Falsafaning oltin qoidalaridan biri - til va tafakkur birligidir. Tilning eng birlamchi
mahsuli so‘z bo‘lgani kabi, tafakkurning dastlabki shakli - tushunchadir. Tushunchalar bir yoki
bir necha so‘zlar bilan ifoda-lanadi; ammo har qanday so‘z ham tushuncha bo‘la olmaydi. So‘zlar
vositasida anglatilgan fikr gap deb atalishini biz boshlang‘ich sinflardanoq bil-ganmiz.
Inson tafakkuri voqelikni idrok etish mobaynida turli fikrlar, qarashlar, g‘oyalar va
ta’limotlar yaratadi. Binobarin, g‘oyalar ham inson tafakkurining mahsulidir. Lekin tafakkur
yaratgan har qanday fikr yoki qarash, mulohaza yoki nuqtai nazar g‘oya bo‘la olmaydi. Faqat eng
kuchli, ta’sirchan, zalvorli fikrlargina g‘oya bo‘la olishi mumkin.
G‘oyalarning oddiy fikrlardan farqi yana shundaki, bular garchi tafakkurda paydo
bo‘lsa-da, inson (va jamiyat) ruhiyatiga, hatto tub qatlamlariga ham singib boradi. G‘oya shunday
quvvatga egaki, u odamning ichki dunyosigacha kirib borib, uni harakatga keltiruvchi, maqsad
sari etaklovchi ruhiy-aqliy kuchga aylanadi.
Jahon tajribasiga nazar tashlasak, butun dunyo taraqqiyotiga ulkan ta’sir ko‘rsatgan
nazariya, ta’limot va mafkuralarni yaratish uchun insoniyat tarixining turli davrlarida ulkan aql-
zakovat, iste’dod va teran tafakkur egalari mislsiz zahmat chekkanini ko‘ramiz. Sokrat va Platon,
Konfutsiy va Najmiddin Kubro, Alisher Navoiy va Maxatma Gandi kabi buyuk mutafakkirlar
faoliyati buning yaqqol tasdig‘idir.
Har qanday g‘oyaning paydo bo‘lilishi, shakllanishi va rivojlanishi kishilik
jamiyatining mavjudlik shakllariga bog‘liqdir. G‘oya, birinchi navbatda, kishilik jamiyati tarixiy
rivojlanishining mahsulidir. Kishilik jamiyatidan tashqarida g‘oya mavjud emas. G‘oya moddiy
va ma’naviy borliqning kishilar ongidagi in’ikosi sifatida vujudga keladi, shakllanadi va
rivojlanadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda har bir g‘oyaning tabiatiga obyektivlik va
subyektivlik xosdir.
Bunda g‘oyaning obyektivlik xususiyati birinchidan, uning vujudga kelishiga,
shakllanishiga, rivojlanishiga turtki beradigan ob’yektiv reallikning, ya’ni tashqi olam - tabiat,
jamiyatning, ularga tegishli bo‘lgan narsa, hodisa, voqea, jarayonlarning mavjudligi; ikkinchidan,
bir g‘oya va mafkuralar tizimining ikkinchi bir g‘oya va mafkuralar tizimiga bog‘liq bo‘lmagan
holda faoliyat olib borishi; uchinchidan, g‘oyaning biron-bir shaxs tomonidan o‘zicha xayolan
o‘ylab topilmaganligi; to‘rtinchidan, uning real tarixiy shaxs faoliyati bilan bog‘liqligida
ko‘rinadi. Bu hayotda amal qilayotgan g‘oyalarning tashqi olam, tabiat va jamiyatda sodir bo‘lgan
jarayonlar asosida shakllangan ijtimoiy hodisa, ya’ni ontologik tabiatga ega bo‘lgan voqelik
ekanligini ko‘rsatadi. Bu esa o‘z navbatida g‘oyani ontologik jihatdan tushunish imkonini beradi.
Demak, g‘oya ontologik jihatdan mavjud ijtimoiy borlikni o‘zida aks ettiruvchi obyektiv
mazmunga ega bo‘lgan ma’naviy hayot shakllaridan biridir.
Shu sababli g‘oya gnoseologik nuktai nazaridan "g‘oya - inson ongining tarkibiy
qismi; tashqi olamning obrazli, in’ikosi va aksi; inson va hodisalarni anglash shakli; inson
ongining tashki olam va hayot hodisalariga nisbatan aks ta’sirining namoyon bo‘lish shakllaridan
biri", - degan ma’noni anglatadi. Demak, g‘oyaning gnoseologik tabiatini falsafiy jihatdan
anglash, uni ilmiy tushuncha sifatida ta’riflash, tavsiflash va tasniflash imkonini beradi hamda
g‘oyani siyqalashtirish maqsadga muvofiq emasligini ko‘rsatadi.
G‘oyaning ontologik va gnoseologik tabiatidan kelib chiqqan holda unga quyidagicha
falsafiy ta’rif berish mumkin:
Dostları ilə paylaş: