MАSHGʼULOT № 9. ORQA MIYANING REFLEKTOR VA O‘TKAZUVCHI YO‘L FAOLIYATI, TEKSHIRISH USULLARI. UZUNCHOQ MIYA VA O‘RTA MIYA. MАVZUNI OʼRGАNISH DАVOMIYLIGI OʼQITISHNING USULI VА TEXNIKАSI
- logik masalalar
- situatsion (vaziyat) masalalar
- nazorat savollari
- «Virtual fiziologiya» MM dasturi
- «Аmaliyot fiziologiya»MM dasturi
- «Galereya boʼyicha aylanish» ish oʼyinlari
- grafik organayzerlar
MАSHGʼULOT MАZMUNI
NАZАRIY QISM
Markaziy nerv sistemasi yagona va puxta mexanizm bo’lib ishlaydi. Shu tufayli odatdagi fiziologik sharoitda turli ta’sirotlarga javoban organizm ko’rsatadigan reaktsiyalar xulq-atvor (yurish-turish)ning integratsiyalangan yaxlit butun aktlariga o’xshaydi. Shunday har bir aktda uch komponent: sensor (sezuvchi), motor (harakatlantiruvchi) va vegetativ komponentlarni ajratish mumkin. Retseptorlardan markaziy nerv sistemasiga impulslar kelishi sensor komponentni ta’minlaydi, motor komponentni skelet muskullari yuzaga chiqaradi va motoneyronlarning impulslari boshqaradi, vegetativ komponent ichki a’zolar faoliyatini, tomirlar diametri, moddalar almashinuvi va gavda to’qimalari funktsiyalari xolatini boshqarilishdan iborat. Organizmning sensor va motor funktsiyalari ko’pincha birlashtirilib, somatik funktsiyalar deb ataladi.
Orqa miyaning tuzilishi va funktsiyasi. Orqa miya. Orqa miya ikkita asosiy vazifani: reflektor vazifa va o’tkazuvchi yo’l vazifasini bajaradi. Orqa miyaga teri yuzasidagi eksteroretseptorlardan, tana bilan qo’l-oyoqning proprioretseptorlaridan va vistseroretseptorlaridan impulslar kelib turadi (adashgan nervlar orqali markaziy nerv sistemasiga keluvchi vistseroretseptiv impulslar bundan mustasno). Orqa miya barcha skelet muskullarini innervatsiyalaydi, bosh miya nervlaridan innervatsiyalanadigan bosh muskullarigina bundan mustasno. Orqa miya gavdadagi barcha murakkab harakat reaktsiyalarini yuzaga chiqarishda qatnashadi. Ulardan ko’plari orqa miyaning reflektor vazifani bajarish natijasi bo’lishi mumkin, boshqa reaktsiyalar esa markaziy nerv sistemasining yuqoriroqdagi bo’limlari yuzaga chiqaradigan reflekslar natijasida kelib chiqadi. Bu holda orqa miya faqat impulslarni o’tkazuvchi yo’l hisoblanadi.
Retseptorlardan orqa miyaga keluvchi axborot orqa miyaning orqa va yon qismlaridagi ko’pgina o’tkazuvchi yo’llar orqali miya o’zanining markazlariga o’tadi va miyacha hamda katta yarim sharlar po’stlog’iga yetib boradi. Markaziy nerv sistemasining yuqoriroqdagi bo’limlaridan orqa miyaga esa impulslar oldingi va yon ustunlarning o’tkazuvchi yo’llari orqali keladi: bu impulslar orqa miya oraliq va motor neyronlarini qo’zg’atadi yoki tormozlaydi, natijada skelet muskullari va ichki a’zolarning faoliyati o’zgaradi. Orqa miyaning o’tkazuvchi yo’l funktsiyasi muhim funktsiya bo’lib, periferik retseptorlardan bosh miyaga va undan effektor appartlarga impuls o’tkazishda katta ahamiyat kasb etadi.
Orqa miya ildizlarining funktsiyalari. Orqa miya ildizlaridan o’tuvchi nerv tolalari orqa miyani periferiya bilan bog’laydi. Afferent impulslari o’sha ildizlar orqali orqa miyaga kiradi va undan periferiyaga efferent impulslar ketadi. Orqa miyaning ikkala tomonidan 31 juftdan oldingi va orqa ildizlar bor.
