaning orqa ustunlaridagi Goll va Burdax tutamlarining tolalari orqali, qisman yon ustunlaridagi Govers va Leksik yo’llari (orqa miya bilan miyacha o’rtasidagi yo’llar) ning tolalari orqali o’tadi. Goll va Burdax tutamlari retseptor neyronlarning o’siqlaridan hosil bo’ladi, bu neyronlarning tanalari orqa miya gangliylarida yotadi. Ana shu o’siqlar orqa miyaga kirgach yuqoriga ko’tariladi, ayni vaqtda orqa miyaning birmuncha yuqorida va pastda yotgan segmentlaridagi kul rang moddaga katta shoxchalar beradi. Shu shoxchalar orqa miya reflektor yoylarining tarkibiga kiruvchi oraliq va effektor neyronlarda sinapslar hosil qiladi. Goll va Burdax tutamlari uzunchoq miya yadrolarida tugaydi, afferent yo’lning ikkinchi neyroni shu yadrolardan boshlanadi va kesishgandan keyin talamusga boradi; talamusda uchinchi neyron bor, uning o’siqlari afferent impulslarni katta yarim sharlar po’stlog’iga o’tkazadi. Goll va Burdax tutamlarining tarkibiga kiruvchi tolalar uzilmasdan uzunchoq miyaga boradi. Orqa ildizlarning shulardan boshqa hamma afferent nerv tolalari orqa miyaning kulrang moddasiga kirib, shu yerda uziladi, ya’ni turli nerv hujayralarida sinapslar hosil qiladi. Orqa miyaning orqa shohidagi ustun yoki klark hujayralaridanva qisman orqa miyaning komissural yoki bitishma hujayralaridan Govers va Fleksig tutamlarining nerv tolalari boshlanadi.
Orqa miya bilan miyacha o’rtasidagi yo’llar (Govers va Fleksig yo’llari) dan afferent impulslar o’tmay qolishi natijasida murakkab harakatlar buziladi, miyacha zararlangandagi kabi, bunda ham muskul tonusi buziladi va ataksiya hodisalari kuzatiladi.
Orqa miyaning tushuvchi yo’llari orqali unga yuqoriroqdagi effektor markazlardan impulslar kelib turadi. Orqa miya bosh miya markazlaridan tushuvchi yo’llar orqali impulslar olib va ularni ishlovchi a’zolarga o’tkazib turadi, shu tariqa o’tkazish-ijro etish vazifasini bajaradi.