Orqa miya ildizlarining vazifalari qirqib qo’yish hamda ta’sir etish usullari bilan aniqlangan va bioelektr potentsiallarini qayd qilish yo’li bilan tasdiqlangan. Orqa miyaning oldingi ildizlarida markazdan qochuvchi, efferent tolalar, orqa ildizlarida esa markazga intiluvchi, afferent tolalar bor. Bu orqa miya ildizlarida efferent tolalarining taqsimlanish qonuni yoki Majandi qonuni deb atalgan (tegishli mushohidani fiziolog Majandi birinchi marta tasvir etgan).
Baqa yoki boshqa har qanday hayvonning barcha oldingi ildizlari bir tomonlama qirqib qo’yilgach, gavdaning tegishli tomonidagi reflektor harakatlar yo’qoladi-yu, ammo sezuvchanligi saqlanadi. Orqadagi ildizlarni qirqib qo’yishdan keyin harakat qobiliyati yo’qolmaydi, ammo tegishli ildizlardan innervatsiyalanadigan gavda qismlarida sezuvchanlik yo’qoladi.
Skelet muskullarining motor nervlаridan tashqari, boshqa va efferent nerv tolalari: tomirlarni harakatlantiruvchi va sekretor tolalari, shuningdek silliq muskullarga boruvchi tolalar oldingi ildizlardan o’tishi keyinchalik ko’rsatib berildi. Ularning hammasi efferent tolalar bo’lgani uchun bu tolalarning mavjudligi Majandiy qonuniga zid kelmaydi.
Oldingi ildizlar tarkibiga kiradigan tolalar oldingi shoxlardagi motor hujayralarning, shuningdek orqa miyaning ko’krak segmenti bilan bel sigmentidagi yon shoxlarda joylashgan va vegetativ nerv sistemasiga kiradigan hujayralarning aksonlaridan iborat. Orqadagi ildizlarni hosil qiluvchi tolalar umurtqaaro spinal gangliylardagi bipolyar hujayralarning o’siqlaridir.
Orqa miya ildizlarida impulslarni turlicha tezlik bilan o’tkazuvchi har xil (yo’g’on ingichka) nerv tolalari bor.
Orqa ildizlar qirqib qo’yilgach, sezuvchanlik yo’qolishi bilan bir qatorda, harakat funktsiyasi ham buziladi. Orqa miyaning barcha orqa ildizlarini ikkala tomondan qirqib qo’yib (ular itning keyingi oyoqlarini innervatsiyalaydi), oldingi ildizlari beshikast qoldirilsa hayvon operatsiyadan keyingi dastlabki vaqtda shu oyoqlari bilan yura olmaydigan bo’lib qoladi. Bir necha vaqt o’tgach sezuvchanlikdan maxrum bo’lgan keyingi oyoqlar yana harakatga keladi-yu, bu harakat anormal: shart-shurt, keskin bo’ladi; keyingi oyoqlar haddan tashqari qattiq bukilib, yoziladi. Bunday harakatlar ataktikharakatlardeb ataladi. Ular odam orqa miyasining ko’tariluvchi yo’llar shikastlanadigan kasalliklarida ham uchraydi (orqa miya ataksiyasi).
Avvalo harakat apparatining retseptorlaridan, ya’ni proprioretseptorlardan, shuningdek terining eksteroretseptorlaridan miyaga afferent impulslar kelmay qolishi sababli harakatlar koordinatsiyasi buziladi. Harakatning har bir muayyan paytida harakat apparatining holati haqida axborot kelmay qolishi shunga sabab bo’ladiki miya harakatni kontrol (nazorat) qilish, harakat xarakterini baholash va biror harakatning barcha bosqichlarida unga tuzatishlar kiritish qobiliyatidan mahrum bo’ladi. Garchi efferent impulslar miyadan muskullarga borib, ularni qisqartira olsa ham, bu jarayon nazorat qilinmaydi va boshqarilmaydi, chunki qaytar bog’lanishyo’q, busiz esa harakatlarni boshqarish, aniq va tekis harakatlarni bajarish mumkin bo’lmaydi. Shuning uchun ham qo’l terisiga sovuq ta’sir etgan yoki retseptorlarni falaj qiladigan zahar – kokain teri ichiga kiritilgan sezuvchanlikning kamayishi yoki yo’qolishi, ya’ni anesteziyadan keyin qo’lning aniq harakatlarini talab etadigan biror harakatlari, masalan pianino chalish yoki xat yozish buziladi. Sezuvchanlikning yo’qolishi bundan tashqari, muskul tonusining susayishiga sabab bo’ladi.